Luqo xushxabari 6 Bob
1 Fisih bayramidan keyingi birinchi shanbada Isoning g`alla dalasidan o`tishiga to`g`ri keldi. Uning shogirdlari boshoqlarni uzib, kaftga uqalab eyayotgan edilar.
2 Ba`zi farziylar esa ularga dedi: Nega sizlar dam olish kunida qilish mumkin bo`lmagan ishni qilyapsizlar?
3 Iso ularga shunday javob berdi: Nahotki sizlar Dovud bilan uning hamrohlari och qolganda nimalar qilganini hech o`qimagan bo`lsangiz?
4 Dovud Xudoning uyiga kirib, faqat ruhoniylargina eyishi mumkin bo`lgan baxshida nonlarni olib yeb, hamrohlariga ham bergan edi.
5 Keyin Iso ularga dedi: Inson O`g`li dam olish kunining ham hokimidir.
6 Boshqa shanba kunida ham Iso ibodatxonaga kirib ta`limberishga tushdi. U yerda o`ng qo`li qurib qolgan bir odam bor edi.
7 Ulamolar bilan farziylar Isoni ayblash uchun biron vaj topish maqsadida, U shanba kunida ham odamni sog`aytirarmikan, deb Uni kuzatib turdilar.
8 Iso bo`lsa, ularning fikrlarini bilib, qo`li shol odamga: O`rningdan turib o`rtaga chiq! – deb buyurdi. U o`rtaga chiqdi.
9 Iso hammaga xitob qilib dedi: Men sizlarga savol beray: dam olish kunida nima qilish lozim – yaxshilikmi yoki yomonlikmi? Jonni xalos qilishmi yoki halok qilishmi? Ular indamadilar.
10 Iso ularga birin-ketin ko`z yururtirdi-da, u odamga: Qo`lingni uzat! – dedi. U odam shunday qilishi bilanoq shol qo`li boshqa qo`liday soppa-sog` bo`lib qoldi.
11 Boshqalar esa jazavalanib, Isoni nima qilsak ekan, deb o`zaro fikrlasha boshladilar.
12 O`sha kunlarda Iso ibodat uchun toqqa chiqdi va kechani Xudoga ibodat qilish bilan o`tkazdi.
13 Tong yorishgach, shogirdlarini yoniga chaqirdi va oralaridan quyidagi o`n ikki kishini tanlab, havoriy qilib tayinladi:
14 U Butrus deb ham yuritgan Simun, uning ukasi Idris, Yoqub, Yuhanno, Filip, Bartolmey,
15 Matto, To`ma, Alfey o`g`li Yoqub, vatanparvar deb tanilgan Simun,
16 Yoqub o`g`li Yahudo va keyinchalik hiyonat qilgan Yahudo Ishqariyot.
17 Shundan so`ng Iso ular bilan birga pastga tushib, yassi bir joyda to`xtadi. Uning ko`plab shogirdlari, shuningdek, butun Yahudiyadan, Quddusdan, Tir va Sido`n sohillaridan kelgan juda katta olomon
18 Isoni tinglash va o`z xastaliklaridan forig` bo`lish uchun u yerga to`plangan edilar. Yomon ruhlardan aziyat tortganlar ham kelib, shifo topar edilar.
19 Butun xalq Unga qo`l tegizish ilinjida intilar edi, chunki Undan hammani sog`aytiradigan shifobaxsh bir kuch chiqar edi.
20 Iso ko`zlarini shogirdlariga tikib, dedi: “Ey kambag`allar, saodatlisiz! Chunki Xudoning Shohligi siznikidir.
21 Ey hozir och-yupunlar, saodatlisiz! Chunki siz to`q bo`lajaksizlar. Ey hozir yig`layotganlar, saodatlisiz! Chunki sizga sevinch kulgisi kelur.
22 Inson O`g`liga yon bosganingiz uchun odamlar sizdan nafratlansa, jamiyatdan quvg`in qilib, haqorat qilsa, nOmingizga dog` tushirib etsa badnom, siz baribir saodatmandsizlar!
23 O`sha kunda sevining, sevinchdan o`ynanglar! Zero sizga samo mukofoti buyuk bo`lur. Payg`ambarlarga ham atolari shu yo`lni tutgan.
24 Lekin boylar, holingizga voy! Chunki siz o`z huzuringizni olib bo`ldingiz.
25 Ey hozir to`qlar, holingizga voy! Chunki siz och qolajaksizlar. Hozir kulguvchilar, holingizga voy! Siz yig`lab-ho`ngraysizlar.
26 Siz haqda xush gapirsa-da hamma insonlar, bu holda ham holingizga voy! Soxta payg`ambarlarga ham atolari shu yo`lni tutgan”.
