Luqo xushxabari 22 Bob
1 Xamirturushsiz non yopiladigan Fisih bayrami yaqinlashayotgan edi.
2 Oliy ruhoniy bilan ulamolar xalqdan qo`rqib, Isoni oradan ko`tarish chorasini izlardilar.
3 Shunda o`n ikki havoriydan biri – Yahudo Ishqariyotning ichiga shayton kirib oldi.
4 Yahudo borib, oliy ruhoniylar va ma`bad mirshabboshilari bilan Isoni qanday qo`lga tushirish to`g`risida maslahatlashib oldi.
5 Ular sevinib, unga pul berishga ahd qildilar.
6 Yahudo bunga rozilik berdi va Isoni xalq ko`zidan yashirincha ularning qo`liga tutib berish uchun qulay payt izlaydigan bo`ldi.
7 Xamirturushsiz non eyiladigan va qurbonlik qo`zisi so`yiladigan Fisih bayramining qutlug` kuni keldi.
8 Iso Butrus bilan Yuhannoni yuborib: Boringlar, Fisih bayramini taOmini eyishimiz uchun tayyorgarlik ko`ringlar, - dedi.
9 Ular Isodan so`radi: Qaerda tayyorlashimizni buyurasan?
10 Iso ularga dedi: Xo`sh, shaharga kirishingizda ko`zada suv ko`tarib ketayotgan bir odam uchraydi. Ortidan u kiradigan uyga ergashib kiring
11 va uy egasiga shunday denglar: “”Ustoz sendan: shogirdlarim bilan Fisih bayram taOmini eydigan xona qayerda, deb so`rayotir”.
12 Shunda u sizga to`shalgan katta boloxonani ko`rsatadi. O`sha yerda hozirlik ko`ringlar.
13 Shogirdlar borib, xuddi Isoning aytganini topdilar va Fisih taOmini tayyorlab qo`ydilar.
14 Ziyofat vaqti yetgach, Iso o`n ikkala havoriy bilan birga dasturxon atrofida joy oldi
15 va ularga dedi: Men azob chekmasimdan avval bu Fisih taOmini sizlar bilan birga eyishni juda ham orzu qilgandim.
16 Sizlarga aytib qo`yay: bu taom Xudo Shohligida to`la ma`nosini topmaguncha, Men uni boshqa yemayman.
17 Keyin Iso kosani olib, shukrona duosini aytib dedi: Buni olinglar, o`zaro bo`lishinglar.
18 Sizlarga aytib qo`yay: Xudoning Shohligi amalga oshmaguncha, Men uzum ichkiligini boshqa ichmayman.
19 So`ngra nonni oldi, shukrona duosini aytib sindirdi va shogirdlariga berib: Bu sizlar uchun fido bo`layotgan Mening tanamdir. Meni eslab turish uchun shunday qilinglar, - dedi.
20 Ovqatlanib bo`lishgach, Iso yana bir bor kosani olib, shunday dedi: Bu kosa Xudo odamzod ila tuzgan Yangi Ahdni bildiradi. Bu ahd Mening sizlar uchun to`kayotgan qonim evaziga kuchga kiradi.
21 Biroq Menga hiyonat qiluvchining qo`li ham Men bilan bir dasturxonga cho`zilmoqda.
22 Ha, Inson O`g`li taqdirida bo`lgan yo`ldan ketib boradir. Ammo Unga hiyonat qiluvchi kishining holiga voy!
23 Kim ekan ichimizda bu ishni qiladigan? – deya havoriylar o`zaro surishtira boshladilar.
24 Havoriylar orasida, bizdan kim eng buyuk deb hisoblanmog`i kerak, degan masala haqida tortishuv ham yuz berdi.
25 Iso ularga dedi: “El-yurt podshohlari o`z xalqlari ustidan hukmdorlik qiladilar. Elni boshqaruvchilar olihimmat deb olqishlanadilar.
