Menyu

Matto xushxabari 22 Bob


1 Iso masallar bilan gapini davom ettirib, xalqqa xitoban dedi:

2 “Osmon Shohligi o`zining o`g`liga nikoh to`yi qilgan bir podshohga o`xshaydi.

3 Podshoh to`yga taklif etilganlarni chaqirish uchun xizmatkorlarini yuboribdi. Ular esa kelishni istamabdilar.

4 Podshoh yana boshqa xizmatkorlarini yuborib: Taklif etilganlarga aytinglarki, men ziyofat dasturxonini tayyorlab qo`ydim, ho`kizlaru bo`rdoqilarim so`yildi, hammasi tayyor. To`yga kelaveringlar! - debdi.

5 Biroq ular yana nazarga ilmay, biri o`zining dalasiga, boshqasi bozor-o`charga ketibdi.

6 Qolganlar esa podshoh xizmatkorlarini tutib, xo`rlab, o`ldirishibdi.

7 Podshoh buni eshitib, g`azablanibdi. Qo`shinlarini yuboribdi-da, qotillarni tig`dan o`tkazib, shaharlarini kulga aylantiribdi.

8 Keyin u qolgan xizmatkorlariga: Nikoh to`yi tayyor, lekin taklif etilganlar bunga munosib emas ekanlar.

9 Shuning uchun chorrahalarga borib, kimni topsangizlar, to`yga chaqiringlar, - deb buyuribdi.

10 Bu xizmatkorlar yo`lga chiqib, uchratganlarining hammasini - yomonlarni ham, yaxshilarni ham to`plashibdi. To`yxona mehmonlarga to`lib ketibdi.

11 Podshoh mehmonlarni ko`rish uchun kirganda, u yerda nikoh kiyimida kiyinmagan bir odamni ko`ribdi

12 va undan: Do`stim, nikoh kiyimisiz bu yerga qanday kirding? - deb so`rabdi, u indamabdi.

13 Shunda podshoh malaylariga buyruq berib: Uning qo`l-oyoqlarini bog`lab, tashqariga, qorong`ilikka tashlanglar. U yerda yig`i-sig`i va ohu voh bo`ladi, - debdi.

14 Shunga o`xshab, Xudo da`vat etganlar ko`p, ammo tanlanganlar ozdir”.

15 Shundan keyin farziylar borib, Isoni U aytadigan biron so`zi orqali ilintirish chorasini maslahatlashib oldilar.

16 Ular o`z shogirdlarini Hirod tarafdorlari bilan birga Isoning oldiga yuborishdi. Bular Isoga: Ustoz, - deyishdi, - biz bilamizki, Sen haqiqatgo`ysan va Xudoning haq yo`lini o`rgatib yuribsan. Kimlargadir ma`qul bo`lishni o`ylab o`tirmaysan, hech kimni yuz-hotir qilmaysan ham.

17 Endi bizlarga ayt-chi, Sening fikring qanday? Qaysarga soliq to`lash dinga muvofiqmi, yoki yo`qmi?

18 Lekin Iso ularning shumligini bilib: Munofiqlar! - dedi, - nega Meni sinab ko`rmoqchisizlar?

19 Qani, Menga soliqqa to`lanaligan tangani ko`rsatinglar-chi. Ular Isoga bir dinar keltirgach,

20 Bu surat va yozuv kimniki? - deb so`radi.

21 Qaysarniki, - dedilar. - Unday bo`lsa, Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, - dedi Iso.

22 Buni eshitganlarida hayron bo`ldilar va Isoning oldidan uzoqlashdilar.

23 Qiyomat yo`q, deb aytadigan sadduqiydar o`sha kuni Isoning oldiga kelib,

24 Unga savol berdilar: Ey Ustoz Muso payg`ambar deganki: “Agar kim farzand ko`rmasdan dunyodan o`tsa, ukasi uning xotinini nikohiga olib, akasining zurriyotini tiklasin”.

25 Bizda yetti aka-uka bor edi. Birinchisi uylanib, farzand ko`rmay qazo qildi, xotini esa ukasiga qoldi.

26 Ikkinchi, uchinchi, hatto yettinchigacha hammaning boshiga shu ko`rgilik tushdi.

27 Hammadan keyin xotin ham o`ldi.

28 Shunday qilib, u qiyomatda yettovidan qaysi birining xotini sanalar ekan? Chunki u hammasiga xotin bo`lgan edi-ku.

29 Iso ularga javob berib dedi: Siz Muqaddas Kitobni ham, Xudoning qudratini ham bilmaganingizdan adashyapsizlar.

30 Chunki oxiratda na uylanadilar va na erga tegadilar, balki osmondagi Xudo farishtalariga o`xshaydilar.

31 O`liklarning qayta tirilishiga kelsak, Xudoning sizlarga yo`llaganini hech o`qimagansizmi?

32 “Men Ibrohimning Xudosi, Ishoqning Xudosi va Yoqubning Xudosiman”, - degan edi U. Xudo esa o`liklarning emas, tiriklarning Xudosidir.

33 Xalq buni eshitib, Iso ta`limotiga mahliyo bo`ldi.

34 Iso sadduqiylarni jim qilib qo`yganini farziylar eshitgach, bir joyga to`plandilar.

35 Ulardan Tavrot tafsirchisi bo`lgan birisi Isoni sinash niyatida Undan:

36 Ustoz, Tavrotning qaysi amri buyuk? - deb so`radi.

37 Iso unga: Egang Xudovandni butun qalbing bilan, butun joning bilan va butun onging bilan sevgin”.

38 Bu - birinchi va eng buyuk amr.

39 Ikkinchisi esa shunga o`xshashdir: “O`zgan o`zing kabi sevgin”.

40 Butun Ilohiy Buyruq va payg`ambar oyatlarining hammasi ham mana shu ikki amrga tayanadi.

41 Farziylar yig`ilishganda, Iso ulardan so`radi:

42 Masih haqida qanday fikrlaringiz bor? U kimning o`g`li? - Dovudning o`g`li-da, - deb javob berdilar.

43 Iso ularga dedi: U holda, qanday qilib Dovud ilohiy ilhom bilan Masihni Rabbim deb atagan? Mana, Dovud nima degan:

44 “Xudovand mening Rabbimga aytdi: Yovlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha, Sen Mening o`ng tomonimda o`ltirib turgin”.

45 Demak, Dovud Uni Rabbim deb atagan bo`lsa, qanday qilib U Dovudning o`g`li bo`ladi?

46 Va hech kim Isoga bir og`iz so`z javob berolmadi. O`sha kundan boshlab yana hech kim Undan biron gap so`rashga jur`at etmadi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28