Luqo xushxabari 12 Bob
1 Shu orada minglarcha odam to`planib, bir-birini ezayotganday tuyular edi. Iso oldin O`z shogirdlariga qarab so`zlay boshladi: farziylarning xamirturushidan (ya`ni riyokorligidan) ehtiyot bo`linglar!
2 Ochilmay qoladigan hech yopiq narsa yo`q, bilinmay qoladigan hech qanday sir yo`q.
3 Sizning qorong`ilikda so`zlayotganlaringiz yorug`likda eshitilajak, berk eshiklar orqasida quloqqa shivirlaganlaringiz tomlar uzra e`lon etilajak”.
4 “Men siz, do`stlarimga aytaman: badanni o`ldirib, keyin boshqa biron narsa qilishga qodir bo`lmaganlardan qo`rqmanglar.
5 Biroq kimdan qo`rqishingiz kerakligini sizlarga uqtiray: kishini o`ldirgandan keyin jahannamga tashlashga ham qodir bo`lgan Xudodan qo`rqinglar. Ha, sizlarga aytaman, Undan qo`rqinglar!
6 Beshta chumchuq ikki tangaga sotilmaydimi? Xudo huzurida bularning birisi ham unutilmagay.
7 Sizlarga kelsak, boshingizdagi sochlar ham bari sanoqli. Demak, qo`rqmanglar, siz ko`pdan-ko`p chumchuqlardan qadrliroqsiz.
8 Sizlarga yana shuni aytay: kimda-kim insonlar odida Meni tan olsa, Inson O`g`li ham Xudo farishtalari oldida uni tan oladi.
9 Biroq kimda-kim insonlar oldida Meni inkor etsa, u Xudo farishtalari oldida ham inkor etiladi.
10 Kimki Inson O`g`liga qarshi so`z aytsa, kechiriladi. Lekin kim Muqaddas Ruhni kufr qilsa, kechirilmaydi.
11 Sizlarni biniy hay`atlar va boshllar, hokimlar ooldiga olib kelganlarida nima deb, qanday gapirib, o`zimizni himoya qilamiz, deb qayg`urmanglar.
12 Chunki nima deyish kerakligini o`sha onda Muqaddas Ruh sizlarga o`rgatadi”.
13 Xaloyiq ichidan kimdir Isoga: Ustoz, akamga ayt, merosni men bilan bo`lsin, - dedi.
14 Iso unga: Ey inson! Meni sizlarga kim qozi yoki meros bo`luvchi qilib qo`ydi? – dedi.
15 Keyin xaloyiqqa: Ehtiyot bo`linglar, o`zingizni har turli tamagirlikdan saqlanglar. Zero inson umri uning mol-mulki ko`pligiga bog`liq emas, - dedi.
16 Iso ularga shunday masal keltirdi: “Bir boy odamning dalasi mo`l hosil berib turar ekan.
17 Boy o`z-o`ziga: Nima qilay? Hosilni qo`yadigan joyim yo`q, - deb o`ylab yurgan ekan.
18 Mana bunday qilaman, - debdi oxiri, - omborlarimni buzib, kattarog`ini quraman, butun g`alla va mollarimni shu yerga joylayman.
19 So`ng o`z-o`zimga: Ey jonim, deyman, sen ko`p yillarga yetgulik davlat to`plading. Endi rohat qil, yeb-ichgin, kayf-safo surgin, - debdi.
20 Lekin Xudo unga: Ey nodon! Bu kechayoq joning olinadi. Shunda bu tejab qo`yganlaring kimga qoladi? – debdi.
21 O`zi uchun boylik to`plab, Xudo nazarida boyimagan kishining qismati ana shunday bo`ladi”.
22 Iso shogirdlariga yana dedi: "Binobarin, sizlarga aytamanki, nima eymiz, deb joningiz uchun, nima kiyamiz, deb taningiz uchun tashvishlanib yurmanglar.
23 Jon ovqatdan, tan esa kiyimdan a`lodir.
24 Qarg`alarga qaranglar: ular na ekadi, na o`radi, na omborlari va na qo`rxonalari bor. Shunga qaramay, Xudo ularning rizqini beradi. Sizlar esa qushlardan naqadar qadrlisizlar!
25 Sizlardan kim tashvishlanib, o`z umrini bir lahza bo`lsin uzaytira olar ekan?
26 Bu qadar kichik ishni qilishga qurbingiz yetmas ekan, boshqa narsalar tashvishini qilmoq ne darkor?
27 Piyozgullarga qaranglar, ular qanday o`sadi! Ular mehnat ham qilmaydi, charx ham yigirmaydi. Ammo sizlarga aytamanki, hatto podshoh Sulaymon o`zining shuhrat cho`qqisida ham bularning biriday kiyinmagan edi.
28 Bugun bor bo`lib, ertaga o`choqqa tashlanadigan dasht o`tiga Xudo bunday zeb bergan bo`lsa, sizlarni undan kam ko`rarmikin, ey imoni sustlar!
29 Nima eymiz, nima ichamiz, deb qayg`urib yurib, bezovta bo`lmanglar.
30 Dunyo xalqlari hadeb bu narsalarning payida yuradilar. Lekin sizlarning Otangiz bularga muhtoj ekanligingizni biladi-ku!
