Menyu

Luqo xushxabari 23 Bob


1 Butun Kengash a`zolari turib, Isoni Pilatning oldiga keltirdilar.

2 Ular ayblovni boshlab: Biz bu odam xalqimizni yo`ldan ozdirayotganini aniqladik. U Qaysarga soliq to`lashni man etib, O`zini-O`zi Masih, ya`ni podshoh deb aytmoqda, - dedilar.

3 Pilat Isodan: Sen yahudiylarning Podshohimisan? – deb so`radi. Iso unga javob berib: O`zing aytyapsan, - dedi.

4 Pilat oliy ruhoniylarga va xalq yig`iniga xitoban: Men bu odamda hech qanday ayb ko`rayotganim yo`q, - dedi.

5 Lekin ular qattiq turib: Jaliladan tortib shu yergacha – butun Yahudiya bo`ylab ta`limotini yoyib, xalqni g`alayonga solmoqda, - dedilar.

6 Pilat Jalila so`zini eshitgach: Bu odam jalilalikmi? – deb so`radi.

7 Isoning Hirod hukumati doirasidan ekanligini bilgach, Uni shu kunlarda Quddusda turgan Hirodning qoshiga yubordi.

8 Hirod Isoni ko`rib juda kayfi chog` bo`ldi, chunki U haqda xabardor bo`lib, anchadan beri Uni ko`rmoqchi bo`lgan, U qilgan biron-bir mo``jizani o`z ko`zi bilan ko`rishni umid qilib yurgan edi.

9 Shunday qilib, Unga ancha savollar berdi. Biroq Iso unga hech bir javob qaytarmadi.

10 Atrofda turgan oliy ruhoniylar va ulamolar esa Uni shiddat bilan qoraladilar.

11 Hirodning o`zi ham askarlari bilan birga Isoni kamsitib masxara qildi-da, Unga shohona chopon kiydirib, Pilatning oldiga qaytarib yubordi.

12 Bu hodisadan avval bir-biriga adovatda bo`lgan Hirod va Pilat o`sha kuni do`stlashdilar.

13 Pilat esa oliy ruhoniylar, boshliqlar va xalqni bir yerga chaqirib,

14 ularga dedi: Sizlar bu odamni xalqni yo`ldan ozdirishda ayblab oldimga olib keldinglar. Ammo men Uni o`z ko`zlaringiz oldida tekshirib ko`rsam-da, sizlar qo`yayotgan ayblarning birontasini ham Undan topmadim.

15 Men Uni Hirodning oldiga yubordim, Hirod ham hech nima topolmadi. Xullas, Unda o`limga loyiq biror-bir ayb topilmadi.

16 Binobarin, Uni bir kaltaklab bo`shatib yuboraman.

17 [Pilat ayni har bayramda bir mahbusni ozod qilishiga to`g`ri kelar edi.]

18 Xaloyiq esa bir og`izdan: Unga o`lim! Bizlarga Barabbani chiqarib yubor! – deb baqira ketishdi.

19 Barabba esa shaharda yuz bergan isyonga aralashib qotillik qilganligidan zindonga tashlangan edi.

20 Pilat Isoni bo`shatib yubormoqchi bo`lib, yana bir bor xaloyiqqa xitob etdi.

21 Lekin ular: Uni xochga mixlab qo`y! Xochga! – deb qichqirdilar.

22 Pilat uchinchi marta ularga xitoban: U axir nima yomonlik qildi? Men Unda o`limga loyiq biror-bir ayb topganim yo`q. Shunday ekan, men Uni bir kaltaklab bo`shatib yuborayin, - dedi.

23 Biroq ular ovozlari boricha qichqirishda davom etib, Isoni xochga mixlashni qattiq turib talab qildilar. Nihoyat xaloyiq va oliy ruhoniylarning baqiriq-chaqiriqlari ustun keldi

24 va Pilat ularning talabiga ko`ndi.

25 Ular so`rab turgan, isyonchiligi va qotilligi uchun zindonga solingan odamni ozodlikka chiqarib, Isoni esa ularning ixtiyoriga topshirdi.

26 Isoni olib chiqayotganlarida, daladan kelayotgan Simun ismli kirineyalik bir odamni ushlashdi-da, Isoning orqasidan ko`tarib borish uchun xochni unga yuklashdi.

