Menyu

Luqo xushxabari 4 Bob


1 Iso Muqaddas Ruhga to`lgan holda O`rdun daryosidan qaytib keldi. U Muqaddas Ruhning ta`sirida sahroda aylanib yurib,

2 qirq kun iblis tomonidan vasvasaga solindi. U bu kunlarda hech narsa yemay, oxirida och qoldi.

3 O`shanda iblis Isoga: Agar Sen Xudoning O`g`li bo`lsang, bu toshga buyur, nonga aylansin! – dedi.

4 Iso bunga javoban: Tavrotda: “Inson yolg`iz non bilan emas, balki Xudoning har bir kalomi bilan yashaydi”, deb yozilgan, - dedi.

5 So`ng Isoni baland bir toqqa olib chiqib, iblis bir lahzada olamning barcha saltanatlarini Unga ko`rsatdi.

6 Iblis Isoga dedi: Barcha bu o`lkalar ustidan hokimlik qilishni hamda bularning shon-shuhratini Senga beraman; ular menga topshirilgan va men istaganimga beraman.

7 Endi Sen menga sajda qilsang bas, hammasi Seniki bo`ladi.

8 Iso javob berib: Yo`qol oldimdan shayton! Tavrotda: “Egang Xudovandga sajda qil, birgina Unga itoatda bo`l”, deb yozilgan, - dedi.

9 Keyin iblis Isoni Quddusga olib bordi. Uni ma`badning tepasiga turg`izib, shunday dedi: Agar Sen Xudoning O`g`li bo`lsang, O`zingni bu yerdan pastga tashla-chi.

10 Chunki shunday bitilgani bor: “U O`z farishtalariga sen haqda amr etgay toki seni asrab qolsinlar.

11 Ular seni qo`llarida ko`tarib ketar, oyog`ing ham toshga qoqilmagay”.

12 Iso iblisga javoban: Yana: “Egang Xudovandni sinama”, deb yozilgani ham bor, - dedi.

13 Iblis esa barcha vasvasalarini tamom qilgandan keyin vaqtincha Isodan uzoqlashdi.

14 Iso Muqaddas Ruh qudratida Jalilaga qaytib keldi. U haqda mamlakat bo`ylab ovoza tarqaldi.

15 Yahudiylar ibodatxonalarida ta`lim bergan sari, hamma Uning duosini qildi.

16 So`ng Iso o`sib tarbiyalangan joyi Nosiraga bordi. O`z odati bo`yicha shanba kunida ibodatxonaga kirib, tilovat qilish uchun o`rnidan turdi.

17 Unga Isha`yo payg`ambarning kitobidan uzatdilar. U kitobni ochib, quyidagi oyat yozilgan joyni tpdi:

18 “Xudovandning Ruhi Menga yor. U Meni muqaddas moy-la moyladi. Bechoralarga mujda yetkazmoq uchun, dilabgorlarga shifo bermoq uchun, asirga: ozod bo`lgil, basirga: ochilsin ko`zing, demoq-chun, mazlumga erkinlikni e`lon etib,

19 marhamat yili bo`lgay, demoq-chun, Xudovand Meni yubordi”.

20 Keyin Iso kitobni yopib, xizmatkorga berib, o`tirdi. Ibodatxonadagi barchaning ko`zi Unga tikildi.

21 Iso ularga so`zlay boshladi: Sizlar eshitgan kalom shu bugun bajo bo`ldi, - dedi.

22 Hamma Isoning aytganlarini ma`qullar edi. Uning og`zidan chiqqan latif so`zlarga mahliyo bo`lishib: “Yusufning o`zli emasmi O`zi?” – deb qo`yar edilar.

23 Iso ularga dedi: Sizlar albatta: “Ey tabib, o`zingni o`zing davola” degan matalni esimga tushirmoqchisizlar. “Biz eshitganimizday, Kafarnahumda ro`y bergan ishlarni bu yerda, o`z yurtingda ham qil-chi”, deb aytmoqchisizlar-da.

