Luqo xushxabari 2 Bob
1 O`sha kunlarda Qaysar Avgust butun Rim dunyosidagi aholi ro`yxatga olinsin degan farmon chiqardi.
2 Shunday qilib, Suriyada Kviriniy hokimlik qilganda ilk bor ro`yxatga olish sodir bo`ldi.
3 Har kim ro`yxatdan o`tish chun o`z shahriga bordi.
4 Shuningdek, Yusuf ham Jalilaning Nosira shahridan Yahudiyaga, Dovudlar shahri Baytlahmga bordi. Chunki u Dovud nasabi va xonadonidan edi.
5 U o`ziga unashtirilgan qiz, homilador Maryam bilan birga ro`yxatdan o`tmoqchi bo`ldi.
6 Ular o`sha yerda bo`lganlarida esa Maryamning oy-kuni to`ldi.
7 U o`zining to`ng`ich o`g`lini tug`di. Uni yo`rgaklab, oxurga yotqizib qo`ydi, chunki musofirxonada ularga joy yo`q edi.
8 O`sha yurtda cho`ponlar bor edi. Ular tunda suruvlarini poylab, dalada tunar edilar.
9 To`satdan Xudoning farishtasi ularning oldida paydo bo`ldi va ilohiy nur ularning ko`zlarini qamashtirdi. Bu dahshat cho`ponlarni vahimaga soldi.
10 Qo`rqmanglar! – dedi ularga farishta. – Men sizlarga el-xalqni cheksiz quvontirajak Xushxabarni keltirdim.
11 Bugun Dovudlar shahrida sizlar uchun Xaloskor tug`ildi. U Rabbimiz – Masiihdir.
12 Mana, sizlarga Uning belgisi: yo`rgaklangan, oxurda yotgan chaqaloqni topasizlar.
13 Birdaniga farishta yonida lak-lak samoviy qo`shinlar bo`y ko`rsatdi. Ular Xudoga hamd-sano aytishardi:
14 “Samodagi Xudoga hurmatu izzat, yerdagi bandalarga tinchligu marhamat!”
15 Farishtalar ular oldidan osmonga ko`tarilgan zamon, cho`ponlar o`zaro so`z qotdilar: Qani kelinglar, Baytlahmga borib, Xudovand bizga bildirgan bu voqeani ko`raylik!
16 Ular yugura borishib, Maryam, Yusuf va oxurda yotgan chaqaloqni topdilar.
17 Ko`rishiboq, chaqaloq haqida o`zlariga aytilgan bashoratdan so`zladilar.
18 Hamma eshitganlar cho`ponlarning gapiga juda hayron bo`lishdi.
19 Maryam esa bu so`zlarning barini diliga tugib olib, chuqur o`ylab yurdi. Oxiri cho`ponlar:
20 Biz hamman narsani ayni aytilganidek topdik, - deb, eshitib ko`rganlari uchun Xudoga hamdu sano o`qib, qaytdilar.
21 Oradan sakkiz kun o`tib, chaqaloqni sunnat qilmoq lozim bo`ldi. Maryam homilador bo`lishidan oldin farishta unga buyurganiday, bolaning ismini Iso qo`ydilar.
22 Musoning qonunida bayon etilgan chilla davri tamom bo`lgach, Xudovandga bag`ishlash uchun Isoni Quddusga olib keldilar.
23 Chunki Xudovand Qonunida: “Tug`ilgan har bir to`ng`ich o`g`il Xudovandga bag`ishlansin”, deb bitilgan.
24 Yana Xudovand Qonunida aytilishicha, ular “ikkita musicha yoki ikkita kaptar palaponini” qurbon qilishga niyat qildilar.
25 O`sha vaqtda Quddusda Shim`o`n nomli bir odam bor edi. U solih va dindor bo`lib, Isroilning tasalli topish zamonini intizor bo`lib kutar edi. Muqaddas Ruh esa unga yor edi.
