Menyu

Luqo xushxabari 9 Bob


1 Iso o`n ikki shogirdini yoniga chaqirib, ularga butun jinlar ustidan hokimlik qilish va kasallarni sog`aytirish qudratini berdi.

2 Xudoning Shohligini e`lon qilish va xastalarga shifo berishga ularni yuborib,

3 Iso dedi: “Yo`lga hech narsa olmanglar: hassa ham, to`rva ham, non ham, aqcha ham, bir juft ham ko`ylak ham olmanglar.

4 Qaysi uyga kirsangizlar, u yerdan jo`naguningizcha o`sha uyda qolinglar.

5 Agar biror shaharda sizni qabul qilmasalar, u yerdan chiqayotganingizda aholiga ogohlantirish tariqasida oyoqlaringizdagi changni qoqib ketinglar”.

6 Shogirdlar jo`nadilar. Qishloqdan-qishloqqa o`tib borib, hamma yoqda Xushxabarni targ`ib qilar, kasallarga shifo berar edilar.

7 Viloyat hokimi Hirod sodir bo`layotgan ajoyibotlarni eshitib, esankirab qoldi. Chunki ba`zilar: “Yahyo tirilib kelibdi”, - desalar,

8 boshqalar esa: “Ilyos payg`ambar paydo bo`libdi”, - derdilar. Yana boshqalar bo`lsa: “Qadimgi payg`ambarlardan biri tirilib kelibdi”, - deb yurishdi.

9 Hirod bo`lsa: “Men Yahyoni boshidan judo qilganman. Endi bunday ishlarni qilyapti, deb yurishgani kim ekan?” – dedi-da, Isoni ko`rgisi keldi.

10 Shu orada Isoning havoriylari safardan qaytib kelib, qilgan ishlarini Unga aytib berishdi. Iso havoriylarni Baytsayda nomli shahar yaqinidagi xilvat joyga O`zi bilan olib ketdi.

11 Ammo xaloyiq buni bilib, Uning orqasidan boraverdi. Iso ularni yaxshi qarshilab, Xudoning Shohligi to`g`risida suhbatlashdi, shifoga muhtojlarni davoladi.

12 Kun botib, kech kira boshladi. Isoning o`n ikki shogirdi Uning oldiga kelib: Xaloyiqqa ruxsat ber, atrofdagi ovul va qishloqlarga borib rizqini topsin, tunasin. Chunki bunda ovloq joydamiz, - dedilar.

13 Sizlar ularga ovqat beringlar! – dedi Iso. Beshta non va ikkita baliqdan boshqa biron narsamiz yo`q-ku. Borib shuncha kishiga ovqat sotib ololamizmi? – dedi shogirdlar.

14 O`sha yerda besh mingga yaqin erkak bor edi. Iso shogirdlariga: Xaloyiqni har qatorga elliktadan qilib o`tqazinglar, - dedi.

15 Shogirdlari xuddi shunday qilib, hammani o`tqazdilar.

16 Iso beshta non bilan ikkita baliqni oldi-yu, osmonga qarab shukrona duosini o`qidi. So`ng bularni mayda-mayda qilib, xalqqa tarqatish uchun shogirdlariga berdi.

17 Hammalari yeb to`ydi. Ortib qolgan burdalarni terib olishganda, o`n ikki savat chiqdi.

18 Bir vaqtda Iso yolg`iz O`zi ibodat qilar edi. Shogirdlari ham yaqin turar edilar. Iso ulardan: Xalq Meni kim deb hisoblaydi: - deya so`radi.

19 Ular javob berib: Yahyo payg`ambar deb hisoblaydi, boshqalar esa Ilyos payg`ambar deb hisoblaydi. Yana boshqalar bo`lsa: “Qadimgi payg`ambarlardan biri tirilib kelibdi”, deb o`ylab yurishibdi, - dedilar.

20 Iso ulardan: Sizlar-chi, Meni kim deb hisoblaysizlar? – deb so`radi. Bunga javoban Butrus: Sen Xudo yuborgan Masihsan! – dedi.

21 Iso bularni hech kimga aytmanglar, deb shogirdlariga qat`iy buyruq berdi.

22 “Inson O`g`li ko`p azob chekishi, oqsoqollar, oliy ruhoniylar va ulamolar tomonidan rad qilinib o`ldirilishi, uchinchi kuni esa qayta tirilishi kerak”, - dedi.

23 So`ng hammaga xitob qilib dedi: “Agar kim Menga ergashishni istasa, o`zidan kechsin va har kuni o`z xochini ko`tarib, ortimdan yursin.

24 Kim o`z jonini saqlab qolmoqchi bo`sa, uni yo`qotadi. Kim Men uchun jonini yo`qotsa, uni saqlab qoladi.

25 Agar inson butun dunyoni egallab olsa-yu, biroq o`ziga zarar yetkazsa yoki halokatga yo`liqsa, bundan qanday foyda ko`radi?

26 Kim Mendan va Mening so`zlarimdan uyalsa, Inson O`g`li ham O`zi, Otasi va muqaddas farishtalar salobati ila kelganida, undan uyaladi.

27 Sizlarga chinini aytayin: bu yerda turganlardan ba`zilari borki, Xudoning Shohligini ko`rmaguncha, o`lim ko`rmaydilar”.

28 Iso bu so`zlarni aytganidan keyin sakkiz kuncha o`tib, Butrus, Yuhanno va Yoqubni olib, ibodat qilish uchun toqqa chiqdi.

29 U ibodat qilayotganida, yuzining ko`rinishi o`zgarib, kiyimlari yashinday oq bir tusda yarqirab ketdi.

30-31 Shu onda nur yog`ilib turgan ikki zot – Muso va Ilyos payg`ambarlar paydo bo`lib, Iso bilan gapga tushdilar. Ular Isoning yaqinda Quddusga borib olamdan o`tishi to`g`risida suhbatlasha edilar.

