Menyu

Luqo xushxabari 14 Bob


1 Bir shanba kuni Iso farziylar mazhabi boshliqlaridan birining uyiga mehmonga bordi. Uni zimdan kuzatib turishardi.

2 Isoning oldida istisqo dardidan qiynalib yurgan bir odam paydo bo`ldi.

3 Iso uni ko`rishi bilan Tavrot tafsirchilari va farziylarga qayrilib: Dam olish kunida kishini shifolash mumkinmi, yo`qmi? – deb so`radi.

4 Ular esa indamadilar. Iso bu odamni ushladi-da, shifolab, jo`natib yubordi.

5 So`ng din peshvolariga dedi: Sizlardan kimningdir o`g`li yoki ho`kizi quduqqa tushib ketsa, shanba kuni bo`lishiga qaramay, darhol chiqarib olmasmidingiz?

6 Ular esa bu gapga biron javob topa olmadilar.

7 Mehmonlar to`rda o`tirishga intilayotganlarini payqagan Iso ularga ibratli naql aytdi:

8 “Seni birov nikoh to`yiga chaqirsa, to`rga chiqib o`tiraverma. Ehtimol, taklif etilganlar orasida sendan e`tiborlirog`i bo`lib qolar.

9 Shunda ikkovingizni ham chaqirgan mezbon kelib senga: “Bu o`rinni unga bo`shatib ber”, - deyishi mumkin. Sen esa hijolat tortib, poygahda o`tirishga majbur bo`lasan.

10 Shuning uchun taklif etilgan bo`lsang, poygahda o`tirib tur, toki mezbonning o`zi kelib senga : “Do`stim, iltimos to`rga chiqqin”, - deb aytsin. Shunda boshqa mehmonlar ko`zida sening hurmating ortadi.

11 Kimki o`zini yuqori olsa, pasaytiriladi. Kimki o`zini past olsa, yuksaltiriladi”.

12 So`ng Iso O`zini taklif qilgan uy egasiga dedi: “Tushki yoki kechki ziyofat qilganingda, do`st, aka-uka, qarindosh-urug` va boy qo`shnilaringnigina chaqirib turma. Chunki ular ham seni chaqirib, qarimta qilishiga to`g`ri keladi.

13 Aksincha, ziyofat berganingda, qashshoq, mayib, shol va ko`rlarni chaqir.

14 Shunda sen baxtlisan. Chunki ular senga qarimtasini qaytara olmasa-da, lekin qiyomatda solihlar tirilganida sen buning qarimtasini ko`rasan”.

15 Iso bilan birga dasturxon atrofida o`tirganlardan biri bu so`zlarni eshitib, Unga: Xudoning Shohligida tuz totgan kishi baxtlidir! – dedi.

16 Iso O`z navbatida unga dedi: “Bir odam kechki katta dasturxon yasab, ko`plarni taklif etibdi.

17 Ziyofat vaqti yetganida: Kelinglar, dasturxon tayyor bo`ldi, - deb mehmonlarni chaqirmoq uchun xizmatkorini yuboribdi.

18 Shunda hammalari kelishib olgandek, uzr so`ray boshlashibdi. Birinchisi unga: Men yer sotib oldim, borib uni ko`rishim kerak. Iltimos, meni kechiring, - debdi.

19 Boshqasi esa: Men besh juft ho`kiz sotib oldim, ularni sinagani boryapman. Iltimos, meni kechiring, - debdi.

20 Uchinchi birovi ham: Men xotin oldim, shuning uchun kelolmayman, - debdi.

21 Xizmatkor qaytib kelib, xo`jayiniga vaziyatni tushuntiribdi. Xo`jayin g`azablanib, xizmatkoriga: Tez bo`l, shaharning yo`lak va ko`chalarini kezib chiq, qashshoq, mayib, shol va ko`rlarni bu yerga olib kel, - debdi.

22 Xizmatkor borib kelib: Xo`jayin buyurganlaringizni bajardim-u, yana ham bo`sh joy bor, - debdi.

23 Shunda xo`jayin xizmatkorga: Yo`llarga chiq, so`qmoqlarga bor, elni kelishga qista, toki uyim to`lsin, - debdi.

24 Sizlarga aytamanki, chaqirilgan odamlardan birortasi ham ziyofatimdan totib ko`rmaydi. [Chunki da`vat etilganlar ko`p, ammo tanlanganlar ozdir.]”

25 Ko`pdan-ko`p xaloyiq Iso bilan birga borar ekan, U o`girilib ularga dedi:

26 “Agar kim Mening huzurimga kelsa-yu, o`zining ota-onasi, xotini, bola-chaqasi, aka-ukasi, opa-singillari va hatto o`z jonidan ko`ngil uzmasa, u Mening shogirdim bo`lolmaydi.

27 Kimki o`z xochini ko`tarib orqamdan yurmasa, Mening shogirdim bo`lolmaydi.

28 Sizlardan birortangiz imorat qurmoqchi bo`lsangiz, uni bitirish uchun mablag` yetarlimi, deb oldindan xarajatini hisoblab chiqmaysizmi?

29 Bo`lmasa poydevor solib, imorat qura bilmasangiz, o`tgan-ketgan ko`rib:

30 “Bu odam qurishni boshladi-yu bitira olmadi”, - deb masxara qilishadi.

31 Yoki qaysi podshoh boshqa bir podshohga qarshi urushga borsa, o`zimning o`n ming askarim bilan yigirma ming askarga qarshi chiqishga kuchim yetarmikin, deb oldindan o`tirib maslahatlashmas ekan?

32 Kuch yetmasa, dushman hali uzoqdaligida uning oldiga elchi yuborib sulh so`raydi.

33 Shunday qilib, sizlardan har biringiz o`zingizning bor-yo`g`ingizdan ko`ngil uzmasangiz, Mening shogirdim bo`lolmaysiz.

34 Tuz – yaxshi narsa. Lekin tuz o`z ta`mini yo`qotsa, uni yana nima bilan sho`r qilish mumkin?

35 Yerga ham, go`ngga ham yaramaydi, uni axlatga tashlab yuboradilar. Kimning eshitar qulog`i bo`lsa, eshitsin!”

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24