Matto xushxabari 24 Bob
1 Iso ma`baddan chiqib ketayotganida, shogirdlari Uning yoniga kelib, diqqatini ma`badning binolariga qaratmoqchi bo`lishdi.
2 Iso ularga: “Bularning hammasini ko`ryapsizmi? Sizlarga chinini aytayin: bu yerda biror g`isht butun qolmaydi, hammasi vayron bo`ladi”, - dedi.
3 Iso bir O`zi Zaytun tog`ida o`tirgan vaqtda, shogirdlari Uning yoniga kelib, so`rashdi: “Bizlarga ayt-chi, bu voqealar qachon yuz beradi? Sening kelishing va oxirzamon yaqinlashganini ko`rsatadigan belgi qanday bo`ladi?”
4 Iso javob berib ularga dedi: “Hech kim sizlarni yo`ldan ozdirmasligi uchun ehtiyot bo`linglar.
5 Chunki talay kishilar Mening nomim bilan kelib: “Men Masih bo`laman “, - deb ko`plarni yo`ldan ozdiradi.
6 Shuningdek, yiroq-yaqindan urush xabarlarini eshitasizlar. Ammo cho`chib vahimaga tushmangiz! Hamma narsa Xudo taqdir etganidek sodir bo`lishi lozim. Ammo bu hali so`nggi nihoya emasdir.
7 Xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko`tariladi. Ayrim joylarda qahatchiliklar, o`latlar, zilzilalar bo`ladi.
8 Bularning bari esa bamisli to`lg`oqning boshidir.
9 O`shanda sizlarni qiynash va o`ldirish uchun tutib beradilar. Mening nomim tufayli barcha xalqlar sizlardan nafratlanadi.
10 O`shanda ko`plar vasvasaga tushib, bir-birini tutib beradi, bir-biridan nafratlanadi.
11 Ko`pdan-ko`p soxta payg`ambarlar paydo bo`lib, ko`plarni yo`ldan uradi.
12 Yovuzlik avjga chiqishi tufayli ko`pchilikning sevgisi soviydi.
13 Lekin oxirigacha chidagan qutuladi.
14 Xudo saltanati to`g`risidagi Injil Xushxabari hamma xalqlarga dalolat bo`lish uchun jahon bo`ylab targ`ib qilinadi va o`shandagina so`ng bo`ladi.
15 “Shunday qilib, Doniel payg`ambar karomat qilib aytgan “dahshatli razolat” muqaddas joyda turganini ko`rganingizda (o`qigan o`zi tushunsin!)
16 Yahudiyada bo`lganlar tog`larga qochishsin.
17 Tomning ustida turganlar uyidan anjomlarini olish uchun pastga tushmasin.
18 Dalada bo`lganlar esa to`nini olgani qaytib kelmasin.
19 U kunlarda homilador va emizuvchi ayollarning holiga voy!
20 Qochishingiz qishga yoki dam olish kuniga to`g`ri kelmasligi uchun ibodat qilinglar.
21 Chunki o`shanda dunyo boshlanishidan to hozirgacha sodir bo`lmagan va qaytib sodir bo`lmaydigan buyuk musibat bo`ladi.
22 Agar o`sha kunlar qisqartirilmaganida edi, hech bir jonzod omon qolmasdi. Lekin tanlangan kishilar uchungina u kunlar qisqartiriladi.
23 Agar o`shanda kimdir sizga: “Masih mana bu yerda “, yoki “U yerda”, - deb aytsa, ishonmanglar.
24 Chunki soxta masihlar va soxta payg`ambarlar paydo bo`lib, ilojini topsalar, hatto tanlangan kishilarni ham yo`ldan ozdirish uchun g`aroyibot va mo``jizalar ko`rsatadilar.
25 Mana, Men sizlarga oldindan aytib qo`ydim.
26 Shunday qilib, agar sizlarga: “Mana, U sahroda”, - deb aytsalar chiqmanglar. “Mana, U berk xonalarda”, - deb aytishsa ham, ishonmanglar.
