Menyu

Matto xushxabari 10 Bob


1 Iso O`zining o`n ikki shogirdini yoniga chaqirib, odamlardan yomon ruhlarni quvib chiqarish va har qanday dardu illatni sog`aytirish uchun ularga qudrat ato etdi.

2 Ushbu o`n ikki havoriyning ismlari esa quyidagicha: birinchisi Butrus deb atalgan Simun va uning ukasi Idris, keyin Zabadiyning o`g`illari Yoqub bilan ukasi Yuhanno,

3 Filip, Bartolmey, To`ma, soliqchi Matto, Alfeyning o`g`li Yoqub va Taddey deb atalgan Leviy,

4 vatanparvar Simun hamda Isoning xoini Yaxudo Ishqariyot.

5 Iso bu o`n ikkovini jo`natib, buyruq berdi: “Majusiylar yo`liga oyoq bosmanglar va samariyaliklarning biron shahriga kirmanglar.

6 Aksincha, adashgan qo`ylarga o`xshagan Isroil xalqi oldiga boringlar.

7 Yo`lingiz qayga tushmasin, elga: “Osmon Shohligi yaqinlab qoldi”, - deb e`lon qilinglar.

8 Xastalarni sog`aytiringlar, moxovlarni pok qilinglar, o`liklarni tiriltiringlar, jinlarni quvib chiqaringlar. Tekin oldingizlar, tekin beringlar.

9 Belbog`laringizga oltin, kumush yoki mis pul ham tugmanglar.

10 Yo`l uchun na to`rva, na bir juft ko`ylak, na choriq na-da hassa olinglar. Chunki mehnatkash o`zining non-nasibasiga munosibdir.

11 Qaysi shahar yoki qishloqqa kirsangiz, u yerda o`zingizga munosiblarnigina yo`qlab boring va jo`naguningizcha o`sha erda qolinglar.

12 Uyga kirayotganingizda uy ahliga salom beringlar.

13 Agar uy ahli niyatingizga munosib bo`lsa, ularning boshi salomat bo`ladi. Agarda munosib bo`lmasa, salomingiz sizga qaytib keladi.

14 Agar kim sizni qabul qilmasa va so`zlarigizga quloq solmasa, u uydan yoki shahardan chiqib ketayotganingizda oyoqlaringizdan changni ham qoqib ketinglar.

15 Sizga chinini aytayin: qiyomat kunida bunday shahardan ko`ra Sado`m va G`amo`ra yerining ahvoli yengilroq bo`ladi”.

16 “Mana, Men sizlarni bo`rilarning orasiga qo`ylar kabi yuboryapman. Siz ilonday ziyrak, kaptarday sodda bo`linglar.

17 Insonlardan ehtiyot bo`linglar; chunki sizlarni adliyaga topshirib, ibodatxonalarida kaltaklaydlar.

18 Mening nomim uchun sizlarni hokimlar va podshohlar qoshiga olib boradilar, siz esa ular va turli xalqlar oldida Mening guvohlarim bo`lasizlar.

19 Sizni tutib berishayotganda esa nimani aytamiz, qanday gapiramiz, deb o`ylab qayg`urmanglar. Nima aytishingiz kerakligi o`sha onda sizlarga uqtiriladi.

20 Chunki o`zlaringiz emas, ichingizdagi Otangizning Ruhi gapiradi.

21 Aka ukasini, ota o`g`lini o`limga topshiradi. Bolalar o`z ota-onalariga qarshi chiqib, ularni o`ldirtiradilar.

22 Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Lekin oxirigacha chidagan qutuladi.

23 Agar sizlarni bir shahardan quvsalar, boshqasiga qochib o`tinglar. Sizlarga chinini aytayin: sizlar Isroilning shaharlarini aylanib chiqishga ulgurmasingizdan, Insan O`g`li yer yuziga qaytib keladi.

24 Shogird o`zining ustozidan yuqori bo`lmas, xizmatkor o`zining xo`jayinidan yuqori bo`lmas.

25 Shogirdga o`zining ustoziday, xizmatkorga o`zining xo`jayiniday bo`lsa kifoyadir. Agar uy egasiga iblis deb nom qo`yishgan bo`lsa, unda uy ahlini yana nimalar deyishmaydi!”.

26 “Shunday qilib, ulardan qo`rqmanglar! Chunki ochilmay qoladigan hech qanday yashirin narsa yo`q, ma`lum bo`lmaydigan hech qanday sir ham yo`qdir.

27 Sizga qorong`ilikda gapirayotganlarimni yorug`dikda aytaveringlar. Qulog`ingizga shivirlab aytilayotganlarni tomlarning ustidan e`lon qilaveringlar.

28 Tanni o`ldirib, jonni esa o`ldira olmaydiganlardan qo`rqmanglar. Yaxshisi, jonni ham, tanni ham jahannamda halok etishga qodir bo`lgan Xudodan qo`rqinglar.

29 Ikkita chumchuq bir tangaga sotilmaydimi? Ammo Otangiz rozi bo`lmasdan, ularning bittasi ham yerga tushmaydi.

30 Sizlarga kelganda, boshingizdagi sochlarning hammasi ham sanalgandir.

31 Shuning uchun qo`rqmanglar, sizlar talay chumchuqlardan ko`ra qadrliroqsiz”.

32 “Kimda-kim insonlar oldida Meni tan olsa, Men ham osmondagi Otamning oldida uni tan olaman.

33 Biroq, kim insonlar oldida Meni inkor etsa, Men ham osmondagi Otamning oldida uni inkor etaman.

34 Meni yer yuziga tinchlik keltirish uchun kelgan, deb o`ylamanglar. Men tinchlik emas, balki qilich keltirgani kelganman.

35 Odamni otasidan, qizni onasidan, kelinni qaynonasidan ajratish uchun kelganman.

36 Odamning dushmanlari o`z uyidagilar bo`ladi.

37 Ota yoki onasini Mendan ortiq sevgan Menga loyiq emas. O`g`il yoki qizini Mendan ortiq sevgan Menga loyiq emas.

38 Kimki o`z xochini olib, ortimdan ergashmasa, Menga loyiq emas.

39 O`z jonini ayamoqchi bo`lgan uni yo`qotadi. Men uchun jonini yo`qotglan esa jon topadi.

40 Sizni qabul qilgan Meni qabul qiladi. Meni qabul qilgan esa Meni Yuborganni qabul qilgan bo`ladi.

41 Kim payg`ambarni payg`ambar deb qabul qilsa, u payg`ambarga yarasha ehson oladi. Kim solihni solih deb qabul qilsa, u solihga yarasha ehson oladi. Kimki shogirdlik hurmati deb, bularning hatto eng kichigiga bir piyola sovuq suvgina ichirsa ham, chindan sizlarga aytamanki, u ehsoniga sazovor bo`lur”.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28