26 Muqaddas Ruh unga: “Sen Xudovand yuborgan Masihni ko`rmaguningcha, o`lmaysan”, deb ilhom bergan edi.
27 Shunday qilib, Shim`o`n Muqaddas Ruh ta`sirida ma`badga bordi. Isoning otasiyu onasi Ilohiy Qonunda buyurilgan marosimlarni ijro qilaylik, deb chaqaloqni ichkari olib kirganlarida,
28 Shim`o`n chaqaloqni quchog`iga bosib, Xudoni ulug`lab dedi:
29 “Hoy Egam, Sen aytgan so`zingga muvofiq, qulingga endi tinch javob bergaysan.
30 Zeroki o`z ko`zim-la ko`roldim filhol
31 barcha ellar uchun hozirlagan najoting,
32 turli elu xalqlarga ilohiy nur sochuvchi, xalqing Isroilga esa sharaf keltiruvchi najoting”.
33 Isoning otasi Yusuf va onasi U haqda aytilgan bu so`zlarga hayron bo`lishdi.
34 Shim`o`n ularni duo qilib, Isoning onasi Maryamga dedi: Mana, shu yotgan go`dak Isroilda ko`plarning qulashi va yuksalishiga sababchi bo`ladi, ilohiy sinoat deb ko`p qarshilik qo`zg`aydi.
35 Sening qalbingga ham bu tig` sanchilar, ko`plarning qalbidagi fikr-xayoli ham oshkor bo`lib qolar.
36 U yerda Osher qabilasidan Filuilning qizi Anna ismli juda keksa bir payg`ambar ayol ham bor edi. U yosh er ko`rib, yetti yida tul qolgan edi.
37 Sakson to`rt yoshar beva endi ma`baddan hech ayrilmasdi, ro`za tutardi, kechayu kunduz toat-ibodat qilib, Xudo xizmatida edi.
38 Shu onda u ham yaqinlashib, Xudovandni madh etgancha Quddusning najot kuniga ko`z tikib yurganlarning hammasiga bu bola haqida so`zlay boshladi.
39 Yusuf bilan Maryam Xudovand Qonunida buyurilgan butun udumlarni bajo keltirgandan keyin Jalilaga, o`z shaharlari Nosiraga qaytib bordilar.
40 Bola esa o`sib, hikmatga boy va ruhan baquvvat bo`la borgan sayin, Xudoning inoyati Unda namoyon bo`lar edi.
41 Isoning ota-onasi har yili Fisih bayramida Quddusga borar edilar.
42 Iso o`n ikki yoshga to`lganda, ular yana odatdagiday bayram uchun Quddusga bordilar.
43 Bayram kunlari tamom bo`lib, ular uyga qaytar ekanlar, o`smir Iso Quddusda qoldi. Isoning ota-onasi esa bunipayqamadilar.
44 U boshqalar bilan kelyapti, deb o`yladilar. Bir kunlik yo`l yurishgach, qarindosh bilan tanishlari orasida Isoni qidira boshladilar.
45 Uni topolmay, qidira-qidira Quddusga qaytdilar.
46 Uch kundan so`ng Uni ma`baddan topdilar. U muallimlar orasida o`tirib, ularni tinglar va ham savollar berar edi.
47 Uni tinglayotganlarning bari Uning fahm-idrokiga va berayotgan javoblariga hayron edilar.
48 Ota-onasi Uni ko`rib, ajablandilar. Onasi Unga: Bolam, nega bizni bunday ovora qilding? Mana, otang bilan men juda qayg`urib Seni qidirib kelyapmiz, - dedi.
49 Iso ularga: Meni qidirishingizning nima keragi bor edi? Yoki Otamning ishlari bilan mashg`ul bo`lishim kerakligini bilmas edingizmi? – dedi.
50 Ammo ular Uning aytgan so`zlarini tushunmadilar.
51 Iso ular bilan birga jo`nab, Nosiraga qaytib keldi. Ularga itoatli bo`lib yurdi. Onasi esa bu gaplarning hammasini diliga tugib oldi.
52 Shunday qilib, Iso zakovatda ham, yoshda ham ulg`ayib borib, Xudo va bandalarning mehrini qozonar edi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24