Luqo xushxabari 3 Bob
1 Qaysar Tiberius saltanatining o`n beshinchi yili edi. Yahudiyada Po`ntiy Pilat, Jalilada Hirod, Itureya bilan Traxonit viloyatlarida uning ukasi Filip, Avilina yurtida esa Lisaniy hokimlik qilar edilar.
2 Hanan va Kayafa oliy ruhoniy lavozimida edilar. O`sha vaqtda sahroda yashayotgan Zakariyoning o`g`li Yahyoga Xudo kalomi keldi.
3 Yahyo O`rdun daryosi atrofidagi butun yurtlarni keza boshladi, xalqni tavba-tazarru qilishga va gunohlari kechirilishi uchun suvga cho`mib imon keltirishga chorladi.
4 Bu voqea xuddi Isha`yo payg`ambarning kitobida bitilgan oyatga to`g`ri keladi: “Mana, cho`lda nido yangramoqda: Xudovand yo`lini tayyorlangiz, ravon aylangiz so`qmoqlarin! – deya.
5 Neki soy bor, to`lajak lim-lim, har tog`u tosh cho`kajak bir qur. Qing`ir-qiyshiq yo`llar rostlanib, past-balandliklar tekis bo`lur,
6 har bir bashar Xudo najotin ko`rur”.
7 Yahyo o`z huzurida suvga cho`mib imon keltirish uchun kelayotgan xalq ommasiga xitob qildi: Hoy ilonlar zoti-ey! Boshingizga kelayotgan Xudo g`azabidan qochishni sizlarga kim uqtirdi?
8 Bundan buyon tavba qilganingizga yarasha samara beringlar! O`zingizcha: Otamiz Ibrohim, deb o`ylab o`tirmanglar. Men sizlarga: Xudo shu toshlardan Ibrohimga avlod tiklashga qodir, deyapman.
9 Hozirdan daraxtlar ildizida bolta yotibdi-ku. Endi yaxshi meva bermagan har bir daraxt kesilib olovga tashlanadi.
10 Xaloyiq Yahyodan so`radi: Unday bo`lsa, biz nima qilishimiz kerak?
11 U javob berib dedi: Kimning ikkita ust-boshi bo`lsa, birini muhtojlarga bersin. Kimning oziq-ovqati bo`lsa, u ham shunday qilsin.
12 Soliqchilardan ba`zilari ham suvda imon keltirish uchun kelib, Yahyodan: Ustoz, biz nima qilishimiz kerak? – deb so`rashdi.
13 Yahyo: Sizlarga buyurilganidan ortig`ini talab qilmanglar, - deb javob berdi.
14 Ba`zi bir askarlar ham undan: Xo`sh, bizlar nima qilishimiz kerak? – deb so`radilar. Yahyo ularga: Hech talonchilik qilmanglar, hech kimning haqini yemanglar, o`z maoshingiz bilan qanoatlanib yuringlar, - dedi.
15 Xaloyiq umidvor bo`lib, Yahyo haqida: “Bu Masih emasmikin?” – deb ko`ngildan o`tkazib turar edi.
16 Yahyo esa hammaga javoban dedi: Men sizlarni suvgagina cho`mdirib yuribman. Lekin bundan so`ng mendan qudratli Kishi kelmoqda, men Uning choriq iplarini echishga ham munosib emasman. U sizlarni Muqaddas Ruhga va olovga cho`mdiradi.
17 Uning panshaxasi qo`lida tayyor turibdi, U O`z xirmonini shopirib tashlaydi: bug`doyni O`z omboriga to`plab, somonni esa so`nmas o`tda yondirib yuboradi.
18 Yahyo yana ko`p narsalar xususida xaloyiqqa nasihat qilib, Xushxabarni bayon etar edi.
19 Viloyat hokimi Hirod ham Yahyo tarafidan fosh bo`lib qoldi. Chunki u o`z ukasining xotini Hirodiyani olgan va boshqa bir qator yomonliklar ham qilgan edi.
20 Shunday qilib, Hirod qilg`iliklari yetmaganday, buning ustiga Yahyoni zindonga qamatib qo`ydi.
21 Barcha xaloyiq suvga cho`mib imon keltirayotgan vaqtda, Iso ham suvga cho`mdi. U ibodat qilib turganda osmon ochilib ketdi
22 va Muqaddas Ruh jism tusini olib, kaptar shaklida Uning ustiga tushib keldi. Osmondan esa: “Sen Mening sevikli O`g`limsan, Sendan mamnunman”, - degan sado keldi.
23 Iso O`z xizmatini boshlagan vaqtda o`ttiz yoshlar chamasida edi. U Yusufning o`g`li hisoblanar edi. Yusuf esa – Eli o`g`li,
24 Mattot o`g`li, Leviy o`g`li, Malkiy o`g`li, Yanay o`g`li, Yusuf o`g`li,
25 Mattatiyo o`g`li, Omo`s o`g`li, Nahum o`g`li, Hesli o`g`li, Nagay o`g`li,
26 Mahat o`g`li, Mattatiyo o`g`li, Shim`iy o`g`li, Yo`seh o`g`li, Yo`do o`g`li,
27 Yuhanno o`g`li, Rezo o`g`li, Zarubobil o`g`li, Sha`ltiel o`g`li, Neriy o`g`li,
28 Malkiy o`g`li, Addiy o`g`li, Qosam o`g`li, Elmodam o`g`li, G`er o`g`li,
29 Yo`shua o`g`li, Il`azar o`g`li, Yorim o`g`li, Mattot o`g`li, Leviy o`g`li,
30 Shim`o`n o`g`li, Yahudo o`g`li, Yusuf o`g`li, Yunus o`g`li, Elyoqim o`g`li,
31 Maliyo o`g`li, Manno o`g`li, Mattato o`g`li, Natan o`g`li, Dovud o`g`li,
32 Ishay o`g`li, Obid o`g`li, Bo`az o`g`li, Salmo`n o`g`li, Nahsho`n o`g`li,
33 Amminadob o`g`li, Rom o`g`li, Hasro`n o`g`li, Paras o`g`li, Yahudo o`g`li,
34 Yoqub o`g`li, Ishoq o`g`li, Ibrog`im o`g`li, Terah o`g`li, Naho`r o`g`li,
35 Sarug` o`g`li, Rag`u o`g`li, Falaj o`g`li, Haver o`g`li, Shalah o`g`li,
36 Qenan o`g`li, Arpaxshod o`g`li, Som o`g`li, Nuh o`g`li, Lamak o`g`li,
37 Matushaloh o`g`li, Hano`h o`g`li, Yored o`g`li, Maholalil o`g`li, Qenan o`g`li,
38 Eno`sh o`g`li, Shit o`g`li, Odam o`g`li, Xudo o`g`li edi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24