24 Keyin Iso davom etdi: Sizlarga chinini aytayin, hech qanday payg`ambar o`z yurtida qabul qilinmaydi.

25 Masalan, Ilyos payg`ambar davrida uch yilu olti oy osmon tutilib, butun mamlakatda og`ir ocharchilik bo`lganda, Isroilda ko`p beva ayollar bor edi.

26 Ammo Ilyos ularning birontasiga yuborilmay, faqatgina Sido`n diyoridagi Sarafat shahrida yashovchi bir bevaga yuborilgan edi.

27 Xuddi shu singari Elisha payg`ambarning davrida ham Isrilda ko`p moxovlar bor edi. Ammo bularning birontasi sog`aymagan bo`lsa-da, faqatgina suriyalik Naoman sog`ayib qoldi, - dedi.

28 Yig`ilgan jamoat bularni eshitib, hammalari qattiq g`azablanib ketishdi.

29 O`rinlaridan turib, Isoni shahardan tashqariga haydab chiqarishdi-da, Uni tashlab yuborish uchun o`z shaharlari qurilgan tepaning chetiga olib borishdi.

30 Lekin Iso ularning orasidan yorib o`tib, ko`zdan g`oyib bo`ldi.

31 Iso Jalilaning Kafarnahum shahriga kelib, shanba kunlarida xalqqa ta`lim beradigan bo`ldi.

32 Xalq esa Isoning ta`limotiga hayron qoldi, chunki Uning so`zida kuch-qudrat bor edi.

33 Shaharning ibodatxonasida jinga chalingan, yomon ruhli bir odam bor edi. U baland ovoz bilan baqirib:

34 Qo`ysang-chi, nosiralik Iso! Bizlar bilan nima ishing bor? Sen bizni halok qilgani kelding-ku! Sening kimligingni bilaman: Sen Xudoning Azizisan! – dedi.

35 Jim bo`l va bu odamdan chiqib ket! – dedi Iso jinga do`q urib. Jin esa bu odamni hammaning ko`z o`ngida yerga qulatdi-da, unga hech qanday zarar yetkazmay, chiqib ketdi.

36 Hammani vahima bosdi. Xalq o`zaro mulohaza qilib: “Bu qanday gap ekan? U yomon ruhlarga ham kuch-qudrat va hokimlik bilan buyuradi, ular esa chiqib ketadi!” – deyishar edi.

37 Shunday qilib, Iso haqidagi shov-shuv yon-atrofga ovoza bo`ldi.

38 Iso ibodatxonadan chiqib Simunning uyiga kirdi. Simunning qaynonasi og`ir isitmada qiynalib yotgan edi. Isoga kasalni ko`rib qo`yishni iltimos qilishdi.

39 Iso ayolning yoniga kelib, isitmani koyib qo`ydi. Isitma esa o`sha zahoti ayolni tark etdi. U turiboq, ularga xizmat qilishga tutindi.

40 Quyosh botgan chog`, hamma turli xastaliklarga yo`liqqan odamlarni Isoning huzuriga keltirishardi. Iso qo`llarini har biriga tegizib ularga shifo berardi.

41 Jinlar esa: “Sen Xudoning O`g`li - Masihsan” – deb baqirganlaricha, ko`p odamlarni tark etardilar. Iso jinlarga do`q urib, gapirishlariga monelik qilardi. Chunki ular Uning Masihligini bilardi.

42 Kunduz bo`lgach, Iso uydan chiqib xilvat joyga tortinib ketdi. Xalq esa Uni qidirib topib, tashlab ketmaslikni so`rab yolvordi.

43 Iso ularga: Men Xudo saltanati to`g`risidagi Xushxabarni boshqa shaharlarga ham yetkazishim farz, Men shuning uchun yuborilganman, - dedi.

44 Shunday qilib, Iso Jalila yurtining ibodatxonalarida voizlik qilib yurdi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24