Luqo xushxabari 15 Bob
1 Har qanday gunohkor odamlar va soliqchilar Isoni tinglash uchun Uning oldiga oqib kelar edilar.
2 Buni ko`rgan farziylar va ulamolar: “Mana, U gunohkorlarni qabul qilib, birga yeb-ichmoqda”, - deb norozilik bildirdilar.
3 Iso esa ularga quyidagi masalni aytib berdi:
4 “Sizlardan kimningdir yuzta qo`yi bo`lsa-yu, ulardan birortasini yo`qotsa, to`qson to`qqiztasini dashtda qoldirib, yo`qolgan qo`yni topmaguncha qidirmaydimi?
5 Uni topgach, quvonib elkasiga olib ko`tarib ketadi.
6 Uyga kelgach, do`stlari bilan qo`shnilarni chaqirib: “Men bilan birga quvoninglar, men yo`qolgan qo`yimni topdim”, - deydi.
7 Sizlarga aytamanki, xuddi shunga o`xshab, tavbaga hojat sezmagan to`qson to`qqiz taqvodordan ko`ra, tavba qilgan bittagina gunohkor uchun osmonda shodlik bo`ladi”.
8 “Yoki qaysi bir ayolning o`nta kumush tangasi bo`lsa-da, bittasini yo`qotib qo`ysa, u sham yoqib pulni topmagunicha uyini supurib-sidirib sinchiklab qidirmaydimi?
9 Pulni topgach, dugonalari bilan qo`shnilarini chaqirib: “Men bilan birga quvoninglar, men yo`qolgan tangamni topdim”, - deydi.
10 Sizlarga aytamanki, xuddi shuningdek, tavba qilgan bitta gunohkor uchun Xudo farishtalari huzurida shodlik bo`ladi”.
11 Iso yana dedi: “Bir odamning ikki o`g`li bor ekan.
12 Ularning kichigi otasiga: Ota, mol-mulkingizdan menga tegishli qismini bering, - debdi. Ota bisotini ikki o`g`liga bo`lib beribdi.
13 Bir necha kundan keyin kichik o`g`il bor-yo`g`ini yig`ishtirib, uzoq bir mamlakatga ketibdi. U yerda shaloq yashab, mol-dunyosini ko`kka sovurib yuribdi.
14 Borini isrof etgandan keyin, u mamlakatda og`ir qahatchilik boshlanibdi, yigit ham muhtojlikka yo`liqibdi.
15 U borib, bu mamlakat fuqarolaridan biriga yollanibdi. U esa yigitni o`z dalasidagi to`ng`izlarni boqishga yuboribdi.
16 Nihoyat yigit to`ng`izlar yeydigan qo`zoqlar bilan qornini to`ydirishga ham zor bo`libdi, lekin unga shuni ham ravo ko`rishmas ekan.
17 O`ziga kelgach u debdi: “Otamning qanchadan-qancha yollanma ishchilarining noni oshib-toshib yotibdi, men esa bu yerda ochlikdan o`lyapman.
18 Endi otamning oldiga boray va unga: Ota, men Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim.
19 Endi sizning o`g`lingiz atalishga loyiq emasman. Meni yollanma ishchilaringiz qatoriga qabul qilsangiz bas, deyman”.
20 Yigit otasi oldiga ravona bo`libdi. U hali uzoqda kelayotganligidayoq,otasi o`g`lini ko`rib, ko`ngli bo`shab ketibdi. Yugurgancha borib, o`g`lining bo`ynidan quchib, yuz-ko`zlaridan o`pibdi.
21 O`g`li unga: Ota, men Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim. Endi sizning o`g`lingiz deb atalishga loyiq emasman, - debdi.
22 Ota xizmatkorlariga shunday buyuribdi: Tez bo`ling, eng nafis to`n keltirib yelkasiga yoping, qo`liga uzuk taqing, oyoqlariga choriq kiygizinglar.
23 Bo`rdoqini olib chiqib, so`yinglar, yeb-ichaylik, xursandchilik qilaylik.
24 Chunki mening bu o`g`lim o`lgan edi – tirildi, yo`qolgan edi – topildi. Shunday qilib, xursandchilik qila boshlabdilar.
25 Katta o`g`il shu paytda dalada ekan. Qaytayotib uyga yaqinlashganda, qulog`iga cholg`u va o`yin-kulgu sadolari eshitilibdi.
26 Xizmatkorlardan birini chaqirib: Nima gap? – deb so`rabdi.
27 Ukangiz keldi, otangiz uni sog`-salomat ko`rgani uchun bo`rdoqini so`ydilar, - debdi u.
28 Shunda katta o`g`il achchiqlanib, ichkariga kirgisi kelmabdi. Otasi esa tashqariga chiqib, o`g`liga o`tinib gapiribdi.
29 U otasiga javob beribdi: Men shuncha yildan beri sizga xizmat qilaman. sira sizning buyrug`ingizga qarshi chiqqanim yo`q. Lekin do`stlarim bilan xursandchilik qilishim uchun siz menga bitta uloq ham atamadingiz.
30 Ammo mol-mulkingizni fohishalarga sarflab qaytgan anavi o`g`lingizga bo`rdoqi so`yibsiz!
31 Otasi unga shunday javob beribdi: O`g`lim! Sen doimo men bilan birgasan, mening hamma narsam seniki.
32 Biroq bugun shodlanish, xursandchilik qilish kerak. Chunki sening bu ukang o`lgan edi – tirildi, yo`qolgan edi – topildi”.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24