Menyu

Luqo xushxabari 24 Bob


1 Yakshanba kuni erta tongda ayollar tayyorlab qo`ygan atirlarini olib qabrga keldilar. [Ular bilan birga boshqa bir necha ayollar ham bor edi.]

2 Ular qabr og`zidagi toshni ag`darilgan holda ko`rdilar.

3 Ichkariga kirib, Rabbimiz Iso jasadini topmadilar.

4 Ular bundan gangib turganda, birdan oldilarida yaltiroq kiyim kiygan ikki zot paydo bo`ldi.

5 Ayollar vahimadan boshlarini yerga egib turishdi. U zotlar ularga: Nega siz tirikni o`liklar orasidan izlayapsizlar? – deyishdi.

6 U bu yerda yo`q, U qaytadan tirilib ketdi. Hali Jalilada ekanidayoq aytganlarini eslangiz.

7 U sizga: “Inson O`g`li gunohkor odamlar qo`liga tutib berilajak, xochga mixlanajak, uchinchi kuni esa qaytadan tirilajak”, - degan edi-ku.

8 Ayollar Isoning bu so`zlarini esladilar.

9 Qabrdan qaytib borib, bu haqda o`n bir havoriyga va bo`lak barchaga ma`lum qildilar.

10 Havoriylarga bu xabarni yetkazganlar – magdalalik Maryam, Yo`anna, Yoqubning onasi Maryam va ular bilan birga bo`lgan boshqa ayollar bor edi.

11 Biroq bu so`zlar havoriylarga quruq gap tuyulib, ayollarga ishonmadilar.

12 Butrus esa o`rnidan turib, qabr tomon yugurdi. Ichkariga engashib qarab, u yerda faqat kafanning o`zinigina ko`rdi. Yuz bergan voqeadan hayratga tushib, ortiga qaytdi.

13 Xuddi shu kuni shogirdlaridan ikkisi Quddusdan bir tosh uzoqlikdagi Emmaus degan qishloqqa borishar edi.

14 Ro`y bergan bu hodisotlardan o`zaro gaplashib ketdilar.

15 O`zaro so`zlashib va bahslashib borar ekan, Isoning o`zi ularga yaqinlashib, hamrohlik qildi.

16 Lekin ularning ko`zlari Uni tanimoqqa ojiz edi.

17 Iso ulardan: Sizlar o`zaro nimalar haqida tortishib boryapsiz? Nega yuzingiz g`amgin? – deb so`radi.

18 Shogirdlardan Kleopa degani Unga javob berdi: Nahotki Quddusga kelganlar orasida shu kunlarda bu yerda sodir bo`lgan hodisalardan bir O`zing bexabar bo`lsang?

19 Qaysi hodisalar? – so`radi Iso. Xudo va butun xalqning oldida qudratli ishi va so`zi bilan tanilgan nosiralik Iso payg`ambar haqidagi hodisalar-da, - deyishdi Unga.

20 Bizning oliy ruhoniylar bilan boshliqlarimiz o`lim jazosini talab qilib, Uni xochga mixlatdilar.

21 Biz Uni Isroilni xalos qiladigan Najotkor deb o`ylab, umidvor bo`lgandik. Buning ustiga-ustak, bu hodisalar sodir bo`lganiga bugun uchinchi kun bo`ldiki,

22 bizning ayrim ayollarimiz bizni hayratda qoldirishdi. Ular erta bilan qabrga borib,

23 Uning jasadini topolmay kelishdi. Ular hatto farishtalarni ko`rdik, deb aytishdi. Farishtalar ularga: “Iso tirik”, - deyishibdi.

24 Shunda oramizdan ba`zi odamlar qabrga borib, xuddi ayollar aytganlarining shohidi bo`lishibdi, Isoning O`zini esa ko`rishmabdi.

25 Iso ularga: Ey farosatsizlar! Barcha payg`ambar so`zlariga ishonchi sust odamlar!

26 Masih O`z ulug`vorligiga erishmoq uchun shu azoblarni boshdan kechirmog`i kerakmasmidi? – dedi.

27 Shunday qilib, Iso Muso payg`ambardan tortib, barcha payg`ambar kitoblarida O`zi haqida yozilgan oyatlarning hammasini ularga tushuntira boshladi.

