Luqo xushxabari 7 Bob
1 Iso O`zini tinglab turgan xalqqa bu so`zlarini aytib bo`lganidan keyin, Kafarnahum shahriga kirdi.
2 U yerda bir yuzboshining juda aziz xizmatkori kasal bo`lib, o`lim to`shagida yotgan edi.
3 Yuzboshi Isodan xabardor bo`lib, U kelib xizmatkorini davolasin, deb iltimos qilish uchun yahudiylarning oqsoqollarini Uning huzuriga yubordi.
4 Ular Isoning yoniga kelgach, bir samimiy o`tinch bilan: U Sening shafoatingga munosibdir.
5 U xalqimizni sevadi, bizga hatto ibodatxona ham qurib bergan, - deyishdi.
6 Iso ular bilan birga ketdi. U uyga yayaqinlashib qolganda, yuzboshi Isoga bu gaplarni aytgani do`stlarini peshvoz chiqardi: Ey Hazrat, ovora bo`lma! Kulbamga oyoq bosishing uchun munosib emasman.
7 Shuning uchun Sening oldingga borishni ham o`zimga loyiq ko`rmadim. Sen birgina so`z aytsang, bas, xizmatkorim sog`ayib ketadi.
8 Chunki men ham buyruqqa tobe odamman, shuningdek, mening ixtiyorimda ham askarlar bor. Birisiga “ket” desam, ketadi, boshqasiga “kel” desam, keladi; biron xizmatkorimga “shuni qil” desam, qiladi.
9 Iso bu so`zlarni eshitgach, yuzboshiga hayron qoldi. U o`girilib, orqasidan ergashib kelayotgan xaloyiqqa: Sizlarga shuni aytib qo`yay, Men bunday zo`r e`tiqodni Isroilda ham topganim yo`q, - dedi
10 Yuborilganlar uyga qaytib kelishganda, bemor xizmatkorni tuzalgan holda ko`rdilar.
11 Oradan ko`p o`tmay, Iso Nain degan shaharga ketdi. Ko`plab shogirdlari va ancha xalq U bilan birga yurishar edi.
12 Iso shaharning darvozasiga yaqinlashganda, bir beva ayolning yakkayu yagona o`g`li o`ligini ko`tarib chiqayotgan edilar. Tumonat shahar aholisi u ayolni o`rab olgan edi.
13 Rabbimiz Iso onani ko`rgach, unga rahmi kelib: Yig`lama! – dedi.
14 U yondashib, tobutga qo`l tegizdi. Tobutkashlar to`xtab qolishdi. Iso o`likka: Ey yigit, senga aytyapman: tur o`rningdan! – dedi.
15 O`shanda o`lik rostlanib o`tirdi-da, gapira boshladi. Iso uni onasiga topshirdi.
16 Hammani vahima bosdi. “Oramizda buyuk payg`ambar paydo bo`ldi, Xudo O`z xalqini yo`qlab keldi”, - deganlaricha, Xudoni olqishlar edilar.
17 Shu tariqa Isoning dong`i butun Yahudiya hamda yon-atrofdagi joylarga tarqaldi.
18 Yahyoning shogirdlari bu bo`lib o`tgan voqealar haqida ustozlariga xabar berishdi.
19 Shunda Yahyo shogirdlaridan ikkitasini chaqirib: “Keladigan Qutqaruvchi Senmisan, yoki biz boshqasini kutaylikmi?” – deb so`rash uchun ularni Isoning oldiga yubordi.
20 Ular Isoning oldiga kelib: Bizni Yahyo payg`ambar yubordi. U Sendan: “Keladigan Qutqaruvchi Senmisan, yoki biz boshqasini kutaylikmi?” deb so`rayapti, - deyishdi.
21 Naq shu paytda Iso turli xastalik va illatlarga mubtalo va yovuz ruhlarga chalingan talay xalqqa shifo berib, ko`pgina ko`rning ko`zini ham ochib yurgan edi.
22 Iso Yahyoning shogirdlariga javoban dedi: Boringlar, ko`rib eshitayotganlaringizni Yahyoga bildiringlar: ko`rlar ko`ryapti, o`liklar tirilyapti va bechoralar Xushxabarni eshityaptilar.
23 Meni deb vasvasaga tushmagan baxtlidir!
24 Yahyoning xabarchilari ketgandan keyin, Iso xalqqa qarata Yahyo to`g`risida gapira boshladi: “Sahroga nima ko`rgani bordingizlar? Shamolda xilpirab turgan qamishnimi?
25 Axir, nima ko`rgani bordingizlar? Bashang kiyingan odamnimi? Biroq bashanglar, nash`alarda yashovchilar podshohlarning saroyida bo`ladi-ku!
