Matto xushxabari 6 Bob
1 “Ehtiyot bo`linglar, savobli ishingizni odamlarga ko`rinish uchun hammaning ko`z o`ngida qilmanglar. Aks holda osmondagi Otangizdan mukofot ololmaysizlar.
2 Shunday qilib, sen birovga sadaqa bermoqchi bo`lsang, o`tgan-ketganga jar solma. Ikkiyuzlamachilargina odamlardan olqish olish uchun ibodatxonalarda va ko`cha-ko`yda shunday qiladilar. Sizlarga chinini aytayin: bular o`zlariga yarasha mukofotni olib bo`ldilar.
3 Sen sadaqa berayotganingda, chap qo`ling o`ng qo`ling nima qilayotganini bidmasin.
4 Ya`ni sening muruvvating yashirin bo`lsin. Shunda yashirin bo`lganlarni ko`ruvchi Otang seni aniq taqdirlaydi”.
5 “Ibodat qilayotganingizda, odamlarga ko`rinish uchun ibodatxonalarda va ko`cha burchaklarida turib ibodat qilishni yaxshi ko`radigan ikkiyuzlamachilarga o`xshamanglar. Sizlarga chinini aytayin: ular o`zlariga yarashasini olib bo`ldilar.
6 Sen esa ibodat qilayotganingda o`z hujrangga kir va eshikni berkitib, yashirin bo`lgan Otangga ibodat qil. Shunda yashirin bo`lganlarni ko`ruvchi Otang seni aniq taqdirlaydi.
7 Ibodat qilayotganingizda, majusiylar kabi ortiqcha so`zlarni takrorlab turmanglar. Ular: ko`p so`zlasam, ibodatim ijobat bo`ladi, deb o`ylaydilar.
8 Ularga o`xshamanglar, chunki Otangiz nimalarga muhtojligingizni Undan so`rashingizdan oldin biladi.
9 Sizlar esa bunday ibodat qilinglar: Bizning osmondagi Otamiz! Sening muqaddas isming ulug`lansin.
10 Sening Shohliging kelsin. Osmonda bo`lgani kabi, yerda ham Sening irodang bajo kelsin.
11 Bugungi rizq-ro`zimizni bergin.
12 Bizga gunoh qilganlarni biz kechirgandek, Sen ham bizning gunohlarimizni kechirgin.
13 Bizni vasvasaga duchor qilmagin, ammo yovuz shaytondan xalos qilgin. Saltanat, kuch-kudrat va shon-shuxrat to abad Senikidir.
14 Agar siz boshqalarning ayb-gunohlarini kechirsangizlar, samoviy Otangiz ham sizni kechiradi.
15 Biroq, agar siz boshqalarning ayb-gunohlarini kechirmasangizlar, Otangiz ham sizni kechirmaydi”.
16 “Ro`za tutayotganingizda, ikkiyuzlamachilar kabi qovoq osiltirib yurmanglar. Ular ro`za ekanlarini odamlarga bildirish uchun o`zlarini avzoyi buzuq qilib ko`rsatadilar. Sizlarga chinini aytayin: ular o`zlariga yarashasini olib bo`ldilar.
17 Lekin sen ro`za tutganingda, o`zingni yuvib-tarab yurgin,
18 toki ro`za tutganing insonlarga emas, balki yashirin bo`lgan Otangga oshkor bo`lsin. Yashirin bo`lganlarni ko`ruvchi Otang esa seni aniq taqdirlaydi”.
19 “Bu dunyoda kuya va zang yeb ketadigan hamda o`g`ri teshib talaydigan xazinalarni jamlamanglar.
20 Aksincha, kuya va zang yeb ketmaydigan, o`g`ri teshib talamaydigan u dunyoning xazinalarini jamlanglar.
21 Xazinangiz qayerda bo`lsa, yuragingiz ham o`sha yerda bo`lur.
22 Ko`z - tanning chirog`idir. Agar sening ko`zing tiniq bo`lsa, butun taning ham yorug` bo`lur.
23 Ammo ko`zing yomon bo`lsa, butun taning ham qorong`i bo`lur. Agarda ichingdagi nur qorong`i bo`lib tursa, u qorong`ilik qanchalik qo`rqinchli bo`lur!
24 Hech kim ikki xo`jayinga xizmat qilolmaydi. U yo birini yomon ko`rib, boshqasini sevadi, yoki biriga ixlos qo`yib, boshqasini xorlaydi. Siz ham Xudoga, ham pulga birdek sig`ina olmaysizlar”.
25 “Binobarin, sizga shuni aytaman: nima yeb, nima ichamiz, deb joningiz uchun, nima kiyamiz, deb taningiz uchun tashvishlanib yurmanglar. Jon ovqatdan, tan esa kiyimdan afzal emasmi?
26 Ko`kda uchuvchi qushlarga qaranglar: ular na ekadi, na o`radi, na omborga don yig`adi. Shunga qaramay, samoviy Otangiz ularning rizqini beradi. Siz esa ulardan ancha a`loroq emasmisiz?
27 Sizlardan kim tashvishlanib, o`z umrini bir lahza bo`lsin uzaytira olar ekan?
28 Nega kiyim uchun tashvishlanasizlar? Dashtdagi piyozgullarning qanday o`sishiga qarab, ibrat olinglar: ular na mehnat qilar, na charx yigirar.
29 Ammo sizlarga aytib qo`yay: hatto podshoh Sulaymon ham o`zining shuhrat cho`qqisida bularning hech biriday kiyinmagan edi.
30 Agar Xudo bugun bor bo`lib, ertaga o`choqqa otiladigan dasht o`tiga shunday zeb bergan bo`lsa, sizni undan kam ko`rarmidi, ey imoni sustlar?!
31 Shunday ekan, nima yeymiz, nima ichamiz, nima kiyamiz, deb tashvishlanib yurmanglar.
32 Majusiylar hadeb bularning g`amida yurishadi. Lekin samoviy Otangiz siz bularning bariga muhtoj ekaningizni biladi-ku!
33 Siz avvalo Xudoning Shohligi va Uning irodasi payidan bo`linglar, shunda bularning hammasi sizga qo`shimcha qilib beriladi.
34 Binobarin, ertagi kun haqida tashvish tortmanglar. Ertaning tashvishi ertaning o`ziga tegishlidir. Har bir kunning dardi o`ziga yetar”.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28