Menyu

Luqo xushxabari 17 Bob


1 Iso O`z shogirdlariga yana dedi: “Vasvasalar kelishi shaksizdir. Lekin kim orqali kelsa, o`sha odamning holiga voy!

2 Bu kichiklardan birontasini yo`ldan ozdirgandan ko`ra, uning bo`yniga tegirmon toshini osib, dengizga tashlanishi u uchun foydaliroq bo`lar edi.

3 O`zlaringizga ehtiyot bo`linglar! Agar birodaring gunoh qilsa, unga tanbeh ber. Agar tavba qilsa, uni kechir.

4 Agar senga qarshi bir kunning o`zida yetti marta gunoh qilsa-yu, yetti marta senga qaytib kelib: “Tavba qildim”, - desa, uni kechirib yubor”.

5 Havoriylar Rabbimiz Isoga: Imonimizga imon qo`sh, - dedilar.

6 Rabbimiz javob berdi: Agar zig`irday imoningiz bo`lib, shu tut daraxtiga: “Ildizing bilan qo`porilib chiq va dengizga ko`chib ildiz ot”, - desangiz, daraxt sizga bo`ysunadi.

7 “Oranigzdagi qay biringiz qo`sh haydovchi yoki podachi xizmatkoringiz daladan qaytgach, unga: “Tez kelib dasturxonga o`tir”, - deysiz?

8 Aksincha: “Kechki ovqatimni tayyorla, ishga bel bog`lab, ovqatlanib bo`lgunimcha, menga xizmat qil, undan keyin o`zing yeb-ichasan”, - demaysizmi?

9 Xo`jayin buyurgan ishlarni bajargan qul tashakkur olarmikin? Qaydam.

10 Sizlar ham shunga o`xshab, o`zingizga buyurilgan hamma ishni bajargandan so`ng: “Bizlar arzimaydigan qullarmiz, faqat zimmamizdagi ishni qildik”, - denglar”.

11 Iso Samariya bilan Jalila oralig`idan o`tib, Quddus tomon yo`l oldi.

12 U bir qishloqqa kirayotganida, o`nta moxovga duch keldi. Ular uzoqda turgancha

13 ovozlarini baland qilib: Ey Ustozimiz Iso, bizga rahm qil! – deyishdi.

14 Ularni ko`rgan Iso: Borib, o`zlaringni ruhoniylarga ko`rsatinglar, - dedi. Ular esa yo`lda ketayotib, moxovdan forig` bo`lishdi.

15 Ulardan biri o`zining shifo topganini payqagach, baland ovoz bilan Xudoni ulug`lab orqaga qaytdi.

16 Isoning oyoqlariga yiqilib Unga tashakkur bildirdi. Bu odam samariyalik edi.

17 Iso: Shifo topgan o`n kishi edi-ku? Qolgan to`qqizingiz qani?

18 Xudoni ulug`lash uchun shu begona kishidan boshqa hech kim qaytib kelmadimi? – dedi.

19 So`ng u odamga: O`rningdan turib boraqol, ishonching seni qutqardi, - dedi.

20 Farziylar Isoga: Xudoning Shohligi qachon keladi? – degan savolni berishdi. Iso ularga javob berdi: Xudoning Shohligi ko`zga ko`rinib kelmaydi.

21 “Qara, u bu yerda”, yoki “Ana u yerda”, - deb ham aytishmaydi. Mana, Xudoning Shohligi o`z ichingizdadir.

22 So`ng Iso shogirdlariga qayrilib, dedi: Shunday kunlar keladiki, Inson O`g`lining bittagina kunini ko`rishga havas qilasizlar, biroq ko`rolmaysizlar.

23 Sizlarga: “Mana, u bu yerda”, yoki “Mana, shu yerda”, deb aytishsa, bormanglar, ularning orqasidan quvmanglar.

24 Chunki chaqmoq chaqib, falakning bir uchidan boshqa uchigacha yarqiratib yuborganidek, Inson O`g`li ham O`z kunida xuddi shunday paydo bo`ladi.

25 Lekin undan avval U ko`p azob chekishi va bu nasl tomonidan rad qilinishi kerak.

26 Nuh payg`ambar davrida qanday bo`lgan bo`lsa, Inson O`g`li keladigan kunlarda ham shunday bo`ladi.

27 Nuh kemaga kirgan kuniga qadar edilar, ichdilar, uylandilar, turmushga chiqdilar. Va to`fon kelib, hammani halok qildi.

28 Lut kunlarida ham shunday bo`ldi: yeb-ichdilar, oldi-sotdi qildilar, ekin-tikin va binokorlik bilan mashg`ul bo`ldilar.

29 Lekin Lut Sado`m shahridan chiqqan kuniyoq osmondan olov va oltingugurt yog`ib, hammani halok qildi.

30 Inson O`g`li zohir bo`lgan kunda ham xuddi shunday bo`ladi.

31 U kunda tomning ustida bo`lgan kishi uyda qoldirgan anjomlarni olish uchun pastga tushmasin. Shuningdek, daladagi ham qaytib kelmasin.

32 Lutning xotinini eslab turinglar.

33 Kimki jonini saqlashga harakat qilsa, uni yo`qotadi. Kimki jonini fido qilsa, uni qutqaradi.

34 Sizga yana aytamanki, o`sha kecha bir to`shakda ikki kishi bo`ladi; biri olinadi, biri qoldiriladi.

35 Ikki ayol birga tegirmon tortayotgan bo`ladi; biri olinadi, biri qoldiriladi.

36 [Ikki kishi dalada bo`ladi; biri olinadi, biri qoldiriladi.]

37 Shogirdlar Isodan so`radi: Rabbiy, bu voqealar qayerda yuz beradi? Murda qayerda bo`lsa, kalxatlar ham o`sha yerda to`planadi, - dedi Iso.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24