Menyu

Matto xushxabari 23 Bob


1 Undan keyin Iso xaloyiqqa va shogirdlariga xitob qilib, dedi:

2 “Ulamolar va farziylar Muso minbarida o`tiribdilar.

3 Shu bois ular sizga nimani bajarishni amr etsalar, bajo keltiringlar. Aytganini qiling, lekin qilganini qilmang! Chunki ular o`z aytganlarini bajarmaydilar.

4 Ular og`ir va ko`tarib bo`lmaydigan yuklarni insonlar yelkasiga tashlab qo`yadilar, lekin o`zlari bu yuklarga barmoq tegizishni ham istamaydilar.

5 Ular butun ishlarini insonlarga ko`rinish uchun qiladilar. Duo qutilarini yirikroq, kiyimlarining gajimlarini uzunroq qiladilar.

6 Shuningdek, ziyofatlarda to`rda va ibodatxonalarda hurmatli o`rinda o`tirishni,

7 xalq yig`inlarida alik olishni va odamlar tomonidan “Ustozimiz, Ustozimiz!” deb olqishlanishni yaxshi ko`radilar.

8 Biroq sizlar ustoz deb atalishga ko`nmang.Chunki sizning birgina Ustozingiz bor, U ham bo`lsa - Masihdir. Sizlar esa hammalaringiz birodarsizlar.

9 Yer yuzida hech kimni o`zingizga ota deb ham atamanglar. Chunki sizning birgina Otangiz bor, U ham bo`lsa - samoviy Otangizdir.

10 Rahbar deb ham nom olmanglar. Chunki sizdarning birgina Rahbaringiz bor - U Masihdir.

11 Orangizdagi kattangiz sizlarga sizlarga xizmatda bo`lsin.

12 Zero kim o`zini yuqori qo`ysa, pasaytiriladi. Kim o`zini past olib yursa, ulug`lanadi”.

13 Ey ulamoyu farziylar, munofiqlar! Osmon Shohligini insonlarga bekitib qo`yganingiz uchun holingizga voy! O`zlaringiz ham unga kirmayapsizlar, kirmoqchi bo`lganlarga ham yo`l qo`ymayapsizlar.

14 (Ey ulamoyu farziylar, siz munofiqlarning holiga voy! Siz beva ayollarning uylarini shilib, xo`ja ko`rsinga uzoq duo o`qiysizlar. Shunga yarasha og`irroq jazo olasizlar.)

15 Ey ulamoyu farziylar, siz munofiqlarning holiga voy! Sizlar loaqal biror-bir kishini o`z diningizga kiritish uchun dengizlaru qit`alarni aylanib chiqasizlar. Lekin buni amalga oshirib bo`lgach esa, uni o`zingizdan ikki barobar yomonroq do`zaxi qilasizlar.

16 “Ey basir peshvolar, holingizga voy! Sizlar: “Ma`bad haqiga ichilgan qasam o`tmaydi, lekin ma`baddagi oltin haqiga ichilgan qasam bajarilishi shart”, deysiz.

17 Hoy nodonu ko`rlar! Qaysi biri buyukroq: ma`badning oltinimi, yoki oltinni muqaddas qilgan ma`badning o`zimi?

18 Shuningdek, sizlar yana: “Qurbongoh haqiga ichilgan qasam o`tmaydi, lekin qurbongohdagi qurbonlik haqiga ichilgan qasam bajarilishi shart”, - deysizlar.

19 Hoy nodonlar, ko`rlar! Qaysi biri buyukroq: qurbonlikmi yoki qurbonlikni muqaddas qilgan qurbongohmi?

20 Axir, qurbongoh haqiga qasam ichgan, ham qurbongohning o`zi, hamda undagi barcha narsalar haqiga qasam ichgan bo`ladi.