26 Sizlar esa bunday bo`lmanglar. Aksincha, ichingizda kim katta bo`lsa, eng kichikday bo`lsin. Kim rahbar bo`lsa, xizmatkorday bo`lsin.
27 Qay biri ulug`dir – dasturxonga o`tirganmi, yoki xizmat qilib turganmi? Dasturxonga o`tirgan emasmi? Men esa orangizda bamisoli xizmatkordirman.
28 Sinov chog`larida Men bilan birga dosh berganlar sizlar bo`ldingiz.
29 Shu sababdan, Otam Menga vasiyat qilgani kabi, Men ham sizga Shohlikni vasiyat qilaman.
30 Siz Mening Shohligim dasturxonida yeb-ichasizlar, taxtlarga o`tirib, Isroilning o`n ikki qabilasi ustidan hukmronlik qilasizlar”.
31 Rabbimiz Iso yana dedi: Simun, Simun! Mana, shayton sizlarni bug`doy kabi g`alvirdan o`tkazishga izn so`radi.
32 Biroq Men, imondan toymagil, deya sen uchun ibodat qildim. Sen bir kun qaytib kelganingda, birodarlaring imonini mustahkamla.
33 Simun Isoga javoban: Rabbiy! Men Sen bilan zindonga ham, o`limga ham borishga tayyorman! – dedi.
34 Iso dedi: Senga shuni aytayin, Butrus, bugun xo`roz qichqirmasdan avvaloq sen Meni tanishdan uch marta tonasan.
35 Iso shogirdlariga dedi: Men sizlarni hamyonsiz, to`rvasiz, choriqsiz yuborganimda, biron narsada kamchiligingiz bormidi? Hech narsada! – javob berdi ular.
36 Iso ularga shunday dedi: Biroq endi kimning hamyoni bo`lsa, o`zi bilan olsin. Kimning to`rvasi bo`lsa, yonida ko`tarib yursin. Bo`masa, kiyimini sotib qilichga almashtirsin.
37 Sizlarga aytib qo`yay: Tavrotdagi “U jinoyatchilar qatorida turdi”, - degan oyat Menda amalga oshmog`i lozim. Chindan ham, Men to`g`rimda yozilgan barcha oyatlar bajo bo`lmoqda.
38 Shogirdlar: Rabbiy, ana bu yerda ikkita qilich bor! – deyishdi. Bas! – dedi Iso.
39 Iso u yerdan jo`nab, odati bo`yicha Zaytun tog`iga chiqib ketdi. Shogirdlari ham Uning orqasidan ketdilar.
40 Bu yerga kelganda Iso ularga: Vasvasaga tushmaslik uchun ibodat qilib turinglar, - dedi.
41 O`zi ulardan bir tosh otar masofacha nari bordi-da, tiz cho`kib ibodat qila boshladi.
42 Ey Ota, koshki bu zaqqum kosani Mendan o`tkazib yuborsang! Lekin Men aytgandek emas, Sen aytgandek bo`lsin.
43 Shu orada osmondan bir farishta Isoga zohir bo`lib, Uni quvvatlab turdi.
44 U jon ilinjida yanada hafsala bilan ibodat qildi. Undan chiqqan ter esa yerga tomayotgan qon tomchilariga o`shxshar edi.
45 Ibodatdan turib Iso shogirdlari yoniga keldi. Ularni qayg`udan uxlab yotgan holda ko`rdi.
46 Ularga: Nega uxlab yotibsizlar? Qani turinglar, vasvasaga tushmaslik uchun ibodat qila turinglar, - dedi.
47 Iso hali bularni gapirib bo`lmasidan, bir olomon ko`zga ko`rindi. O`n ikki havoriydan Yahudo ismlisi oldinda kelayotib, Isoga yaqinlashdi-da Uni o`pishga chog`landi. [Chunki u: “Men kimni o`psam, U O`sha kishidir”, deb eshlariga aytib qo`ygan edi.]