32 Butrus va u bilan birga bo`lganlarni uyqu elitgan edi. Qo`qqisdan uyg`onishib, nurli Isoni va U bilan birga turgan ikki zotni ko`rdilar.

33 U zotlar endi Isodan ajralib ketaylik, degan paytda Butrus Isoga: Ustoz, bizga bu joy juda yoqyapti! Qani, uchta chayla quraylik – birisi Senga, birisi Musoga, birisi Ilyosga.., - dedi. Ammo u nima deyarini bilmas edi.

34 Butrus gapini tugatmasdanoq, bir bulut paydo bo`lib ularga soya soldi. Ular bulut ostida qolib, vahimaga tushdilar.

35 Bulut ichidan: Bu Mening aziz O`g`limdir; Unga quloq solinglar, - degan sado eshitildi.

36 Sado uzilgach, shogirdlar Isoning u yerda yolg`iz qolganini ko`rdilar. Ular ko`rganlarini yashirib, o`sha kunlarda hech kimga bildirmadilar.

37 Ertasi kuni ular tog`dan tushdi. Isoni ko`p xaloyiq qarshiladi.

38 Kimdir birdan xalq ichidan dod soldi: Ustoz! Sendan yalinib so`rayman, o`g`limga bir qaragin, u mening yagona bolam-ku.

39 Bir ruh bolani tutib turadi va u birdaniga baqirib yuboradi. Ruh uni og`zidan ko`pik chiqquncha yerga yiqitib sudraydi, uni obdan qiynab, zo`rg`a undan ayriladi.

40 Men Sening shogirdlaringga ruhni quvinglar, deb yolvordim, lekin ular eplolmadi, - dedi.

41 Iso bunga javoban: Ey vafosiz va buzuq nasl! Qachongacha sizlar bilan birga bo`laman? Qachongacha sizlarga chidab turaman? O`g`lingni bu yerga keltir! – dedi.

42 Bola yaqinlashmasdanoq, jin uni yerga ag`natib ura ketdi. Lekin Iso yomon ruhga bas qilishni buyurdi, bolani sog`aytirdi va uni otasiga topshirdi.

43 Hamma Isoning buyukligiga hayron qoldi. Isoning qilayotgan ishlaridan hamma taajjubda ekan, U O`z shogirdlariga:

44 “Sizlar bu so`zlarimni quloqlaringizga quyib olinglar! – dedi. – Inson O`g`li odamlar qo`liga tutib berilishi muqarrardir”.

45 Shogirdlar bo`lsa, bu so`zni tushunmadilar. Bu so`z ularning tushunchasidan yashirin bo`lib, ma`nosiga yetmadilar, Isodan so`rashga esa qo`rqardilar.

46 Shogirdlar orasida: qay birimiz kattamiz, degan tortishuv bo`ldi.

47 Ularning ko`nglidan fikrni uqib, Iso bir bolani olib O`zining yoniga turg`izdi-da,

48 ularga dedi: Kim bu bolani Mening nomimdan qabul qilsa, Meni qabul qilgan bo`ladi. Kim Meni qabul qilsa, Meni yuborganni qabul qilgan bo`ladi. Orangizda kim eng kichik ekan, mana u buyuk hisoblanadi.

49 Shunda Yuhanno so`z oldi: Ustoz! Sening nOming bilan jinlarni quvayotgan bir odamni ko`rdik. U biz bilan yurmagani sababli, unga buni man etdik.

50 Man qilmang – dedi Iso. – Kimki sizga qarshi emas, u siz tomonda.

51 Isoning olamdan o`tish kunlari yaqinlasharkan, U quddusga borishga jazm qildi.

52 O`zidan oldin xabarchilarni yubordi. Ular Iso kelishiga hozirlik ko`rish uchun Samariyaning bir qishlog`iga kirdilar.

53 Lekin U Quddusga ketayotgan sayyoh ko`rinishida bo`lgani uchun, samariyaliklar Isoni qabul qilmadilar.

54 Shogirdlari Yoqub ila Yuhanno buni ko`rib: Rabbiy, istasang biz Ilyos payg`ambar qilganidek, bularni gumdon qilish uchun osmondan olov tushsin deb aytaylik! – dedilar.

55 Iso esa ularga burildi-da, ta`na qilib: Sizlar qanday ruhda borayotganingizni bilmaysizlar, - dedi.

56 Inson O`g`li inson jonini halok qilish emas, xalos qilish uchun kelgan. So`ngra ular boshqa qishloq sari ketdilar.

57 Yo`lda ketar ekanlar, kimdir Isoga: Hazrat, qayerga borma, men Sening orqangdan yuraman, - dedi.

58 Iso unga: Tulkilarning inlari, ko`k qushlarining uyalari bor. Lekin Inson O`g`lining bosh suqadigan joyi yo`q, - dedi.

59 Boshqa birisiga Iso: Orqamdan yur! – dedi. Lekin u: Hazrat, oldin borib otamni ko`mib kelishga ijozat ber, - dedi.

60 Iso unga: O`liklarni qo`y, ularni o`zicha o`lik bo`lganlar ko`msin. Sen esa borib, Xudoning Shohligi haqida xabar tarqatgin, - dedi.

61 Yana boshqa biri: Hazrat, men Sening orqangdan yuraman. Faqat oldin borib uydagilar bilan xayrlashishimga ijozat ber, - dedi.

62 Lekin Iso unga dedi: Qo`llarini omochda tutib, orqasiga qaragan hech kim Xudoning Shohligi uchun layoqatli bo`lmas.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24