Matto xushxabari 27 Bob
1 Tong otgach, oliy ruhoniylar bilan xalq oqsoqollari jamisi kengashib, Isoni o`lim jazosiga mahkum qilishga kelishdilar.
2 Isoni bog`ladilar va olib, viloyat hokimi Po`ntiy Pilatga topshirdilar.
3 Xoin Yahudo esa Isoning mahkum etilganini bilib, pushaymon bo`ldi va o`ttiz kumush tangani oliy ruhoniylar bilan oqsoqollarga qaytarib berib:
4 Men xoinlik qildim, begunoh qon to`kilishida aybdorman, - dedi. Ular esa: Bundan bizlarga nima? Yana o`zing bilasan! - deyishdi.
5 Shunda Yahudo kumush tangalarni ma`bad ichiga uloqtirib yubordi-da, u yerdan chiqib borib, o`zini osib o`ldirdi.
6 Oliy ruhoniylar tangalarni terib olib: “Bu pul qon narxidir, uni ma`badning xazinasiga qo`shish mumkin emas”, - deyishdi.
7 O`zaro kelishib, bu pulga begonalar ko`miladigan qabriston uchun Kulol Yerini sotib oldilar.
8 Shuning uchun u yer bugungacha “Qon Yeri” deb ataladi.
9 Shu yo`sin Yeremiya payg`ambarga vahiy bo`lgan ushbular bajo bo`ldi: “Isroil o`g`illari Unga baho berib qo`ygan o`ttiz kumush tangani olib,
10 Xudovand menga buyurgani kabi, kulol yerin sotib oldilar”.
11 Iso hokimning huzurida turdi. Hokim Undan so`radi: Sen yahudiydarning Podshohimisan? - O`zing aytding, - dedi unga Iso.
12 Oliy ruhoniylar va oqsoqollar Uni ayblaganlarida, U hech narsa deb javob bermadi.
13 Shunda Pilat Unga: Eshitmayapsanmi, Sening bo`yningga qancha ayblar qo`yishyapti! - dedi.
14 Lekin Iso bu gaplarga ham biron javob qaytarmadi. Hokim esa juda hayron bo`ldi.
15 Har Fisih bayramida hokim xalq istagan bir mahbusni ozod qilish odati bor edi.
16 O`sha kez qamoqda nom chiqargan Barabba ismli bandi bor edi.
17 Xalq to`plangach, Pilat ularga xitob qilib so`radi: Sizlar kimni ozod qilishimni istaysizlar? Barabbanimi, yoki Masih atalmish Isonimi?
18 Ular Isoni ko`rolmaslikdan tutib berganlarini u bilar edi.
19 U hakamlik kursisida o`tirganida, xotinidan xabar keldi: “U solih Odam bilan sening ishing bo`lmasin. Chunki bu tunda men tushimda U tufayli ko`p azobda qoldim”.
20 Ammo oliy ruhoniylar va oqsoqollar bo`lsa, Barabbani ozod etish, Isoni esa yo`q qilishni so`rashlari uchun olomonni qayrab qo`ydilar.
21 Hokim yana ularga xitob qildi: Sizlar ikkovidan qay birini ozod qilishimni istaysizlara? - Barabbani! - deb javob berishdi.
22 Pilat ularga dedi: Unda men Masih atalgan Isoni nima qilay? - Xochga mixlansin! - deyishdi bir og`izdan.
23 U nima yomonlik qilgan ekan? - so`radi hokim. Lekin ular ovozlarini yana balandroq ko`tarib: Xochga mixlansin! - deb qichqirishdi.
24 Pilat hech narsa yordam bermayotganini, aksincha shov-shuv yanada kuchayib borayotganini ko`rgach: Men bu solih Odamning qoni to`kilayotganidan begunohman. Bu ishni o`zlaringiz ko`rib chiqinglar! - dedi-da,olomonning ko`z oldida suv olib, qo`llarini chaydi.
25 Butun xalq bunga javoban: Uning qoni bizlarning va bolalarimizning gardanidadir! - deyishdi.
26 Shundan so`ng Pilat ularga Barabbani chiqarib yubordi. Isoni esa savalatgandan keyin xochga mixlash uchun askarlarga topshirdi.
27 Shundan so`ng hokimning askarlari Isoni hukumat qarorgohiga olib borib, butun bo`linmani boshiga to`pladilar.
28 Uning kiyimlarini yechib, egniga to`q qizil yaktak kiydirdilar.
29 Tikanlardan toj o`rab, boshiga kiygizdilar. O`ng qo`liga qamish berib, Uning oldida tiz cho`kkancha: “Yashavor, ey, yahudiylarning Podshohi!” - deb masxara qildilar.
30 Unga tupurganlaricha qamishni olib, boshiga urdilar.
31 Masxaralab bo`lishgandan so`ng egnidan yaktakni yechib, O`zining kiyimlarini kiydirdilar va xochga mixlash uchun olib ketdilar.
32 Ular chiqib ketayotganlarida, kirineyalik Simun degan kishini uchratib qoldilar. Uni Isoning xochini ko`tarib borishga majbur qildilar.
33 “Boshsuyagi” ma`nosini beruvchi Go`lgota degan joyga keldilar.