48 Iso unga: Yahudo, sen Inson O`g`liga o`pish bilan hiyonat qilyapsanmi? – dedi.
49 Isoning yonidagilar voqea qayoqqa yo`nalayotganini payqab: Rabbiy, qilichni ishga solaylikmi? – deyishdi.
50 Ulardan biri esa oliy ruhoniyning qarolini bir urib, o`ng qulog`ini uzib tushirdi,
51 shunda Iso: Qo`yinglar, bas! – dedi-da, qarolning qulog`iga qo`l tegizib, uni asl holiga qaytardi.
52 So`ng O`ziga ro`para bo`lgan oliy ruhoniylar, ma`bad mirshabboshilari va oqsoqollar tomon qayrilib, dedi: Sizlar xuddi qaroqchining payiga tushgandek qilichu tayoq bilan Meni olgani kelibsizlar!
53 Lekin har kuni sizlar bilan birga ma`badda bo`lganimda, Menga qo`l tegizmadinglar. Biroq endi zamon sizniki, endi zulmat hukmron.
54 Isoni ushlab, bosh oliy ruhoniyning uyiga olib bordilar. Butrus esa uzoqdan ularga ergashib keldi.
55 Hovlining o`rtasida olov yoqib birga o`tirishganida, Butrus ham u kishilarning orasiga o`tirdi.
56 Bir oqsoch Butrusning olov yonida o`tirganini ko`rib, unga tikilib qaradi-da: Bu odam ham U bilan birga bo`lgan! – dedi.
57 Lekin Butrus u ayolga: Ey singlim, men Uni tanimayman! – deb inkor etdi.
58 Bir ozdan keyin boshqa bir odam Butrusni ko`rib: Sen ham ulardan birisan-ku! – dedi. Lekin Butrus unga ham: Ey birodar, men ulardan emasman! – dedi.
59 Biron soat o`tgandan so`ng yana kimdir: Haqiqatan bu odam ham U bilan birga bo`lgan, asli u ham jalilalik, - dedi komil ishonch bilan.
60 Lekin Butrus: Birodar, o`zi nima deyapsan? – dedi unga ham. Shu zahoti, u gapini tugatmasdanoq xo`roz qichqirdi.
61 Rabbimiz Iso Butrusga qayrilib, unga ko`zini tikdi. Shunda Butrus Rabbimizning unga: “Bugun xo`roz qichqirmasdan, sen Mendan uch marta tonasan”, - degan so`zini esladi
62 va tashqariga chiqib, achchiq-achchiq yig`ladi.
63 Isoni ushlab turgan odamlar esa Uni haqorat qilib ura boshladilar.
64 Uning ko`zlarini bog`lab, yuziga shapaloqlar tortib: Qani karomatingni ko`rsat-chi, Seni kim uryapti ekan? – deb so`rashdi Undan.
65 Yana ancha kufr so`zlar bilan Uni tahqirladilar.
66 Tong otgach, xalq oqsoqollari va oliy ruhoniylar bilan ulamolar to`planib, Isoni o`zlarining Oliy Kengashi o`tkaziluvchi mashvaratxonalariga keltirdilar.
67 Sen Masihmisan? Bizlarga ochig`ini ayt! – deyishdi Uni so`roq qilib. Iso ularga shundoq dedi: Sizlarga aytsam, ishonmaysizlar.
68 Sizlarga savol bersam, javob bermaysiz, Meni ozod ham qilmaysizlar.
69 Biroq bundan buyon Inson O`g`li Qodir Tangrining o`ng tomonida o`ltirajak.
70 Shunda hamma birdaniga: Demak, Sen Xudoning O`g`limisan? – deb so`rashdi. O`sha Men ekanimni o`zingiz aytdingizlar, - dedi ularga Iso.
71 Shunda ular: Bizga yana qanday guvohlik kerak? O`z og`zidan o`zimiz eshitdik, axir! – deyishdi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24