Luqo xushxabari 5 Bob
1 Bir kuni Iso Genisaret ko`li yoqasida turganda, xaloyiq Xudoning kalOmini tinglash uchun Uning huzurida tirband edi.
2 Iso ko`l qirg`og`ida turgan ikki qayiqni ko`rdi. Baliqchilar shu orada qayiqdan chiqib, to`rlarini yuvayotgan edilar.
3 Qayiqlardan biri Simunning qayig`i edi. Iso unga tushib, qirg`oqdan biroz nariroq suzib borishni Simundan iltimos qildi. So`ng o`tirib, qayiq ichidan xalqqa ta`lim berishga tushdi.
4 Nasihatlarini tugatib, Iso Simunga: Chuqurroq suvlarga suzib borib, o`lja uchun to`rlaringizni tashlanglar, - dedi.
5 Simun javob berib: Ustoz, bizlar tuni bo`yi urinib, hech narsa tutolmadik. Lekin Sening so`zing bo`yicha to`rni tashlayman, - dedi.
6 Ular Isoning aytganini qilgach, juda ko`p baliq ovladilarki, hatto to`rlari yirtilib ketdi.
7 Ular boshqa qayiqdagi o`rtoqlariga yordam berishlari uchun ishora qildilar. O`rtoqlari kelib, ikkala qayiqni cho`kar darajada to`ldirib oldilar.
8 Simun Butrus buni ko`rdi-da, Isoning tiziga cho`kkalab: Yo Rabbiy! Mening oldimdan ketgin, chunki men gunohkor insonman, - dedi.
9 Ular tutgan bunday mo`l baliq ovidan o`zini va u bilan bo`lganlarning hammasini vahima bosgan edi.
10 Simunning sheriklari Zabadiy o`g`illari Yoqub bilan Yuhanno ham vahimaga tushishgan edi. Iso Simunga qarab: Qo`rqma, bundan buyon insonlarni ovlaysan, - dedi.
11 Ular ikkita qayiqni qirg`oqqa tortdilar va hammasini qoldirib, Isoning ortidan ergashdilar.
12 Iso bir shaharda bo`lganida, butun tanasi moxov bo`lgan bir kishi kelib qoldi. U Isoni ko`rib, yuz tuban yerga tashlandi-da: Ey Hazrat, agar istasang, meni moxovlikdan poklay olasan, - deb yalindi.
13 Iso qo`lini uzatdi va unga tegizib: Istayman, pok bo`l! – deb qo`ydi. Moxovlik esa o`sha zahoti undan aridi.
14 Iso unga buni hech kimga aytmaslikni tayinladi. Unga: Borib o`zingni ruhoniyga ko`rsat, darding ariganini tasdiqlatish uchun Muso payg`ambar amr etgan qurbonliklarni keltirib ber; bundan hammaga dalolat bo`lsin, - dedi.
15 Shu bilan Iso haqdagi gap-so`z yana ko`proq yoyilib ketdi. Tumonat xaloyiq Uni tinglash va o`zlarining dardlaridan forig` bo`lish uchun Uning oldiga yig`ilib kelar edi.
16 U esa goho-goho xilvat joylarga chekinib, ibodat qilar edi.
17 Iso ta`lim berayotgan kunlarning birida Jalila bilan Yahudiya yurtlarining har bir qishlog`idan hamda Quddusdan farziylar va Tavrottafsirchilari keldi. Ular o`tirib tinglar ekanlar, xastalarni shifolovchi ilohiy kuch Isoda namoyon bo`layotgan edi.
18 Kimsalar to`shakda shol bir odamni olib keldilar. Uni uyga, Isoning oldiga olib kirishga urindilar.
19 lekin odam ko`pligidan buning ilojini topolmay, uyning tomiga chiqib, tomni yorib, sholni to`shagi bilan o`rtaga, Isoning oldigayoq tushirdilar.
20 Iso ularning e`tiqodini ko`rib: Ey odam bolasi, sening gunohlaring kechirildi, - dedi.
21 Ulamolar va farziylar esa: “Kufrlik qilayotgan bu Odam kim ekan? Yolg`iz Xudodan boshqa gunohlarni kim kechira oladi?” – deb mulohaza yuria boshladilar.
22 Iso ularning mulohazalarini sezib, bunga javoban: Sizlar ko`ngilda nimalarni mulohaza qilyapsizlar? – dedi.
23 Nimani aytish osonroq: Gunohlaring kechirildi, deb aytishmi, yoki: O`rningdan turib yura qol, deb aytishmi?
24 Lekin Inson O`g`lining er yuzida gunohlarni kechirish qudrati borligini ham bilib qo`yinglar! Shunday deyishi bilan Iso shol odamga qayrilib: Senga aytaman: O`rningdan tur, to`shagingni ol-da, uyingga yur! – dedi.
25 Shol o`sha zahoti hammaning ko`z o`ngida o`rnidan turib ketdi, o`zi yotgan to`shaini olib, Xudoni ulug`lab uyiga ketdi.
26 Hammani vahima bosdi. Xudoni olqishlar ekanlar: Biz ajib ishlar ko`rdik-da bugun, - dedilar qattiq qo`rqib.
27 Shundan so`ng Iso u yerdan chiqib, soliq yig`adigan joyda o`tirgan Leviy nomli soliqchini ko`rib qoldi, unga: Mening orqamdan yur! – dedi.
28 U o`rnidan turdi, hamma narsasini qoldirib, Isoning ketidan ergashdi.
29 So`ngra Leviy o`z uyida Iso sharafiga katta ziyofat berdi. Ular bilan birga yeb-ichib o`tirganlar orasida oddiy xalqdan talay kishi va ko`pgina soliqchilar bor edi.
30 Din olimlari va farziylar esa zorlanib, Isoning shogirdlariga: Nega sizlar soliqchiyu gunohkorlar bilan birga yeb-ichib o`tiribsizlar? – deyishdi.
31 Iso ularga shunday javob berdi: Sog`lar emas, bemorlar tabibga muhtojdir.
32 Men taqvodorlarni emas, gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman.
33 Yana Unga dedilar: Mana Yahyoning shogirdlari tez-tez ro`za tutib ibodat qilishadi, farziylarning shogirdlari ham xuddi shunday qilishadi. Sening shogirdlaring-chi, nega yeb-ichib yuribdilar?
34 Iso ularga dedi: Kuyov davrada bo`lgan vaqtda to`y ahlini ro`za tutishga majbur qilib bo`larmikin?
35 Biroq kuyov ulardan judo bo`lgan kunlar keladi, ana o`shanda ro`za tutadilar.
36 Iso ularga bir masalni ham aytib berdi: Hech kim yangi kiyimdan yirtib olib, eski kiyimga yamoq solmaydi. Aks holda yangi kiyim yirtiq-yamoq bo`ladi va yangi kiyimdan olingan yamoq ham eski kiyimga to`g`ri kelmaydi.
37 Shuningdek, hech kim yangi sharobni eski meshga quymaydi. Chunki yangi sharob meshni yirtadi, sharob to`kiladi va mesh ham nobud bo`ladi.
38 Aksincha, yangi sharobni yangi meshga quyish kerak. [Shunda u ham, bu ham saqlab qolinadi.]
39 Hech kim eski sharobni sipqirar ekan, yangisini istamaydi. “Eskisi shirin”, - deb o`tiraveradi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24