26 Axir, nima ko`rgani bordingizlar? Payg`ambarnimi? Ha, sizlarga rostini aytsam, payg`ambardan ham ulug`ini ko`rdingizlar.
27 Bu kishi haqida Tavrotda shunday yozilgan: “Men Sendan avval O`z elchimni yuborarman, u Sening oldingda yo`l hozirlab yurar”.
28 Sizlarga aytamanki, ayol zotidan tug`ilganlar orasida Yahyo payg`ambardan ulug`roq biron payg`ambar yo`q. Shunga qaramay, Xudoning Shohligida eng kichik hisoblangani ham undan kattadir”.
29 Shunda barcha xalq va hatto soliqchilar ham Yahyoning va`ziga quloq solib, suvda imon keltirdilar va Xudoni odil deb tan oldilar.
30 Lekin din olimlari va farziylar suvda imon keltirmay, Yahyoning va`zini, shuningdek, o`zlariga mo`ljallangan Xudo irodasini rad qildilar.
31 “Shunday qilib, bu nasl odamlarini nimaga tenglashtiray? – davom etdi Rabbimiz Iso. – Ular nimaga o`xshaydi?
32 Ana ular maydonda o`tirishib, bir-biroviga: “Sizlarga nay chaldik, o`ynamadinglar, sizlarga yig`i chiqardik, yig`lamadinglar”, - deb qichqirashidan bolalarga o`xshaydilar.
33 Chunki Yahyo payg`ambar kelib non yemadi, sharob ichmadi; sizlar esa uni “jin uribdi” deysizlar.
34 Inson O`g`li kelib, ham edi, ham ichdi; bu gal esa Uni “kabobxo`ru sharobxo`r, soliqchilar bilan gunohkorlarning do`sti” deysizlar.
35 Va lekin ilohiy hikmat unga rioya qiluvchilar orqali oqlanadi”.
36 Farziylardan biri Isoni taom eyishga taklif qildi. Iso farziyning uyiga kirib, dasturxon atrofida o`tirdi.
37 Bu shaharlik gunohkor deb tanilgan bir ayol Isoning farziy uyida mehmon bo`lganligini bilib, üir ganch idishda atir moy olib keldi.
38 Isoning orqa tomonida, oyoqlari yonginasida turganicha yig`lab, ko`z yoshlari bilan Uning oyoqlarini ho`llay boshladi. So`ng sochlari bilan Isoning oyoqlarini artgancha, o`pa turib atir moy surtdi.
39 Isoni taklif etgan farziy buni ko`rgach: “Agar bu odam payg`ambar bo`lganida edi, Unga suykalib turgan shu ayolning kimligini, qanaqa gunohkor ayol ekanligini bilar edi”, - deb ko`nglidan o`tkazdi.
40 Iso unga qayrildi: Simun, senga aytadigan so`zim bor. Aytgil, Ustoz! – dedi u.
41 Iso dedi: Bir qarz beruvchining ikki qarzdori bor ekan, biri besh yuz, ikkinchisi ellik kumush tanga qarz bo`lgan ekan.
42 Biroq qarzdorlarning to`lash uchun hech narsasi bo`lmaganidan, u ikkovini ham kechiribdi. Aytib ber-chi, ulardan qaysi biri uni ko`proq sevar ekan?
43 Simun javob berib: Mening fikrimcha, ko`proq qarzi kechirilgan kishi bo`lsa kerak, - dedi. To`g`ri mulohaza qilding, - dedi unga Iso.
44 Keyin ayolga o`girilib: Bu ayolni ko`ryapsanmi? – dedi Simunga. – Men sening uyingga kelganimda, oyoqlarimni yuvgani suv berganing yo`q. U esa o`zining ko`z yoshlari bilan oyoqlarimni ho`llab, sochlari bilan artib quritdi.
45 Sen-chi Meni o`pganing yo`q, bu ayol esa kelganimdan beri oyoqlarimni o`pishdan to`xtamayapti.
46 Sen boshimga hatto moy quymading, u esa-chi oyog`imga atir moy surkadi.
47 Shuning uchun senga aytib qo`yay: uning ko`p gunohlari kechirilgan, ko`p sevishining sababi ana shunda. Kimki oz kechirilsa, u oz sevadi.
48 So`ng Iso ayolga qayrilib: Gunohlaring kechirildi, - dedi.
49 Iso bilan birga yeb-ichib o`tirganlar o`zlaricha fikr yurita boshlashdi: “Kim bo`ldi bu gunohni ham kechirayotgan?”
50 Iso esa yana ayolga: Ishonching seni qutqardi, eson-omon borgil, - dedi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24