31 Sizlar yaxshisi Xudo Shohligi payida bo`linglar va qolgani sizga nasib etadi.
32 Qo`rqmagil, ey kichik poda! Otangiz shohlikni sizlarga berishni munosib ko`rdi.
33 Mol-mulkingizni sotib, sadaqa beringlar. O`zingizga eskirmaydigan hamyonlar qilib, ko`klarda bitmas-tuganmas xazina hozirlanglar. U yerda ularga o`g`ri ham yaqinlashmas, kuya ham tushmas.
34 Xazinangiz qayerda bo`lsa, yuragingiz ham o`sha yerda bo`lur".
35 “Bellaringiz belbog`li, chiroqlaringiz yonib tursin!
36 sizlar xo`jayin to`ydan qaytishini kutib turgan, u kelib eshikni taqillatishi bilan ochib berishga tayyor turgan odamlardek bo`linglar.
37 Xo`jayin kelganida xushyor holda ko`rgan xizmatkorlar baxtlidir! Sizlarga chinini aytayin, u xizmatkorlarini o`tqazib, bel bog`lagancha o`zi ularning xizmatiga tushib ketadi.
38 Xoh yarim kechada, xoh tong otarda xo`jayin kelib qolsa-yu xizmatkorlarni shunday holda uchratsa, ular qanday baxtlidirlar!
39 Ammo bilinglarki, agar uy egasi o`g`ri qay soatda kelishini bilganida, u bedor bo`lib, uyiga lahim qazilishiga yo`l qo`ymas edi.
40 Shuningdek, sizlar ham tayyor bo`lib turinglar, chunki Inson o`g`li siz o`ylamagan soatda kelib qoladi”.
41 Shu payt Butrus Isodan: “Rabbiy Sen u masalni faqat biz uchun aytyapsanmi, yoki hamma uchunmi?” – deb so`radi.
42 Rabbimiz Iso dedi: “Uy ahliga o`z vaqtida rizq-ro`z tarqatish uchun xo`jayin xizmatkorlariga boshliq qilib qo`ygan ishonchli va aqlli uy boshqaruvchi kim?
43 Xo`jayin kelib, xizmatkorini yumush qilib turganida ko`rsa, u qanday baxtlidir!
44 Sizlarga chinini aytayin, o`zining butun mol-mulklari ustidan uni nazoratchi qilib qo`yadi.
45 Mabodo u xizmatkor o`z ko`nglida: “Xo`jayinim yaqin orada kelmaydi”, deb qarolu cho`rilarni ura ketsa-da, yeb-ichib mast-alast bo`lsa,
46 u xo`jayin xizmatkori kutmagan bir kunda, o`ylamagan bir soatda kelib qoladi-yu, uni tilka-pora qilib, booshiga dahriylar kunini soladi.
47 Xo`jayinning xohishini bilib, tayyor bo`lmagan, xo`jayin istagicha ish tutmagan xizmatkor ko`p tayoq yeydi.
48 Bilmay turib jazoga munosib ish qilgan xizmatkor esa oz tayoq yeydi. Kimga ko`p berilgan bo`lsa, undan ko`p talab qilinadi. Kimga ko`p ishonib topshirilgan bo`lsa, undan ko`proq undiriladi”.
49 “Men yer yuziga o`t yoqish uchun keldim. O`t endiyoq alanga olishini qanchalar istardim!
50 Men juda og`ir dard-alamni boshdan kechirishim kerak. Bu amalga oshmaguncha naqadar qiynalaman!
51 Meni yer yuziga tinchlik keltirish uchun kelgan, deb o`ylaysizlarmi? Sizga yo`q, aksincha, nizo solgani kelganman, deyapman.
52 Zero bundan buyon bir uyda besh kishi o`zaro bo`lingan bo`ladi, uchtasi ikkitasiga va ikkitasi uchtasiga qarshi tarafkashlik qiladi.
53 Ota o`g`liga qarshi, o`g`il otasiga qarshi, ona qizia qarshi, qiz onasiga qarshi, qaynona keliniga qarshi, kelin qaynonasiga qarshi chiqadi”.
54 Iso xalq ommasiga yana ushbuni ham aytdi: “Siz g`arbdan bulut ko`tarilganini ko`rdingizmi, hamon “jala bo`ladi” deysizlar va xuddi shunday bo`ladi.
55 Janub shamoli esgan vaqtda sizlar “jazirama issiq bo`ladi” deysizlar va shunday bo`ladi.
56 Ey riyokorlar! Yeru ko`k yuzini aniqlay bilasiz-u, nega bu vaqt soatning ma`nosini bila olmaysizlar?
57 Nahotki o`zingizcha to`g`ri yo`lni payqamasangiz?
58 Sen raqibing bilan birga mahkamaga borayotganingda yo`l-yo`lakay u bilan kelishishga harakat qil. Aks holda u seni qozining oldiga sudrab keladi, qozi seni zindonbonga topshiradi, zindonbon esa seni zindon qa`riga tashlaydi.
59 Senga gapim shuki: so`nggi tiyinni to`lamaguningcha, u yerdan chiqmaysan.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24