27 Chunki Inson O`g`lining kelishi xuddi sharqda chaqnab, hatto g`arbda ham barchaga ko`rinuvchi chaqmoqday bo`ladi.
28 Murda qayerda bo`lsa, kalxatlar ham o`sha yerda to`planadi.
29 O`sha kunlarning musibatidan so`ng, alhol quyosh tutilib, oy xiralanadi. Yulduzlar osmondan tushib, samoviy kuchlar larzaga keladi.
30 O`shanda Inson O`g`lining alomati osmonda namoyon bo`ladi. Yer yuzidagi barcha qabilalar uvvos tortib yig`laydilar, Inson O`g`li osmon bulutlari uzra buyuk qudrat va shon-shuhrat ila kelayotganini ko`radilar.
31 U mahobatli karnay tutgan farishtalarini yuboradi. Ular esa Uning tanlagan kishilarini osmonning bir burchidan boshqa burchigacha, to`rt tomondan to`plab keladilar”.
32 “Anjir daraxtidan ibrat olinglar. Uning shoxlari ko`karib, barg chiqarayotganidan yoz yaqinlashganini bilasizlar.
33 Xuddi shunday, sizlar ham bularning hammasini ko`rgach bilingki, U yaqindir, eshik oldida turibdi.
34 Sizlarga chinini aytayin: bu nasl o`tmasdanoq, bularning hammasi sodir bo`ladi.
35 Yeru osmon bitar, lekin Mening so`zlarim bitmas.
36 U kun va u soat haqida birgina Otamdan boshqa hech kim bilmaydi, osmondagi farishtalar ham bilmaydi.
37 Nuh payg`ambar davrida qanday bo`lgan bo`lsa, Inson O`g`li kelidshida ham shunday bo`ladi.
38 To`fongacha bo`lgan kunlarda, to Nuh payg`ambar kemaga kirgan kunigacha yeb-ichdilar, uylandilar, turmushga chiqdilar.
39 Ular bo`lg`usi ofatdan bexabar yurganda, to`fon kelib, hammasini qirib tashladi. Inson O`g`lining kelishi ham xuddi shunday bo`ladi.
40 O`shanda ikki kishi dalada bo`ladi; biri olinadi, biri qoldiriladi.
41 Tegirmon tortayotgan ikki ayol bo`ladi; biri olinadi, biri qoldiriladi.
42 Shuning uchun xushyor bo`lib turinglar, chunki Rabbingiz qaysi soatda kelishini bilmaysizlar.
43 Lekin shuni bilib qo`yinglarki, o`g`ri tunning qay vaqtida kelishini agar uy egasi bilganida, bedor turib, uyiga lahim qazilishiga yo`l qo`ymas edi.
44 Shunga o`xshab, sizlar ham tayyor bo`lib turinglar. Chunki Inson O`g`li sizlar o`ylamagan soatda kelib qoladi”.
45 Qul-cho`rilarga rizq-ro`zni o`z vaqtida berib turish uchun xo`jayin ularga boshliq qilib qo`ygan ishonchli va aqlli xizmatkor kimdir?
46 Xo`jayini kelganida, uni shularni bajarib turgan holda ko`rsa, u xizmatkor qanday baxtlidir!
47 Sizlarga chinini aytayin: o`zining butun mol-mulki ustidan uni nazoratchi qilib qo`yadi.
48 Agarda yomon niyatli xizmatkor o`z ko`nglida: “Xo`jayinim yaqin orada kelmaydi”, - deb o`ylab,
49 o`rtoqlarini urib, ichkilikbozlar bilan birga yeb-ichishni boshlasa,
50 u xizmatkorning xo`jayini kutmagan bir kunda, o`ylamagan bir soatda kelib qoladi-yu,
51 uni tilka-pora qilib, boshiga ikkiyuzlamachilar kunini soladi. U yerda yig`i-sig`i va ohu vohlar bo`ladi “.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28