27 “Lekin siz, tinglayotganlarga aytaman: dushmanlaringizni sevinglar, sizdan nafratlanganga yaxshilik qilinglar.
28 Sizga qarg`ish yog`dirganga duolar o`qing. Sizga ozor berganlar uchun ibodat qilinglar.
29 Bir chakkangga urgangaikkinchisini ham tut. To`ningni olgandan ko`ylagingni ham ayamagil.
30 Sendan so`ragan har kimsaga ber, senikini olgandan qaytarib berishni talab qilma.
31 Odamlar sizlarga qanday muomala qilishlarini istasangizlar, siz ham ularga shunday muomalada bo`ling.
32 Agar sizni sevganlarnigina sevsangiz, qanday savob qilgan bo`lasizlar? Ana, gunohkorlar ham o`zlarini sevganlarni sevadilar.
33 Agar o`zingizga yaxshilik qilganlargagina yaxshilik qilsangiz, qanday savob qilgan bo`lasiz? Ana, gunohkorlar ham xuddi shunday qiladilar.
34 Agar siz qaytarib olishga umid qilib qarz bersangiz, qanday savob qilgan bo`lasiz? Ana, gunohkorlar ham qancha qarzlari bo`lsa, shuncha qaytarib olish maqsadidagina gunohkorlarga qarz beradilar.
35 Lekin siz dushmanlaringizni seving, yaxshilik qiling, hech narsa mama qilmay qarz bering. Shunda buyuk mukofot olib, Taoloning o`g`illari bo`lasizlar. Chunki Uning O`zi ham noshukurlar bilan yomon niyatlilarga nisbatan mehribon-ku.
36 Shunday qilib, Otangiz rahmdil bo`lgani kabi, sizlar ham rahmdil bo`linglar”.
37 “Boshqalarni hukm qilmang, sizlar ham mahkum bo`lmaysiz. Boshqalarni ayblamang, sizlar ham aybdor bo`lmaysiz. Boshqalarni kechiring, sizlar ham kechirilasiz.
38 Boshqalarga bering, sizlarga ham qaytadi – yaxshilab bosilgan, silkitilgan, to`lib-toshgan o`lchov bilan qo`yin-qo`njingizga to`kiladi. Chunki sizlar qanday o`lchov bilan o`lchasangizlar, xuddi shunday o`lchov sizlarga ham tatbiq etiladi”.
39 Iso ularga quyidagi matalni ham aytib berdi: “Ko`r ko`rni yetaklab yura olarmikin? Ikkalasi ham chohga tushib ketmasmikin?
40 Ana, shogird o`z ustozidan yuqori bo`lmas. Ammo kamolotga yetgandan keyin har kim o`zining ustoziday bo`lur.
41 Sen nega brodaringning ko`zidagi zirapchani qaraysan-u, lekin o`z ko`zingdagi xodani sezmaysan?
42 Sen o`z ko`zingdagi xodani ko`rmay turib qanday birodaringga: “Kel, birodarim, ko`zingdagi zirapchani chiqaray”, deya olasan? Ey ikkiyuzlamachi! Oldin o`z ko`zingdan xodani chiqarib qo`y, keyin birodaringning ko`zidan zirapchani chiqarishni aniq ko`rasan”.
43 “”Yaxshi daraxt yomon meva bermas, yomon daraxt ham yaxshi meva bermas.
44 Har bir daraxt o`z mevasidan bilinur. Tikanzordan anjir terilmas, butazordan uzilmas uzum.
45 Yaxshi odam o`zining yaxshi qalb xazinasidan yaxshilik chiqarur. Yomon odam o`zining yomon qalb xazinasidan yomonlik chiqarur. Odamning dili nimaga to`lib-toshsa, tili o`shani gapirur”.
46 “Nega sizlar Meni “Yo Rabbim, yo Rabbim” deb chaqirasizlar-u, aytganlarimni qilmaysizlar?
47 Mening oldimga kelgan va so`zlarimni eshitib, bajo keltirgan har bir kishining kimga o`xshashligini sizlarga uqtiray:
48 U uy qurayotganda qazib chuqur qilgan va poydevorini tosh ustiga o`rnatgan odamga o`xshaydi. Sel toshib, o`sha uyni suv bosibdi-yu, lekin uyni qo`zg`atolmabdi. Chunki u tosh ustiga mahkam o`rnatilgan ekan.
49 Lekin so`zimni eshitib, unga amal qilmagan kishi uyini tuproq ustiga, poydevorsiz qurgan odamga o`xshaydi. U uyni suv bosgan hamon qulab tushibdi, uning xarobaligi esa qo`rqinchli bo`libdi”.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24