Luqo xushxabari 18 Bob
1 Iso shogirdlariga doimo, bezmasdan ibodat qilish kerakligi haqida masal aytib berdi:
2 “Bir shaharda Xudodan ham qo`rqmaydigan, odamdan ham uyalmaydigan bir qozi bor ekan.
3 O`sha shaharda bir tul ayol ham yashar ekan. U qozining oldiga doim kelib: Meni raqibimdan himoya qiling, - deb o`tinib yuribdi.
4 Qozi ancha vaqtgacha e`tibor bermas ekan. Oxirida u o`ziga-o`zi: Men Xudodan qo`rqmayman, odamdan ham uyalmayman.
5 Biroq mayli, bu tul ayol menga tinchlik bermayotgani uchun, uni himoya qila qolay. Bo`lmasa u kelaverib, jonimdan bezor qiladi, - debdi.
6 Eshityapsizmi, insofsiz qozi nima debdi, – davom etdi Rabbimiz Iso.
7 Nahotki Xudo O`ziga kechayu kunduz faryod qilayotgan O`z tanlanganlarini himoya qilmasa, nahotki ularni ko`p kuttirib qo`ysa?
8 Sizlarga aytamanki, ularni ko`p o`tmay himoya qiladi. Biroq Inson O`g`li kelganida, yer yuzida imon toparmikin?”
9 O`zining taqvodorligini pesh qilib, boshqalarni esa kamsitib yurgan ba`zi odamlarga Iso quyidagi masalni aytib berdi:
10 “Biri farziy, boshqasi soliqchi bo`lgan ikki kishi ibodat qilish uchun ma`badga kiribdilar.
11 Farziy alohida turib, o`zicha shunday ibodat qilibdi: Yo Xudo! Men boshqa odamlarday talonchi, jinoyatchi, zinogar va hatto shu soliqchi singari bo`lmaganim uchun Senga shukr aytaman.
12 Haftada ikki marta roza tutaman. Topganimning o`ndan birini ushr uchun ajrataman.
13 Soliqchi bo`lsa uzoqda turib, hatto ko`zlarini osmonga qaratishga ham botina olmay, ko`kragiga urganicha: Yo Xudo, men gunohkorga rahm qil! – debdi.
14 Sizga aytamanki, bu odam boyagidan ko`ra oqlanib uyga qaytibdi. Chunki o`zini yuqori olgan har bir kishi pasaytiriladi, o`zini past olgan esa yuksaltiriladi”.
15 Ularga qo`li tegsin, deb Isoning oldiga yosh bolalarni ham keltirishar edi. Shogirdlar buni ko`rib, keltiruvchilarni koyiy boshlashdi.
16 Iso esa bolalarni yoniga chaqirib, shogirdlariga shunday dedi: “Bolalar Mening oldimga kelishlariga ijozat bering, ularni koyimang, zero Xudoning Shohligi shundaylarnikidir.
17 Sizlarga chinini aytayin: kimki Xudoning Shohligini bola kabi qabul qilmasa, unga kirolmaydi”.
18 Boshliqlardan biri Isodan so`radi: Valine`mat Ustozim! Abadiy hayot nasib bo`lmog`i uchun nima qilishim kerak?
19 Iso unga dedi: Nega sen Meni valine`mat deysan? Birgina Xudodan boshqa hech kim valine`mat emas.
20 Ilohiy amrlarni bilasan: “Zino qilma. Odam o`ldirma. O`g`rilik qilma. Soxta guvohlik berma. Ota-onangni hurmat qil”.
21 Bularning hammasiga yoshligimdan amal qilib kelaman, - dedi boyagi boshliq kishi.
22 Buni eshitib Iso: Senga yana bir narsa yetishmaydi: nimaga ega bo`lsang, hammasini sot va pulini kambag`allarga bo`lish. Shundagina osmonda xazinang bo`ladi. Va so`ng kelib, Menga ergashgil, - dedi.
23 Boshliq bu so`zni eshitib, juda xafa bo`ldi, negaki u haddan ziyod badavlat edi.
24 Iso uning xafa bo`lganini ko`rib: Mol-dunyosi borlar Xudo Shohligiga kirishga naqadar qiynaladi!
25 Boyning Xudo Shohligiga kirishidan ko`ra, tuyaning igna teshigidan o`tishi osonroqdir.
26 Buni eshitganlar esa: Unday bo`lsa, kim najot topa olar ekan? – deb so`rashdi.
27 Odamlarga ilojsiz narsa Xudo uchun iloji bordir, - dedi Iso.
28 Mana, biz mol-holimizni qoldirib, Sening orqangdan ergashib keldik! – dedi Butrus.
29 Iso shogirdlariga dedi: Sizlarga chinini aytayin, Xudo Shohligi yo`lida uy-joy, ota-ona, aka-uka, opa-singil yoki xotin-bolalarini qoldirib ketgan har bir kishi
30 bu dunyodayoq qat-qat yaxshiliklar topib, u dunyoda esa abadiy hayotga muyassar bo`lur.
31 Iso o`n ikki shogirdini maxsus chaqirib ularga dedi: “Biz endi Quddusga yaqinlashib qoldik. Ana o`sha yerda Inson O`g`li to`g`risida yozilgan barcha payg`ambar oyatlari amalga oshadi.
32 Uni majusiylarga topshiradilar, Uni masxaralab haqorat qiladilar, Uning yuziga tupuradilar.
33 Uni qamchilab o`ldiradilar. Ammo uchinchi kuni U qayta tiriladi”.
34 Shogirdlar esa bu so`zlardan hech narsa anglamadilar. Bu so`zlar ma`nosi ularga sirli edi, aytilganni ular idrok etmadilar.
35 Iso Yerixo shahriga kirib kelayotganida bir ko`r yo`l chekasida sadaqa so`rab o`tirar edi.
36 Oldidan xaloyiq o`tib ketayotganini eshitib: Nima gap? – deb so`radi.
37 Nosiralik Iso o`tyapti, deb unga xabar qilishdi.
38 Shunda ko`r: Ey Dovud O`g`li Iso, menga rahm qil! – deb baqirib yubordi.
39 Oldinda ketayotganlar esa: Jim bo`l! – deb uni koyib qo`yishdi. Lekin u yanada kuchliroq hayqira boshladi: Ey Dovud O`g`li, menga rahm qil!
40 Shunda Iso to`xtab, ko`rni yoniga keltirishlarini buyurdi. Ko`r kelgach,
41 Iso undan so`radi: Sen nima qilishimni istaysan? Hazrat, ko`zlarim ko`rsin! – dedi u.
42 Iso unga: Ko`zlaring ko`rsin, ishonching seni qutqardi, - dedi.
43 Shu zahoti ko`rning ko`zlari ko`ra boshladi. U Xudoga olqishlar aytgancha Isoning ketidan ergashdi. Buni ko`rgan butun xalq Xudoga hamdu sanolar aytdi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24