Menyu

Matto xushxabari 25 Bob


1 “O`sha vaqtda Osmon Shohligini o`zlarining chiroqlarini yoniga olishib, kuyovni qarshilagani chiqqan o`n kelin dugonasiga o`xshatsa bo`ladi.

2 Ulardan beshovi es-hushli, beshovi esa ovsar ekan.

3 Ovsarlari chiroqlarini olib, o`zlari bilan yog` olmabdilar.

4 Es-hushlilari esa chiroqlari bilan birga idishlarda yog` ham olibdilar.

5 Kuyov kechikkani sababli, hammalari mudrab, uxlab qolishibdi.

6 Tunning yarmida birdaniga ovoz yangrabdi: Ana, kuyov kelyapti, uni qarshilagani chiqinglar!

7 Shunda qizlarning hammasi turib, chiroqlariga yopishibdi.

8 Ovsarlari es-hushlilarga: Chiroqlarimiz o`chib boryapti, bizlarga yog`laringizdan beringlar! - deyishibdi.

9 Es-hushlilar javob berib: Yo`q, bizlarda ham, sizlarda ham yog` yetmay qolmasin. Yaxshisi siz baqqollarning oldiga borib, o`zlaringizga yog` sotib olinglar, - deyishibdi.

10 Ular yog` sotib olgani ketishganda, kuyov kelib qolibdi. Tayyor turgan qizlar kuyov bilan birga to`yxonaga kirib, orqalaridan eshiklar yopilibdi.

11 Bir muddatdan keyin qolgan qizlar kelib: Hoy Egam, hoy Egam, eshikni oching, bizlar keldik! - deyishibdi.

12 Lekin U ularga javob berib: Men sizga rostini aytsam, sizlarni tanimayman, - debdi.

13 Shunday qilib, hushyor bo`lib turinglar, chunki siz Inson O`g`li keladigan aniq kunni ham, soatni ham bilmaysizlar”.

14 “Yana oxirzamon bir odam safarga jo`nab, xizmatkorlarini chaqirib, o`z mol-mulkini ularga omonatga berganiga o`xshaydi.

15 U odam har bir kishiga o`z qobiliyatiga yarasha: biriga besh, biriga ikki, biriga bir yombidan berib, jo`nab ketibdi.

16 Beshta yombi olgan o`sha zahoti borib, pulini ishga solib, yana besh yombi orttiribdi.

17 Shunga o`xshab, ikki yombi olgan ham yana ikki yombi orttiribdi.

18 Bitta yombi olgan esa borib, chuqur qazib, xo`jayinining pulini yashirib qo`yibdi.

19 Ancha vaqtdan so`ng boyagi xizmatkorlarning xo`jayini qaytib kelib, ulardan hisobot so`rabdi.

20 Besh yombi olgan boshqa besh yombini ham olib kelib: Xo`jayin! Menga besh yombi bergandingiz, mana men ularga qo`shib yana besh yombi orttirdim, - debdi.

21 Xo`jayini unga: Barakalla, yaxshi va sodiq xizmatkor ekansan. Sen kichik bir ishda ham sodiq bo`lganing uchun, endi seni katta ishlarga munosib ko`raman. Xo`jayiningning shodligini baham ko`r, - debdi.

22 Ikki yombi olgan ham kelib: Xo`jayin Menga ikki yombi bergandingiz. Mana, men ularning yoniga qo`shib yana ikki yombi orttirdim, - debdi.

23 Xo`jayini unga: Barakalla, yaxshi va sodiq xizmatkor ekansan. Sen kichik bir ishda ham sodiq bo`lganing uchun, endi katta ishlarga munosib ko`raman. Xo`jayiningning shodligini baham ko`r, - debdi.

24 Bitta yombi olgan ham kelib: Xo`jayin! Men sizning qattiqqo`l odam ekaningizni bilardim. Siz ekmagan yerdan o`rasiz, uymagan joydan xirmon ko`tarasiz.

