Luqo xushxabari 21 Bob
1 Iso ma`badning sadaqa qutisiga nazar solib, xayr-ehson tashlab turgan boy odamlarni ko`rdi.
2 Shuningdek, ikki tiyin tashlagan bir kambag`al beva ayolni ham ko`rdi.
3 Shunda Iso dedi: “Sizlarga chinini aytayin, bu kambag`al beva hammadan ko`proq ehson berdi.
4 Chunki bularning barisi o`zlarining ortiqcha pullaridan xudoyi qildi. Ammo bu ayol kachiligiga qaramasdan, o`zining bor-yo`g`ini tashladi”.
5 Ba`zi kishilar ma`badning naqadar go`zal toshlar va baxshidalar bilan bezatilgani to`g`risida so`zlashar edilar. Iso esa dedi:
6 Shunday kunlar keladiki, siz shu yerda ko`rib turgan binolardan biror g`isht butun qolmaydi, hammasi vayron bo`ladi.
7 Ular Isodan so`radilar: Ustoz, bu ishlar qachon yuz beradi? Bularning sodir bo`lajagini qanday alomatdan bilmoq mumkin?
8 Iso dedi: Yo`ldan ozmaslik uchun ehtiyot bo`linglar! Zero ko`plar “Bu Menman” va “Vaqt yaqin”, deb Mening nomim ostida keladilar. Ularning orqasidan bormanglar.
9 Urush va isyonlardan darak topganda cho`chimanglar. Chunki bular avvaldan bo`lib o`tishi kerak, lekin darhol so`nggi nihoya kelmaydi.
10 Keyin Iso davom etib ularga dedi: Xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko`tariladi.
11 Ayrim joylarda shiddatli zilzilalar, qahatchiliklar, o`latlar bo`ladi. Vahimali hodisalar sodir bo`lib, osmonda ajib g`aroyibotlar yuz beradi.
12 Lekin bularning hammasidan burun sizlarni iskanjaga olib, quvg`in qiladilar, diniy hay`atlarga topshirib, zindonlarga tashlaydilar. Mening nomim tufayli sizlarni podshohlar va hokimlar oldiga olib boradilar.
13 Shunda siz fursatdan foydalanib Men haqda shohidlik qilasizlar.
14 O`zimizni qanday himoya qilamiz, deb oldindan qayg`urmaslikni yuragingizga tugib olinglar.
15 Chunki Men sizlarni og`zi botir qilib, shunday hikmat beramanki, sizlarga qarshi chiqqanlardan birortasi ham fikringizni inkor etolmay, gapsiz-so`zsiz qoladilar.
16 Hatto ota-ona, aka-uka, qarindosh-urug`, yor-birodarlaringiz sizni tutib berishadi, ba`zilaringizni esa o`limga topshirishadi.
17 Mening nomim tufayli hamma sizdan nafratlanadi.
18 Biroq boshingizdan bir tola soch ham nobud bo`lmaydi.
19 Sabr-bardosh bilan joningizni saqlab qolasiz”.
20 “Quddusni qo`shinlar qurshab olganini ko`rganda bilingki, shaharning xarob bo`lish vaqti yaqinlashgan.
21 O`shanda Yahudiyada bo`lganlar tog`larga qochsin, shaharning ichida bo`lganlar undan chiqsin, atrof-tevarakda bo`lganlar shaharga aslo kirmasin.
22 Chunki bu kunlar barcha oyatlar bajo bo`lg`usi intiqom kunlari bo`ladi.
23 U kunlarda homilador va emizuvchi ayollarning holiga voy! Chunki yer yuzini katta musibat chulg`ab olib, bu xalqning boshiga qahr-g`azab yog`adi.
24 Ular qilich damidan o`tkazilib, barcha ellarga asir qilib olib ketiladilar. Yod xalqlarning davroni tugamaguncha, Quddus yod xalqlar tomonidan oyoq-osti qilinadi”.
25 “Quyosh, oy va yulduzlarda ajoyib alomatlar paydo bo`ladi. Dengiz shovillab-jo`shib to`lqinlangan sari, yer yuzidagi xalqlar esankirib ma`yuslikka tushadilar.
26 Odamlar jahonga kelayotgan musibatlarni kutib, qo`rquvdan ado bo`ladilar. Chunki o`shanda samoviy kuchlar larzaga keladi.
27 Nihoyat bulut ichida, buyuk qudrat va ulug`vorlik ila kelayotgan Inson O`g`lini ko`radilar.
28 Bu voqealar ro`y bera boshlaganda, endi xalos bo`lish vaqt-soatingiz yaqinlashganini bilib, qomatingizni g`oz tutib bosh ko`taringlar”.
29 Iso ularga bir masalni aytib berdi: “Anjir daraxtiga va daraxtning boshqa turlariga qaranglar:
30 ular yaproq yozayotganini ko`rib, yoz kelib qolganini o`zingiz ham anglaysiz.
31 Xuddi shunga o`xshab, boyagi ishlarning sodir bo`layotganini ko`rganingizda bilingki, Xudoning Shohligi juda yaqindir.
32 Sizlarga chinini aytayin, bu nasl o`tmasdanoq bularning barisi sodir bo`lajak.
33 Yeru osmon bitar, lekin Mening so`zlarim bitmas.
34 O`zingizni ehtiyot qiling! Aysh qilib, kayf surib, hayotning tashvishlari ostida bo`g`ilib, yuraklaringizni yog` bosmasin, tag`in u kun nogahon boshga tushib sizni to`rga ilintirmasin!
35 Chunki u kun yer yuzida yashovchi har bir kishini bosib olajak.
36 Shu sababdan doim hushyor bo`linglar. Yuz berguvchi bu musibatlardan omon qolishga kuch topib, Inson O`g`li oldida turishga munosib bo`lmoq uchun doimo ibodat qilinglar”.
37 Iso kunduzi ma`badda ta`lim berar, tunlarini esa shahardan chiqib, Zaytun tog`ida o`tkazar edi.
38 Barcha xalq Isoni tinglamoq uchun ertalabdan ma`badga, Uning huzuriga oqib kelar edi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24