Menyu

Matto xushxabari 13 Bob


1 O`sha kuni Iso uydan chiqib, ko`l bo`yida o`tirdi.

2 Uning oldida anchagina xaloyiq to`plangach, U qayiqqa tushib o`tirdi. Bor xaloyiq esa qirg`oqda Unga ko`z tikdi.

3 Iso ularga masal yo`li bilan ko`p nasihatlar qildi: “Urug` sepuvchi urug` sepgani chiqibdi.

4 Urug` sepayotganda ba`zi urug`lar yo`l yoqasiga tushibdi. Qushlar uchib kelib, ularni cho`qib ketibdi.

5 Boshqa ba`zi urug`lar esa tuprog`i kam toshloqqa tushibdi. Tuproq sayoz bo`lganidan, urug`lar tez ko`karib chiqibdi.

6 Biroq quyosh chiqqach, so`lib, ildizi bo`lmagani uchun qurib qolibdi.

7 Yana boshqa ba`zi urug`lar tikanlar orasiga tushibdi. Tikanlar o`sib, urug`larni bo`g`ib qo`yibdi.

8 Yana boshqa urug`lar esa yaxshi yerga tushib, ba`zisi yuz, ba`zisi oltmish, ba`zisi o`ttiz qat hosil beribdi.

9 Kimning eshitar qulog`i bo`lsa, eshitsin!”

10 Shogirdlar yaqinroq kelib, Isodan: Nega xalqqa masallar bilan gapiryapsan? - deb so`radilar.

11 U ularga javob berib dedi: Chunki Osmon Shohligining sirlarini bilish qobiliyati sizlarga berilgan, ularga berilmagan.

12 Zero kimda bor bo`lsa, unga yana beriladi va u mo`lchilikda bo`ladi. Ammo kimda yo`q bo`dsa, bori ham undan tortib olinadi.

13 Xalqqa masal bilan gapirishimning sababi shundaki, ular qarab turib ko`rmaydilar, quloq solib turib eshitmaydilar va anglamaydilar.

14 Isha`yo payg`ambarning karomati ularga juda to`g`ri keladi, mana Xudo shunday degan: “Tinglab tursangiz-da, anglamaysizlar, qarab tursangiz-da, ko`rolmaysizlar.

15 Bu xalqning dilini-chi yog` bosgan, arang eshitar quloqlari ham, ko`zlarini esa yumib olganlar. Ko`z ko`rsin deb, quloq eshitsin deb, dil farosatli bo`lsin deb, Menga iltijo qilsalar edi, Men ularga shifo berar edim”.

16 Lekin ko`zlaringiz ko`rayotgan va quloqlaringiz eshitayotgan sizlar qanday baxtlisizlar!

17 Sizga chinini aytayin: ne-ne payg'ambaru solihlar siz ko`rayotganlarni ko`rishni orzu qilganlar-u ko`rolmaganlar, siz eshitayotganlarni eshitishni orzu qilganlar-u eshitolmaganlar.

18 Endi sizlar urug` sepuvchi haqidagi masalni yaxshi tinglanglar.

19 Xudoning Shohligi to`g`risidagi kalomni eshitib, uqib olmagan har bir kishiga yovuz shayton kelib, uning yuragiga ekilgan ezgulik urug`larini o`g`irlab ketadi. Yo`l yoqasiga tushgan urug`lar ana shularga ishoradir.

20 Toshloqqa sepilgan urug`lar esa shunday kishini bildiradi: u kalomni eshitar-eshitmas sevinch bilan qabul qilaveradi.

21 Lekin ildizi yo`q, beqaror kishi bo`lgani uchun, kalom tufayli qayg`u yoki quvg`inga duchor bo`lgan hamon vasvasaga tushib qoladi.

22 Tikanlar orasiga sepilgan urug`lar esa shunday odamni bildiradi: u kalomni eshitsa-da, bu dunyoning tashvishlari va boylik rujui kalomni bo`g`ib tashlaydi va kalom samarasiz qoladi.

23 Yaxshi yerga sepilgan urug`lar esa, salomni eshitib uni uqib oladigan odamni bildiradi. Bunday kishi, albatta, samarali bo`ladi; kimi yuz, kimi oltmish, kimi o`ttiz qat hosil beradi”.

24 Iso ularga boshqa bir masalni keltirdi: “Osmon Shohligi o`z dalasiga yaxshi urug` sepgan bir odamga o`xshaydi.

25 Hamma uxlab yotganda, u odamning dushmani kelib bug`doy orasiga begona o`t urug`larini sepib ketibdi.

26 Ekin ko`karib boshoq chiqarganida, begona o`tlar ham paydo bo`libdi.

27 Yer egasining xizmatkorlari kelib: Xo`jayin, siz dalangizga yaxshi urug` sepgan emasmidingiz? Endi bu begona o`tlar qayerdan paydo bo`ldi? - deb so`rashibdi.