25 Shuning uchun men qo`rqqanimdan borib, sizning yombingizni yerga yashirib qo`ydim. Mana berganingiz! - debdi.

26 Xo`jayini unga javob qaytarib: Ey yomon va yalqov xizmatkor! - debdi. - Men ekmagan yerdan o`rishimni, uymagan joydan xirmon ko`tarishimni bilarkansan,

27 u holda pulimni sudxo`rlarga qarzga bersang bo`lmasmidi? Shunda men kelib, uni foydasi bilan qaytarib olgan bo`lar edim.

28 “Endi, undan yombini olib o`n yombisi borga beringlar!

29 Chunki kimda bor bo`lsa, unga yana beriladi va u mo`lchilikda bo`ladi. Kimda yo`q bo`lsa, undan bori ham tortib olinadi.

30 Endi bu yaramas xizmatkorni tashqariga, qorong`ilikka uloqtirib yuboringlar. U yerda yig`i-sig`i va oh-vohlar bo`ladi”. (Bularni aytib, Iso xitob qilib dedi: “Kimning eshitar qulog`i bo`lsa, eshitsin!”)

31 “Inson O`g`li O`zining ulug`vorligida, jamiki muqaddas farishtalari bilan birga kelgan paytida O`zining ulug`vor taxtiga o`tiradi.

32 Barcha xalqlar Uning huzuriga to`planadilar. Cho`pon qo`ylarni echkilardan ajratganiday, U ularni birma-bir saralab qo`yadi.

33 “Qo`ylarni” O`zining o`ng tomoniga, “echkilarni” esa chap tomoniga turg`izadi.

34 Shunda Podshoh o`ng tomondagilarga aytadi: Ey, Mening Otamning olqaganlari, kelinglar! Dunyo yaratilganidan beri sizlar uchun meros sifatida tayyorlab qo`yilgan Shohlikni egallangiz.

35 Chunki Men och edim, Menga ovqat berdingizlar. Chanqagan edim, Menga suv ichirdingizlar. Musofir edim, Meni mehmon qildingizlar.

36 Yalang`och edim, Meni kiyintirdingizlar. Kasal edim, Meni boqdingizlar. Zindonda edim, Meni kelib ko`rdingizlar.

37 Bunga javoban solihlar Unga shunday deydilar: Yo Rabbiy! Qachon Sening ochligingni ko`ribmizki, yedirgan bo`lsak, yoki chanqaganingni ko`ribmizki, suv tutgan bo`lsak?

38 Qachon Sening musofir bo`lganingni ko`rib, mehmon qildik, yoki yalang`ochligingni ko`rib, kiyintirdik?

39 Qachon biz kasal yoki zindonda bo`lganingni ko`rib, Seni yo`qlab keldik?

40 Podshoh javob berib ularga deydi: Sizlarga chinini aytayin: sizlar Mening shu kichik birodarlarimdan biriga neki qilgan bo`lsangiz, bu Menga qilganingizdir.

41 So`ng U chap tomondagilarga ham aytadi: Ey la`natilar! Ko`zimdan yo`qoling, iblis va uning farishtalariga tayyorlab qo`yilgan abadiy olovga mubtalo bo`ling!

42 Chunki Men och edim, ovqat bermadingizlar. Chanqagandim, suv tutmadingizlar.

43 Musofir edim, Meni mehmon qilmadingiz. Yalang`och edim, Meni kiyintirmadingiz. Kasal bo`ldim, zindonga tushdim, Meni kelib ko`rmadingizlar.

44 Shunga javoban ular ham: Yo Rabbiy! Seni qachon och, chanqagan, musofir, yalang`och, kasal yoki zindonda bo`lganingni ko`ribmizki, Senga xizmat qilmagan bo`lsak? - deb so`raydilar.

45 U javob berib ularga shunday deydi: Sizlarga chinini aytayin: sizlar shu kichiklarning biriga qilmagan muruvvatingiz Menga qilmagan bilan barobardir.

46 Shunday qilib, bular abadiy azobga, solihlar esa abadiy hayotga noil bo`ladilar”.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28