28 Nihoyat o`sha borayotgan qishloqqa yaqinlashdilar. Iso O`zini yo`li davom etadigan qilib ko`rsatdi.

29 Lekin ular Unga: Biz bilan birga qol, chunki kun botay deb qoldi, endi kech kira boshladi, - deb Uni qistashdi. Iso ular bilan birga qolgani ichkariga kirdi.

30 Ular bilan birga dasturxon yonida o`tirganda, nonni olib shukrona duosini aytdi va nonni sindirib ularga berdi.

31 Shundagina ularning ko`zlari ochilib, Uni tanib qolishdi. Biroq Iso shu onda ko`zdan g`oyib bo`ldi.

32 Shogirdlar bir-biriga: U yo`lda biz bilan gaplashib, oyatlarni tushuntirayotganida ko`nglimizga iliqlik yugurmaganmidi, axir! – dedilar.

33 Shu zahoti o`rinlaridan turib, Quddusga qaytib bordilar. O`n bir havoriyni va ular bilan to`planib turganlarni topdilar.

34 Ular kelganlarga: Rabbimiz haqiqatan tirilib kelgan, U Simunga zohir bo`libdi-ku, - dedilar.

35 Kelganlar ham yo`ldagi voqealarni, Iso nonni sindirayotganda Uni qanday tanib qolganliklarini aytib berdilar.

36 Ular hali bu xususda so`zlashayotganda Isoning O`zi o`rtalarida zohir bo`ldi. Sizlarga tinchlik bo`lsin! – dedi.

37 Shogirdlar o`takasi yorilgandek bo`lib, arvoh ko`ryapmiz, deb o`yladilar.

38 Lekin Iso ularga dedi: Nega buncha hayajonlanmoq? Nechun ko`nglingizda buncha gumonlar tug`ilyapti?

39 Qo`llarimga va oyoqlarimga qaranglar, bu Mening O`zim. Meni ushlab ko`ringlar. Menda ko`rib turganingizdek arvohning etu ustuxoni bo`lmaydi-ku, axir!

40 Shunday deb, Iso qo`l-oyoqlarini ularga ko`rsatdi.

41 Shogirdlar sevinchidan taajjublanib hali ishonmayin turganlarida, Iso ulardan so`radi: Bu yerda yeydigan biror narsangiz bormi?

42 Ular Unga bir parcha qovurilgan baliq [va bir oz mumli asal] berishdi.

43 Iso buni olib ularning ko`zi oldida edi.

44 So`ngra ularga: Men hali sizlar bilan birga bo`lganimda, Men haqimda Muso Qonunida, payg`ambarlar va Zabur kitoblarida hamma yozilganlar bajo kelishi kerak, deb aytgan edim-ku. Mana shu bo`lib-o`tganlarga to`g`ri keladi, - dedi.

45 Keyin oyatlarni anglamoq uchun shogirdlarining zehnini ochib yubordi

46 va ularga yana dedi: Mana shu yozilganlarga ko`ra, Masih azob chekishi va uchinchi kuni esa qayta tirilishi kerak edi.

47 Shuningdek, Quddusdan boshlab barcha xalqlar Uning nomi bilan tavba-tazarruga chaqirilmog`i va gunohlari kechirilishi e`lon qilinmog`i ham lozim.

48 Sizlar esa bu ishlarga guvoh bo`lajaksiz.

49 Endi Men Otamning bergan va`dasini sizlarga yuboraman. Ammo yuqoridan bu qudratni olmaguningizcha, Quddus shahrida qola turinglar.

50 Keyin Iso shogirdlarini shahardan tashqariga, Baytaniya yaqinlarigacha olib chiqdi-da, qo`llarini ko`tarib ularni duo qildi.

51 Duo qilayotib, ulardan uzoqlashgancha osmonga ko`tarildi.

52 Shogirdlar esa Unga sajda qildilar va katta sevinch ila Quddusga qaytib bordilar.

53 Xudoga hamdu sanolar aytib, doimo ma`badda bo`ldilar. Omin.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24