Matto xushxabari 17 Bob
1 Oradan olti kun o`tgandan keyin Iso tanho Butrus, Yoqub va uning ukasi Yuhannoni yoniga olib, baland toqqa olib chiqdi.
2 U yerda, ularning ko`z o`ngida Isoning qiyofasi o`zgarib ketdi. Uning yuzi quyoshday porlab, kiyimlari esa nurday oppoq tus oldi.
3 Birdaniga ularga Muso bilan Ilyos payg`ambarlar ko`rinib, Iso bilan suhbatlashayotganday tuyuldi.
4 Buni Butrus ko`rib, Isoga: Rabbim! Bizlar uchun bu joy juda yoqyapti. Agar istasang, shu yerda uchta chayla quraylik: birisi Senga, birisi Musoga, birisi Ilyosga...
5 U gapini tugatmasdanoq, nur yog`ilib turgan bir bulut ularni qoplab oldi. Bulut ichidan esa ovoz keldi: Bu Mening sevikli O`g`limdir, Undan mamnunman. Unga quloq solinglar!
6 Shogirdlar buni eshitgach, vahmaga tushib, yerga yuz tuban yiqildilar.
7 Iso esa kelib ularga qo`l tegizdi-da: Turinglar, qo`rqmanglar! - dedi.
8 Ular boshlarini ko`tarib, yolg`iz Isodan boshqa hech kimni ko`rmadilar.
9 Tog`dan tushayotganlarida, Iso shogirdlariga: Inson O`g`li qaytadan tirilib kelmaguncha, ko`rganlaringizni hech kimga aytmanglar, - deb tayinladi.
10 Shogirdlari Undan so`radilar: Nega ulamolar, oldin Ilyos payg`ambar kelishi kerak, deb aytadilar?
11 Iso javob berib ularga dedi: Bu to`g`ri, oldin Ilyos payg`ambar kelib, hamma narsani yo`lga qo`yadi.
12 Lekin Men sizlarga shuni aytaman: Ilyos allaqachon kelgan. Ammo odamlar uni tanimay, u bilan istaganlarini qilishdi. Xuddi shunga o`xshab, Inson O`g`li ham odamlar qo`lida azob chekishi muqarrardir.
13 Shunda shogirdlar Iso ularga Yahyo payg`ambar haqida gapirganligini angladilar.
14 Ular xaloyiq yoniga kelganlarida, bir odam Isoning oldiga kelib tiz cho`kdi-da:
15 Hazrat, - dedi, - o`g`limga rahming kelsin! Uning tutqanog`i bor, u juda azobda qoldi. Dam olovga, dam suvga tashlanadi.
16 Bolamni Sening shogirdlaringga ko`rsatdim, ammo ular tuzatisholmadi.
17 Iso javob berib: Ey imonsiz, buzuq nasl-ey! Qachongacha sizni yoqlayveraman? Qachongacha sizga chidayin? Bolani bu yerga, Mening oldimga keltiringlar! - dedi.
18 Iso jinga do`q urgach, u boladan chiqib ketdi. Bola o`sha zahoti tuzaldi.
19 So`ngra shogirdlari Isoning yakka qolganda oldiga kelib: Nega biz jinni quvib chiqarolmadik? - deb so`rashdi.
20 Iso ularga: E`tiqodsizligingiz uchun! - dedi. Chindan, sizlarga aytamanki: agar bir xantal doniday ishonchingiz bo`lsa-yu, bu toqqa:“Bu yerdan u yerga ko`ch”, - deb aytsangizlar, u ko`chadi. Sizga hech bir narsa imkonsiz bo`lmaydi.
21 (Biroq bu toifa jinlar ibodat va ro`zadan boshqa narsa bilan chiqmas.)
22 Ular Jalilaga qaytib kelgandan so`ng, Iso shogirdlariga dedi: Inson O`g`li odamlar qo`liga tutib berilishi muqarrardir.
23 Uni o`ldiradilar va U uchinchi kuni qaytadan tiriladi. Shogirdlar juda xafa bo`ldilar.
24 Ular Kafarnahumga kelganlarida, ikki diramlik ma`bad solig`ini yig`uvchilar Butrusning oldiga kelib: Sizlarning Ustozingiz ma`bad solig`ini to`lamaydimi? - deb so`radilar.
25 Butrus: To`laydi! - dedi. U uyga kelgach, Iso oldinroq gap ochib dedi: Simun, sening fikring qanday? Bu dunyo podshohlari soliq yoki bojni kimdan oladilar? Vatan o`g`illaridanmi yoki begonalardanmi?
26 Begonalardan-da, - dedi Unga Butrus. Iso javob berdi: Unday bo`lsa, vatan o`g`illari soliqdan ozod ekan-da. Shunga qaramay, biz ularni vasvasaga solmaylik. Sen ko`lga borib qarmoq tashla. Birinchi ilingan baliqni olib og`zini ochsang, to`rt diramlik tangaga ko`zing tushadi. Tangani olib, Men va o`zing uchun soliq to`lovi sifatida ularga ber.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28