21 Ma`bad haqiga qasam ichgan esa, ham ma`badning o`zi, hamda ma`badda yashaydigan Xudo haqiga qasam ichgan bo`ladi.

22 Osmon haqiga qasam ichgan esa ham arshi a`lo, hamda arshi a`lodagi Xudoning O`zi haqiga qasam ichgan bo`ladi.

23 “Ey ulamoyu farziylar, siz munofiqlarning holiga voy! Sizdar yalpiz, arpabodiyon va zira qatori oshko`rdan ushr berib turasiz-u, lekin Ilohiy Buyruqning nihoyatda muhim amrlari bo`lgan haqqoniyat, marhamat va sadoqatga esa e`tibor bermay qo`ydingizlar. Bularning birini bajara turib, ikkinchisini ham tashlab qo`ymasligingiz kerak edi.

24 Sizlar chivinni pesh qiluvchi, ammo tuyani yutib yuboradigan basir peshvolarsiz!

25 Ey ulamoyu farziylar, siz munofiqlarning holiga voy! Sizlar kosayu laganning sirtini tozalaysiz, ammo ularning ichi o`g`rilik va badnafslikka to`lib-toshib yotibdi.

26 Ey so`qir farziy! Sen avvalo kosa va laganning ichini tozalab ol, shunda ularning tashi ham toza bo`ladi.

27 Ey ulamoyu farziylar, siz munofiqlarning holiga voy! Sizlar tashqaridan chiroyli ko`rinadigan, lekin ichi o`liklarning suyaklari va har xil qabihliklarga to`la, ohaklangan qabrlarga o`xshaysizlar.

28 Garchi tashqaridan insonlarga mo`min ko`rinsangizlar ham, lekin ichlaringiz ikkiyuzlamachilik va yomonlikka to`ladir”.

29 “Ey ulamoyu farziylar, siz munofiqlarning holiga voy! Chunki sizlar payg`ambarlarga maqbara qurib, aziz-avliyolarning yodgorliklarini bezab yuribsizlar.

30 “Agar ota-bobolarimiz davrida yashaganimizda, biz payg`ambarlarning qonini to`kishda ularga hamkorlik qilmas edik”, - deysizlar.

31 Bu bilan siz o`zingizni o`zingiz inkor etib, payg`ambarlarni qatl qilganlarning o`g`illari ekagingzni o`zingiz tasdiqlab turibsiz.

32 Qani, ota-bobolaringiz boshlagan ishni bitirib qo`ymaysizlarmi?!

33 Hoy ilonlar, zaharli ilon zotlari-ey! Jahannam jazosidan qanday qilib qutularkansizlar?

34 Ana shu sababdan Men sizga qanchadan-qancha payg`ambaru donishmandu ulamolarni yuborib turaman. Sizlar esa ulardan kimini o`ldirasizlar, kimini xochga mixlaysizlar, kimini esa ibodatxonalaringizda qamchilab shahardan-shaharga quvg`in qilasizlar.

35 Shu yo`sin solih kishi bo`lgan Hobilning qonidan tortib, ma`bad bilan qurbongoh oralig`ida sizlar o`ldirgan Baraxiya o`g`li Zakariyoning qonigacha, yer yuzida to`kilgan butun begunoh qonlar sizning bo`yningizda!

36 Ha, sizlarga chinini aytaman: ushbu gunohlarning hammasi shu naslning bo`yniga tushadi.

37 “O, Quddus, Quddus! Payg`ambarlarni o`ldiruvchi va huzuringga yuborilganlarni toshbo`ron qilguvchi shahar! Tovuq o`z jo`jalarini qanotlari ostida qanday to`plasa, Men ham sening bolalaringni necha bor shunday to`plamoqchi bo`ldim, sizlar-chi istamadingiz.

38 Mana, sizning uy-joyingiz huvillab qoladi.

39 Sizga shuni aytib qo`yay: “Xudovand nomidan Kelayotgan muborak”, - deb xitob qilmaguningizcha, Meni qaytib ko`rmaysizlar”.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28