28 Bu dushmanning ishidir, - debdi yer egasi. Istasangiz, biz borib ularni yulib tashlaymiz, - deyishibdi xizmatkorlar.

29 Yo`q, - debdi u, - sizlar begona o`tlarni yulayotganda, ular bilan birga bug`doyni ham yulib olishingiz mumkin.

30 O`rim-yig`im vaqtigacha qo`yinglar, u ham, bu ham birga o`saversin. O`rim-yig`im bo`lgach, men o`roqchilarga: “Oldin begona o`tlarni o`rib olinglar va bog`-bog` qilib yoqishga tayyorlanglar. Bug`doyni esa mening omborimga to`plab qo`yinglar”, deb aytaman”.

31 Iso ularga yana bir masalni aytib berdi: “Osmon Shohligi bir odam o`z dalasiga sepib qo`ygan xantal urug`iga o`xshaydi.

32 U barcha urug`lardan kichik bo`lsa-da, lekin yetilgach, hamma ko`katlardan baland bo`lib o`sadi. U shunday daraxt bo`ladiki, ko`k yuzidagi qushlar uchib kelib, uning shohlarini o`zlariga uya qiladilar”.

33 Iso ularga boshqa bir masalni ham aytib berdi: “Osmon Shohligi bir ayol butun xamirni oshirish uchun uch tog`ora unga qorishtirib solgan xamirturush burdasiga o`xshaydi”.

34 Iso bularning hammasini xalqqa masallar bilan tushuntirdi. Masalsiz ularga hech narsani tushuntirmas edi.

35 Shu bilan payg`ambarga vahiy bo`lgan shu so`z bajo keldi: “Og`zimni masallar aytmoqqa ochib, azaliy sirlardan voqif etaman”.

36 Shundan so`ng Iso xaloyiqqa javob berib, uyga kirdi. Shogirdlari Uning oldiga kelib: Daladagi begona o`tlar haqidagi masalni bizlarga tushuntirib bergin, - dedilar.

37 Iso ularga javoban dedi: Yaxshi urug`ni sepgan - Inson O`g`lidir,

38 dala esa - dunyo. Yaxshi urug`lar - Xudo hokimiyatidagi odamlar, begona o`tlar esa - yovuz shayton hokimiyatidagi olamlardir.

39 Begona o`tlarni sepgan dushman bo`lsa - iblisdir. O`rim-yig`im - dunyoning oxiri, o`roqchilar esa farishtalarga teng keladi.

40 Begona o`tlarni qanday terib o`tda yoqsalar, bu dunyoning oxirida ham shunday bo`ladi.

41 Inson O`g`li O`z farishtalarini yuboradi, ular esa gunohga sabab bo`lgan va yomonlik qilib yurgan barchani Uning Shohligidan yig`ib olib,

42 lovullab turgan o`choqqa tashlaydilar. U erda yig`i-sig`i va ohu nola bo`ladi.

43 O`shanda solihlar o`z Otalarining Shohligida quyosh kabi porlaydilar. Kimning eshitar qulog`i bo`lsa, eshitsin!

44 “Yana Osmon Shohligi dalada yashirilgan xazinaga o`xshar. Uni bir odam topib sir saqlabdi va juda sevinganidan borib, bor-yo`g`ini sotib, u dalani xarid qilibdi”.

45 “Yana Osmon Shohligi marvarid izlayotgan bir savdogarga o`xshar.

46 U qimmatbaho marvaridni topganda, borib bor-yo`g`ini sotib, marvaridni xarid qilibdi”.

47 “Yana Osmon Shohligi dengizga tashlangan va turli baliqlarni tutgan to`rga o`xshaydi.

48 To`r to`lgach, uni qirg`oqqa tortib chiqarishibdi va o`tirishib, yaxshi baliqlarni saralab idishlarga solishibdi, yomonlarini esa tashqariga tashlab yuborishibdi.

49 Dunyoning oxirida ham shunday bo`ladi: farishtalar kelib, fosiqlarni solihlar orasidan ajratib,

50 ularni lovullab turgan o`choqqa tashlaydilar.U yerda yig`i-sig`i va ohu nola bo`ladi”.

51 Iso shogirdlaridan so`radi: Bularning hammasiga tushundingizlarmi? - dedi ular.

52 Iso shogirdlariga: Demak, Osmon Shohligi to`g`risida ta`dim-tarbiya olgan har bir ulamo o`z xazinasidan yangi va eski narsalar chiqaradigan uy egasiga o`xshaydi, - dedi.

53 Iso bu masallarni aytib bo`lgach, u yerdan ketdi.

54 O`z vataniga kelib, yerli xalqning ibodatxonasida ta`lim bera boshladi. Ular esa hayratda qolib: Shunday donolik va mo``jizakorlik qudrati Unga qaerdan nasib bo`ldi ekan?

55 Duradgorning o`g`li emasmi O`zi? Onasining ismi Maryam, ukalari esa Yoqub, Yusuf, Simun va Yahudolar emasmi?

56 Uning hamma singillari ham bizning oramizda-ku! Bularning barchasiga U qanday qilib erishdi ekan? - deyishdi.

57 Va g`ashlanib, Uni rad qilishdi. Iso esa ularga: Payg`ambar o`z vatani va uyidan boshqa yerda e`tiborsiz bo`lmas, - dedi.

58 Ularning e`tiqodsizligi sababli u yerda ko`p mo``jizalar ko`rsatmadi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28