34 Shunda Isoga ichish uchun zardob aralashtirilgan sharob berdilar. Iso uni tatib ko`rgach, ichgisi kelmadi.
35 So`ng Uni xochga mixlab qo`ydilar. Kiyimlari uchun qur`a tashlab, o`zaro bo`lishib oldilar.
36 Keyin shu yerning o`zida o`tirgancha, Uni qo`riqlab turdilar.
37 Uning boshi uzra bir taxtachaga: “Yahudiylarning Podshohi Iso - Budir” degan aybnomani yozib qo`ydilar.
38 Iso bilan birga ikki qaroqchini ham - birini Uning o`ng tomonida, ikkinchisini esa so`l tomonida xochga mixlab qo`ydilar.
39 O`tib ketayotganlar boshlarni chayqagancha, Isoni haqoratlashardi:
40 Hey ma`badni buzib uch kun ichida tiklaydigan! O`zingni O`zing qutqar-chi! Agar Sen Xudoning O`g`li bo`lsang, qani xochdan tushib ko`r-chi!
41 Oliy ruhoniylar, ulamolar va oqsoqollar ham barchasi bunga qo`shilishib, Uni masxaralay ketdilar:
42 Boshqalarni qutqardi, O`zini esa qutqara olmaydi! Agar U Isroilning Podshohi bo`lsa, endi xochdan tushib ko`rsin, shunda biz Unga ishonamiz.
43 U Xudoga ishonardi-ku. Agar U Xudoning azizi bo`lsa, hozir qutqarib olsin-chi! Chunki U: “Men Xudoning O`g`liman”, - degan.
44 Iso bilan birga xochga mixlangan qaroqchilar ham Uni shunday so`kar edilar.
45 Tushdan boshlab soat uchgacha butun yerni qorong`ilik qopladi.
46 Soat uchlarda Iso baland ovoz bilan: Eli, Eli lamo shavaqtani?, ya`ni “Tangrim, Tangrim, nega Meni tashlab qo`yding?” - deb faryod qildi.
47 U yerda turganlardan ba`zilari buni eshitib: U Ilyosni chaqiryapti-ku, - deyishdi.
48 Ulardan biri darhol yugurib, shimgichni olib keldi-da, uni sirkaga botirib, qamishning uchiga ilgancha, Isoga ichishga uzatdi.
49 Boshqalari esa: To`xta ko`raylik-chi, Ilyos kelib Uni qutqararmikan, - deyishdi.
50 Iso esa yana bir bor qattiq oh urib, jon berdi.
51 Shu ondayoq ma`baddagi parda yuqoridan pastgacha ikkiga bo`linib, yirtilib ketdi. Yer larzaga keldi, toshlar yorildi.
52 Qabrlar ochilib, talay rahmatli azizu avliyolarning jasadlari tirilib ketdi.
53 Ular qabrlaridan chiqib, Iso qayta tirilganidan keyin tabarruk shaharga kirib, ko`plarga ko`rindilar.
54 Isoni qo`riqlab turgan yuzboshi bilan yonidagi askarlar zilzilani va sodir bo`layotgan barcha ishlarni ko`rib, vahimaga tushdilar-da: Haqiqatan ham bu Xudoning O`g`li ekan! - dedilar.
55 Jaliladan boshlab Isoga ergashib xizmat qilib kelgan ko`pgina ayollar ham uzoqdan qarab turgan edilar.
56 Ularning orasida magdalalik Maryam, Yoqub bilan Yusufning onasi Maryam hamda Zabadiy o`g`illarining onasi bor edi.
57 Oqshom tushgach, Arimateya shahridan bo`lgan Yusuf ismli bir boy odam keldi. O`zi ham Isoning shogirdi edi.
58 U Pilatning oldiga borib, Isoning jasadini so`radi. Shunda Pilat jasadni unga berishni buyurdi.
59 Yusuf jasadni olib, uni toza kafanga o`radi
60 va o`zining qoyada yo`nilgan yangi qabriga qo`ydi. Keyin qabrning og`ziga katta bir toshni yumalatib keltirib qo`ydi-da, jo`nadi.
61 Magdalalik Maryam bilan boshqa Maryam esa shu yerda, qabrning ro`parasida o`tirgan edilar.
62 Tayyorgarlik kunining ertasiga oliy ruhoniylar va farziylar Pilatning huzuriga to`planishib:
63 Taqsir! - deyishdi, - o`sha aldamchi hali tirikligida: “Uch kundan keyin qayta tirilaman”, - degani esimizga tushdi.
64 Shuning uchun uch kungacha qabrni qorovullashni buyursangiz, toki Uning shogirdlari kechasi kelib Uni o`g`irlab ketishmasin va xalqqa: “U qayta tirildi”, - deb aytishmasin. Yo`qsa, oxirgi aldov birinchisidan battar bo`ladi.
65 Pilat ularga: Mana, soqchilar bo`linmasi o`zlaringizning ixtiyoringizda. Borib, bilganingizdek qabrni qorovullanglar, - dedi.
66 Ular esa soqchilar bilan borib, qabr toshiga muhr bosib, qabrni qorovullay boshladilar.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28