Menyu

Luqo xushxabari 13 Bob


1 O`sha vaqtda kimlardir Isoga kelib, hokim Pilat o`ldirgan jalilaliklar haqida xabar qilishdi. Pilat ularni tig`dan o`tkazib, qonlarini o`zlari so`ygan qurbonlar qoniga aralashtirib tashlagan edi.

2 Iso xabarchilarga dedi: “Sizningcha, bu jalilaliklar boshqa butun Jalila kishilaridan ko`proq gunohkor bo`lgani uchun shunchalik jafo chekdilarmi?

3 Sizga yo`q deyman, lekin tavba qilmasangiz, hammalaringiz ham ular kabi halok bo`lasiz.

4 Masalan Siloam minorasi qulaganda, o`n sakkiz kishi ezilib nobud bo`lgan edi. Sizlar bu kishilarni Quddusda yashovchi hammadan ko`ra aybdorroq deb o`ylaysizmi?

5 Sizga yo`q deyman. Lekin tavba qilmasangiz, hammalaringiz ham ular kabi halok bo`lasiz”.

6 Iso quyidagi masalni ham aytib berdi: “Bir kishining uzumzorida o`tqazilgananjir daraxti bor ekan. Kishi kelib, undan meva izlabdi-yu, lekin topolmabdi.

7 U bog`bonga: Men uch yildan beri bu anjir daraxtidan meva izlab kelaman va topolmayman. Uni kesib tashla. Nega u yerni band qilib turibdi? – deb aytibdi.

8 Bog`bon esa shunday javob beribdi: Xo`jayin, daraxtingiz bu yil ham tursin. Men uning yon-bag`irlarini bir chopib go`ng solay.

9 Balki meva berar. Mayli, agar bermasa, unda kelgusi yil kesib tashlarsiz”.

10 Shanba kuni Iso yahudiy ibodatxonalarining birida ta`lim berayotgan edi.

11 U yerdagi bir ayol o`n sakkiz yildan beri yomon ruhdan qiynalib og`rigan, ikki bukilgan, qaddini sira tiklayolmas edi.

12 Iso uni ko`rgach, yoniga chaqirib dedi: Ey xotin, sen dardingdan xalos bo`lding!

13 So`ng qo`llarini ayolning boshiga qo`ydi. Ayol qaddi tiklandi-qoldi. Xudoga olqishlar ayta boshladi.

14 Iso dam olish kuni ham shifolash bilan mashg`ul ekanligini ko`rgan jamoaboshi achchiqlanib, jamoaga: Ishlash uchun olti kun bor. Davolanmoqchi bo`lsangiz, shanbadan boshqa kun kelinglar, - dedi.

15 Rabbimiz Iso unga javoban dedi: Ey munofiq! Shanba kuni bo`lishiga qaramay, har biringiz o`z ho`kiz yoki eshagingizni oxurdan yechib sug`organi olib bormaysizmi?

16 Shunga ko`ra, o`n sakkiz yildan beri shayton bog`lab qo`ygan, bobomiz Ibrohim qizi hisoblangan bu ayolni shanba kuni kishanlaridan ozod qilish o`rinli emasmidi?

17 Isoning bu so`zlari unga qarshilik ko`rsatganlarning hamasini uyatga qo`ydi. Butun xalq esa Iso bajarayotgan barcha ajoyib ishlarni ko`rgani sayin quvonar edi.

18 Iso yana so`z oldi: “Xudoning Shohligi nimaga o`xshash? Uni nimaga tenglashtirayin?

19 U bir odam o`z bog`iga ekkan xantal urug`iga o`xshar. Urug` unib, ulkan daraxt bo`libdi-ki, shohlari aro ko`k qushlari ham qo`nib uya quribdi”.

20 Tag`in dedi: “Xudoning Shohligini nimaga o`xshatay?

21 U bir ayol butun xamirni oshirish uchun uch tog`ora unga qorishtirib solgan xamirturush burdasiga o`xshar”.

22 Iso Quddus tomon yo`l olib, shaharma-qishloq yurib, ta`lim berar edi.

23 Kimdir Unga savol berdi: Hazrat, najot topadiganlar ozmi? Iso hammaga aytdi:

24 “To eshikdan kirish uchun jon kuydiringlar. Sizga shuni aytay:

25 Uy egasi turib eshikni berkitib qo`ygach, ko`plar kirish uchun intiladilar, biroq kira olmaydilar. O`shanda sizlar ham tashqarida qolib: Yo Rabbiy, yo Rabbiy, bizlarga ochib ber! – deb eshikni taqillata boshlaysizlar. Lekin U sizlarga: Kim va qaerdan ekaningizni bilmayman, - deb javob beradi.

26 Shunda sizlar: Biz Sening oldingda yeb-ichdik, Sen bizning ko`chalarda ta`lim berib yurding-ku, - deb aytasizlar.

27 U esa: Kimsiz, qayerdansiz, bilmayman, deb sizlarga aytib edim-ku. Ey badkirdorlar to`dasi, Mening ko`zimdan uzoqlashinglar! – deydi.

28 O`shanda yig`i-sig`i va ohu vohlar chekasizlar. Chunki o`zingizni tashqariga quvg`indi, Ibrohim, Ishoq, Yoqub va barcha payg`ambarlarni esa Xudoning Shohligi soyasida ko`rasizlar.

29 Sharqu g`arbdan, shimolu janubdan odamlar kelib, Xudo Shohligida ziyofatga o`tiradilar.

30 O`sha vaqt ba`zi oxirgilar birinchi, birinchilar esa oxirgi bo`ladi”.

31 O`sha kuni farziylardan ayrimlari Isoning oldiga kelib: Bu yerdan chiqib ket, chunki Hirod Seni o`ldirmoqchi, - deyishdi.

32 Iso ularga shunday dedi: Borib u tulkiga aytinglar: Men bugun va erta jinlarni quvib, shifokorlik qilmoqdaman. Uchinchi kuniyoq davrim tugar.

33 Shunday bo`lsa ham, Men bugun, erta va indin O`z yo`limdan og`may yuraverishim kerak. Chunki payg`ambar Quddusdan tashqarida o`ldirilishi maholdir.

34 O Quddus, Quddus! Payg`ambarlarni qatl qilib, huzuringga yuborilganlarni toshbo`ron qilguvchi shahar! Tovuq o`z jo`jalarini qanotlari ostiga qanday to`plasa, Men ham sening bolalaringni necha bor shunday to`plamoqchi bo`ldim va lekin siz istamadingiz.

35 Mana, sizning uy-joyingiz huvillab qoladi. Sizga shuni aytib qo`yay: “Xudovand nomidan Kelayotgan muborak”, - deb xitob qilmaguningizcha, Meni yana ko`rmaysizlar.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24