Luqo xushxabari 11 Bob
1 Iso bir joyda ibodat qilar edi. Ibodatni tamom qilgach, shogirdlaridan biri Unga: Rabbiy! Yahyo o`z shogirdlarini o`rgatganidek, bizni ham ibodat qilishga o`rgat, - dedi.
2 Iso ularga dedi: Ibodat qilayotganingizda shunday deb aytinglar: Ey, Otamiz! Sening muqaddas isming ulug`lansin. Sening Shohliging kelsin.
3 Kundalik rizqimizni berib turgin.
4 Gunohlarimizni kechirgin, chunki biz ham o`zimizga qarzdor bo`lgan har bir kishini kechiramiz. Bizni vasvasaga duchor qilmagin.
5 Yana ularga dedi: “Faraz qilaylik, orangizda bir kishining do`sti bor. Yarim kechada do`sti uning oldiga kelib: Do`stim, menga uchta non qarz berib tur.
6 Mening bir do`stim yo`ldan o`ta turib, tashrif buyurdi. Oldiga qo`yadigan hech narsam yo`q, - deydi.
7 Unisi ichkaridan javob berib: Meni bezovta qilma, eshik qulf, bolalarim men bilan bir to`shakda yotishibdi, endi o`rnimdan turib senga berolmayman, - deydimi?
8 Sizlarga rostini aytsam: o`z do`sti bo`lgani uchun ham turib unga bermasa-da, lekin uning shilqimligi tufayli u turib, qancha so`rasa, shuncha beradi.
9 Shunday qilib, Men sizga aytaman: so`rab turinglar, sizga beriladi. Izlab turinglar, topasizlar. Taqillatib turinglar, eshik ochiladi.
10 Chunki har bir so`ragan olar, izlagan topar, taqillatganga eshik ochilar.
11 Orangizdagi qaysi bir ota, o`g`li undan non so`rasa, unga tosh beradi? Yoki baliq so`rasa, unga baliq o`rniga ilon beradi?
12 Yoki tuxum so`rasa, unga chayon beradi,
13 Shunday qilib, sizlar yovuz bo`la turib bolalaringizga yaxshi hadyalar bera bilar ekansiz, samodagi Ota undan so`raganlarga Muqaddas Ruhni berishi yanada shubhasizdir”.
14 Bir kuni Iso soqovdan jinni quvib chiqardi. Jin chiqqandan so`ng, soqov tilga kirdi, xalq esa hayratda qoldi.
15 Ammo oralaridan ba`zilari: “U ins-jinslar boshlig`i iblisning uchi bilangina jinlarni quvib chiqaryapti!” – dedilar.
16 Boshqalar esa Isoni sinab ko`rmoqchi bo`lib, osmondan dalolat ko`rsatishni Undan talab qildilar.
17 Iso ularning qalb kechinmalarini bilib, dedi: “O`z ichidan bo`lingan har bir podshohlik nuraydi, o`z ichidan bo`lingan xonadon xarob bo`ladi.
18 Agar shayton ham o`zaro bo`lingan bo`lsa, uning saltanati qanday tura oladi? Sizlar bo`lsa, yana Meni iblis kuchi bilan jinlarni quvib chiqarayotibdi, deysiz-a?
19 Agar Men jinlarni iblis kuchi bilan quvib chiqarayotgan bo`lsam, u hoda sizlarning o`g`illaringiz kimning kuchi bilan quvib chiqarishadi? Shu sabab ham ular sizga hakam bo`ladilar.
20 Agar-chi Men Xudo dasti ila jinlarni quvib chiqarayotgan ekanman, bu Xudo Shohligining sizga yetib kelgani demak.
21 Agar kuchli odam o`z uyini qurol-yarog`i bilan qo`riqlab tursa, uning mol-mulki bexatar bo`ladi.
22 Ammo undan kuchliroqi hujum qilib uni engsa, u tayangan barcha qurollarini tortib oladi va o`ljasini istaganga taqsimlab beradi.
23 Kim Men bilan birga bo`lmasa, Menga qarshidir. Kim Men bilan birga yig`masa, sochadi.
24 Yovuz ruh insondan chiqqanidan keyin, rohat izlab suvsiz yerlarni aylanib yuradi va topmagach: “Chiqqan uyimga qaytib boraman”, deydi.
25 Kelgach esa, uyni supurilgan va yig`ishtirilgan holda ko`radi.
26 Shunda borib, o`zidan ham yovuzroq boshqa yettita ruhni chaqiradi va ular bilan uyga kirib yashay boshlaydi. U odaning keyingi holi avvalgidan battarroq bo`lar”.
27 Iso bu so`zlarni aytayotganda, xalq orasidan bir ayol ovozini baland qilib: Seni asragan qorin, Seni emizgan ko`krak baxtlidir! – deb yubordi.
28 Lekin Iso dedi: Aniqrog`i, Xudo kalOmini tinglab uni bajo keltirganlar baxtlidir!
29 Ko`pdan-ko`p xaloyiq yig`ila boshlagach, Iso so`z ochib dedi: “Bu nasl yomondir! Bu nasl bir dalil izlamoqda, ammo Yunus payg`ambarning alomatidan boshqa unga dalil berilmaydi.
