Menyu

Luqo xushxabari 16 Bob


1 Iso O`z shogirdlariga ham aytdi: “Bir boyning xo`jalik ishlarini boshqaruvchisi bor ekan. Boyning qulog`iga, ish boshqaruvchi mol-mulkingizni bejo sarf qilib yuribdi, degan chaquv yetibdi.

2 Shunda boy ish boshqaruvchini chaqirib: Sen to`g`ringda uzunquloq gap yuribdi. Ishlaringning hisobini ber, sen endi uyimni boshqarolmaysan, - debdi.

3 Ish boshqaruvchi o`zicha: Nima qilsam ekan? – debdi. – Xo`jayinim boshqaruvchilikni qo`limdan olyapti. Yer qazishga kuchim yetmaydi, tilanchilik qilish esa menga uyat.

4 Boshqaruvchilikdan bo`shatilganimdan so`ng odamlar yana o`z uylariga qabul qilishlari uchun nima qilsam bo`ladi? So`ng: Ha, topdim! – debdi-da,

5 Xo`jayinidan qarz bo`lganlarning har birini alohida yoniga chaqiribdi. Birinchisidan so`rabdi: Xo`jayinimdan qancha qarzing bor?

6 Yuz kuva zaytun moyi, - javob beribdi u. Tilxatingni ol, tezda o`tirib ellik kuva deb yoz! – debdi unga ish boshqaruvchi.

7 Keyin boshqasidan ham so`rabdi: Sening qancha qarzing bor? Yuz qanor bug`doy, - javob beribdi u. Unga ham: Tilxatingni ol, sakson qanor deb yoz! – debdi.

8 Xo`jayini esa o`zining bu shum ish boshqaruvchisini, aqlli ish qilding deb maqtabdi. Chindan ham bu dunyoning odamlari o`zlariga o`xshaganlar orasida nur ahlidan ko`ra es-hushliroq harakat qiladilar”.

9 “Men sizga aytamanki, bu bevafo dunyoning boyligidan foydalanib do`st orttiringlar, toki bu boylik tugagach, sizlarni abadiy makonlarga qabul qilsinlar.

10 Kichik ishda sadoqatli bo`lgan buyuk ishda ham sadoqatlidir. Kichik ishda sadoqatsiz bo`lgan buyuk ishda ham sadoqatsizdir.

11 Agar siz bu bevafo dunyoning boyligiga sodiq bo`lmasangiz, haqiqiy boylikni sizga kim ishonib beradi?

12 Agar boshqalarning narsasisa sodiq bo`lmasangiz, o`z nasibangizni sizga kim beradi?

13 Hech qanday xizmatkor ikki xo`jayinga xizmat qilolmaydi. U yo birini yomon ko`rib, boshqasini sevadi, yoki biriga ixlos qo`yib, boshqasini xor qiladi. Siz ham Xudoga, ham pulga birdek sig`ina olmaysiz”.

14 Farziy mazhabidagilar bularni eshitib, pulparast bo`lganlari uchun Isoga mazax qila boshladilar.

15 Iso ularga dedi: “Siz odamlar oldida o`zingizni taqvodor qilib ko`rsatasizlar, lekin Xudo yuragingizni biladi. Ana, odamlarda ko`kka ko`tarilgan neki bo`lmasin, Xudo nazarida jirkanchdir.

16 Tavrot va Payg`ambarlar davri Yahyo kelguncha davom etdi. U vaqtdan buyon Xudo Shohligi to`g`risidagi Xushxabar va`z qilinmoqda va hamma bu Shohlikka kirish uchun zo`r bermoqda.

17 Biroq Tavrotdan bir chiziq yo`qolishidan ko`ra, yeru osmonning yo`qolishi osonroqdir.

18 Kimda-kim o`z xotinidan ajralib, boshqasiga uylansa, zino qilgan bo`ladi. Shuningdek, eridan ajralgan xotinga uylangan kishi ham zino qilgan bo`ladi”.

19 “Kimxob va shoyi kiyimlar kiyib, har kuni dabdabali bazmlarda kayf-safo surgan bir boy odam bor ekan.

20 Boyning darvozasi oldida hamma badaniga yara toshgan Lazar ismli bir qashshoq gadoy yotar ekan.

21 U boy dasturxonidan to`kilgan ushoqlar bilan qorin to`ydirishni orzu qilar, itlar esa kelib uning yaralarini yalab ketar ekan.

22 Bir kuni gadoy o`lib qolibdi, farishtalar uni Ibrohim alayhissalomning yoniga olib boribdilar. Keyin boy ham o`lib, uni ko`mishibdi.

23 Tamug` azobilan o`tar ekan, boy boshini ko`tarib uzoqdagi Ibrohimni va uning yonidagi Lazarni ko`ribdi.

24 U faryod ko`tarib: Ey Ibrohim ota! Menga rahm qilib Lazarni yuborgin, u barmog`ining uchini suvga botirib, tilimga suv tomizsin. Chunki men bu olovda ko`p azob chekyapman, - debdi.

25 Ibrohim unga shunday javob beribdi: Unutma, o`g`lim, sen hayotingda yaxshilik nasibangni olib bo`lding. Lazar esa yomonlik nasibasini olib bo`ldi. Endi u bu yerda tasalli topyapti, sen bo`lsang, azob chekyapsan.

26 Bundan tashqari siz bilan bizning oramizda tubsiz jarlik bor. Bu yerdan siz tomon o`tmoqchi bo`lganlar o`ta olmaydilar va u yerdan biz tomon ham o`tmaydilar.

27 Unday bo`lsa, ey ota, sendan o`tinib so`rayman, Lazarni otamning uyiga yuborgin.

28 Mening beshta ukam bor. Ular ham bu azobli joyga kelmasliklari uchun ularni ogohlantirib qo`ysin, - debdi boy.

29 Ibrohim unga: Ular Muso payg`ambarni va boshqa payg`ambarlarni bilishadi, ularga quloq solishsin, - debdi.

30 Boy esa: Yo`q, Ibrohim ota, quloq solmaslar. Faqat o`liklardan biri ularning oldiga borsa, o`shanda tavba qilarlar, - debdi.

31 Ibrohim shunday debdi: Agar Muso va boshqa payg`ambarlarga quloq solmagan bo`lsalar, o`liklardan biri tirilib borsa ham ishonmaydilar”.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24