27 Juda ko`p xaloyiq, jumladan Isoga yig`i qilib ko`ksiga urayotgan talay xotin-qizlar Uning orqasidan ergashib bordi.

28 Iso ularga qarab: Ey Quddus qizlari! – dedi. – Men uchun yig`lamanglar, aksincha, o`zingiz va bolalaringiz uchu yig`langlar.

29 Zero shunday kunlar keladiki: “Tug`magan ayollar, bepusht qorinlar, bola emizmagan ko`kraklar baxtlidir”, - deb aytishadi.

30 O`shanda tog`larga: “Ustimizga qulang!”, tepaliklarga esa: “Bizni bosib oling!” – deb aytishadi.

31 Yam-yashil og`ochga bunday qilishsa, qurigan og`ochga ne qilishar ekan?

32 Iso bilan birga ikki jinoyatchini ham o`limga olib bordilar.

33 Boshsuyagi degan joyga kelganlarida, Isoni hamda o`ng va so`l tomonida ikkala jinoyatchini xochga mixlab qo`ydilar.

34 Iso: Ey Ota! Ularni kechirgin, ular nima qilayotganlarini bilmaydilar, - der edi. Askarlar qur`a tashlab, Isoning kiyimlarini bo`lib ola boshladilar.

35 Xaloyiq tomosha qilib turdi. Ular bilan birga boshliqlar ham Isoning ustidan xiringlashib: Boshqalarni qutqarar edi. Modomiki U Xudoning arzandasi – Masih ekan, qani O`zini-O`zi qutqarsin-chi! – deyishardi.

36 Askarlar ham Unga sirka ichirgani yaqinlashib:

37 Agar Sen yahudiylarning Podshohi bo`lsang, O`z-O`zingni qutqar-chi! – dedilar istehzo bilan.

38 Isoning boshi uzra [yunon, lotin va ibriy tillarida] “Yahudiylarning Podshohi budir” – degan yozuv bor edi.

39 Osilgan jinoyatchilardan biri: Agar Sen Masih bo`lsang, qani O`zingni va bizlarni ham qutqar, - deb Isoni kufr etdi.

40 Ikkinchisi esa unga ta`na qilib: Sen ham ayni jazoga mahkum bo`lib, Xudodan qo`rqmaysanmi?

41 Mana bizlar qilmishimizga yarasha odilona jazo oldik. U esa hech qanday yomonlik qilgani yo`q, - dedi.

42 Keyin Isoga: Yo Rabbiy, Shohligingga kirganingda meni eslagin! – dedi.

43 Iso unga dedi: Senga chindan aytamanki, bugunning o`zida sen Men bilan birga jannatda bo`lasan.

44 Tush chamasida quyosh qorayib, butun yerni soat uchgacha davomli zulmat qopladi.

45 Ma`baddagi parda o`rtasidan yirtilib ketdi.

46 Iso baland ovoz bilan faryod qildi: Ota! Ruhimni Sening qo`llaringga topshiryapman. Shunday dedi-da, jon taslim qildi.

47 Voqeani ko`rib turgan yuzboshi Xudoni ulug`lab: Haqiqatan ham bu solih Odam ekan, - dedi.

48 Tomoshaga to`plangan butun xaloyiq sodir bo`lgan voqealarni ko`rib, ko`ksiga ura-ura qaytib ketdi.

49 Isoni bilganlarning bari, shu jumladan, Jaliladan Unga ergashib kelgan ayollar uzoqda turgancha, bu hodisotni kuzatdilar.

50 Kengash a`zolaridan Yusuf ismli yaxshi va solih bir kishi bor edi.

51 U yahudiylarning Arimateya shahridan bo`lib, Xudo Shohligiga ko`z tikib yurar edi. U Kengashning qarorida ham, ishida ham ishtirok etmagan edi.

52 Yusuf Pilatning oldiga borib Isoning jasadini so`radi.

53 So`ng Uni xochdan tushirib olib kafanladi va qoyada o`yilgan, hali ichiga kimsa qo`yilmagan bir qabrga qo`ydi.

54 U kun juma bo`lib, dam olish vaqti boshlanishiga sal qolgan edi.

55 Jaliladan Iso bilan birga kelgan ayollar ham ergashib borib, qabrni va Jasad qanday qo`yilganini ko`rdilar.

56 Qaytib kelganlaridan so`ng, atirlar va xushbo`y yog`lar tayyorladilar. Shanba kuni esa ilohiy amr bo`yicha orom oldilar.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24