30 Yunus Nineviya aholisi uchun qanday alomatli bo`lgan bo`lsa, Inson O`g`li ham bu nasl uchun shunday alomatli bo`ladi.
31 Janub malikasi qiyomat kunida bu nasl odamlari bilan birga tirilib, ularni mahkum etadi. Chunki Sulaymonning hikmatini tinglash uchun dunyoning olis elidan kelgan. Hamda mana, Sulaymondan buyukrog`i bu yerdadir!
32 Nineviya odamlari qiyomat kunida bu nasl bilan birga turib, uni mahkum etadilar. Chunki ular Yunusning va`zi sababli tazarru qilganlar. Hamda mana, Yunusdan buyukrog`i bu yerdadir!”
33 “Hech kim shamni yoqib, uni ko`rinmas yerga yoki chelakning tagiga qo`ymaydi. Aksincha, kirganlar ziyoni ko`rsin, deb uni shamdonga qo`yadi.
34 Tanning chirog`i – ko`z. Aga ko`zing tiniq bo`lsa, butun taning ham nurli bo`lar. Agarda ko`zing yomon bo`lsa, taning ham qorong`i bo`lar.
35 Shuning uchun ichingdagi nur qorong`i bo`lmasligiga e`tibor ber.
36 Agar taningda biron qorong`i qism bo`lmay, hamma joyi nurlanib tursa, shunda yonar chiroq seni yoritgandek, butun taning ham yorqin bo`lar.
37 Iso bularni gapirib turganda, bir farziy Uni dasturxonga taklif qildi. Iso uning uyiga kirib, ovqatlanishga o`tirdi.
38 Iso ovqatdan oldin qo`llarini yuvmaganini farziy ko`rib, ajablandi.
39 Rabbimiz Iso unga dedi: “Ey farziylar, sizlar piyolayu tovoqning sirtini tozalaysiz-u, ammo ichingiz talonchilik va yovuzlikka to`lib-toshadi!
40 Hoy befahmlar! Sirtni yaratgan ichni ham yaratgan emasmi?
41 Yaxshisi, o`zingizda boridan xayr-sadaqa beringlar, shunda sizlar uchun hamma narsa halol bo`ladi.
42 Ey farziylar, holingizga voy! Sizlar yalpiz, za`faron va har xil sabzavotdan ushr berasiz-u, ammo haqqoniyat va Xudo sevgisiga beparvosizlar! Bularning birini bajara turib, ikkinchisini ham tashlab qo`ymasligingiz kerak edi.
43 Ey farziylar, holingizga voy! Sizlar ibodatxonalarda to`rda o`tirish va xalq yig`inlarida alik olishni yaxshi ko`rasizlar.
44 Holingizga voy, ey munofiq tafsirchilar hamda farziylar! Sizlar odamlar sezmay ustidan bosib o`tgan belgisiz qabrlarga o`xshaysizlar”.
45 Shu mahalda Tavrot tafsirchilaridan bir so`zga chiqib Isoga: “Ustoz, bu so`zlarni aytib, bizni ham ranjitding-ku”, - dedi.
46 Iso esa aytdi: “Ey tafsirchilar, sizlarning ham holingizga voy! Siz ko`tarib bo`lmaydigan yuklarni insonlarga yuklaysiz-u, o`zlaringiz esa u yuklarga barmog`ingizni ham tekkizmaysizlar.
47 Holingizga voy! Sizlar ota-bobolaringiz o`ldirgan payg`ambarlarga maqbara qurasizlar.
48 Shu bilan ota-bobolaringizning qilmishlarini tasdiqlab, ularga hamfikrdek bo`lmoqdasizlar. Ular-chi payg`ambarlarni o`ldirishgandi, sizlar esa ularga maqbara qurib yuribsizlar!
49 Shuning uchun ham Xudo O`z hikmatlarida shunday degan: “Men ularga payg`ambarlar va rasullar yuboraman. Ulardan ba`zilarini o`ldiradilar, ba`zilarini esa quvg`in qiladilar”.
50-51 Shu sababli, dunyo bino bo`lgandan beri to`kilgan barcha payg`ambarlar qoni, Hobildan tortib, qurbongoh ila ma`bad orasida o`ldirilgan Zakariyogacha to`kilgan barcha qonlar shu naslning bo`yniga tushadi! Ha, sizlarga yana aytamanki, bu qonlar shu nasldan talab qilinadi!
52 Ey tafsirchilar, ma`rifat kalitini qo`lga olganingiz uchun holingizga voy! O`zlaringiz-ku eshikdan kirganingiz yo`q, kirmoqchi bo`lganlarga esa to`sqinlik qilib turibsizlar”.
53 Iso bularni endi aytib tugatar ekan, ulamolar va farziylar Uni qattiq siquvga oldilar, ko`plab so`roqlarga javob berishga majburladilar.
54 Uning og`zidan Uni ayblovchi biron gap chiqishini poylab, Uni tuzoqqa tushirish payida edilar.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24