Menyu

Matto xushxabari 28 Bob


1 Dam olish kunining ertasiga, yakshanba kuni tongotarda magdalalik Maryam bilan boshqa Maryam qabrni ko`rgani borishdi.

2 Shunda to`satdan shiddatli zilzila bo`ldi. Xudovandning bir farishtasi osmondan tushdi va qabrga borib toshni ag`darib yubordi-da, uning ustiga o`tirdi.

3 Uning ko`rinishi yashinday, kiyimlari esa qorday oppoq edi.

4 Soqchilar bo`lsa, qo`rquvdan titrab, joni chiqqanday bo`lishdi.

5 Farishta so`zini ayollarga qaratib: Sizlar qo`rqmang! Xochga mixlangan Isoni izlayotganlaringizni bilaman.

6 U bu yerda yo`q. O`zi aytganidek, qayta tirilib ketdi. Kelinglar, Rabbingiz yotgan joyini ko`ringlar.

7 Endi tezroq borib, Uning shogirdlariga: “Iso tirildi. U sizdan oldin Jalilaga ketyapti, Uni o`sha yerda ko`rasizlar”, - deb aytinglar. Sizlarga buni men aytdim.

8 Ayollar qabrdan shosha-pisha chiqib, katta sevinch va qo`rquv ila yugura-yugura Isoning shogirdlariga xabar bergani ketishdi.

9 Shogirdlarga bu xabarni yetkazaylik, deb ular yo`lda ketayotganlarida, birdaniga Isoning O`zi ularning qarshisidan chiqib: Salom! - dedi. Ular esa ro`baro` kelib, oyoqlariga yopishgancha Unga topina boshladilar.

10 Shunda Iso ularga: Qo`rqmanglar! Borib birodarlarimga Jalilaga borishlarini, Meni o`sha yerda ko`rishlarini xabar beringlar, - dedi.

11 Ayollar hali yo`lda borishar ekan, soqchilar bo`linmasidan bir nechasi shaharga kirib, sodir bo`lgan barcha hodisotni oliy ruhoniylarga bildirdilar.

12 Ular oqsoqollar bilan to`planib kengashgach, askarlarga ancha pul berib,

13 shunday dedilar: Sizlar: “Shogirdlari kechasi kelib, biz uxlab yotganimizda Uni o`g`irlab ketishdi”, deb aytinglar.

14 Agarda bu bo`lib-o`tganlar hokimning qulog`iga yetib borsa, bizlar uni shunga ishontiramiz va sizlarni ko`ngilsizlikdan xalos etamiz.

15 Soqchilar esa pulni olib, topshiriqni aytilgandek bajardilar. Shunday qilib, bu hangoma to bugungacha yahudiylar orasida ovoza bo`lib keladi.

16 O`n bir shogird Jalilaga, Iso ularga tayin etgan toqqa borishdi.

17 Ular Isoni ko`rib, Unga sajda qildilar. Ba`zilari esa shubhaga bordilar.

18 Iso ularga yaqinlashib, shunday dedi: “Menga osmonda ham, yerda ham butun hokimiyat berilgandir.

19 Shuning uchun borib, barcha xalqlardan shogird orttiringlar. Ularni Ota, O`g`il va Muqaddas Ruh nomi bilan suvga cho`mdirib, imonga kiritinglar.

20 Men sizlarga buyurgan hamma narsaga amal qilishni ularga o`rgatinglar. Mana, Men har kuni, dunyoning oxirigacha sizlar bilan birga bo`laman”. Omin.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28