Menyu

Matto xushxabari 4 Bob


1 O`shanda Iso, iblisning sinovidan o`tish uchun Muqaddas Ruh tomonidan sahroga olib borildi.

2 U qirq kun va qirq kecha ro`za tutib, oxiri och qoldi.

3 Shunda vasvasa qiluvchi Isoning yoniga kelib Unga: Agar Sen Xudoning O`g`li bo`lsang, aytgin, bu toshlar nonga aylansin! - dedi.

4 Iso unga javoban dedi: Tavrotda: “Inson birgina non bilan emas, balki Xudoning og`zidan chiqqan har bir so`z bilan yashaydi”, deb yozilgan.

5 Keyin iblis Isoni tabarruk shaharga keltirdi va ma`badning tepasida turg`izib,

6 Unga dedi: Agar Sen Xudoning O`g`li bo`lsang, O`zingni pastga tashla-chi. Chunki Zaburda shunday yozilgan-ku: “U Sen haqda O`z farishtalariga amr etgay: Ular Seni qo`llarida ko`tarib ketar, oyog`ing ham toshga qoqilib ketmas”.

7 Iso unga: “Egang Xudovandni sinama”, deb yozilgani ham bor, - dedi.

8 Iblis Isoni yana juda baland toqqa olib chiqib ketdi. Dunyoning barcha saltanatlarini hamda ularning hashamatini Unga ko`rsatib:

9 Agar tiz cho`kib menga sajda qilsang, bularning hammasini Senga beraman, - dedi.

10 Shunda Iso: Yo`qol ko`zimdan, shayton! Chunki Tavrotda: “Egang Xudovandga sajda qil, birgina Unga itoatda bo`l”, deb yozilgan, - dedi.

11 Shundan so`ng iblis Isoni tark etdi va farishtalar esa kelib, Isoga xizmat qila boshladilar.

12 Iso Yahyoning hibsga olinganini eshitgach, Jalilaga qaytib bordi.

13 U Nosira shaxrida ko`p qolmay, Zavulun va Naftoli yurtidagi ko`l bo`yida joylashgan Kafarnahum shahriga kelib o`rnashdi.

14 Shunday qilib, Isha`yo payg`ambarga vahiy bo`lgan ushbu oyat bajo keldi:

15 “Ey Zavulun diyori va Naftoli diyori, O`rdun nahrining naryog`ida, Dengiz yo`lida joylashgan majusiylar Jalilasi!

16 Zulmatda qolib kelgan xalq katta ziyoni ko`rdi, o`lim soyasiga burkangan el ufqlari yorishdi”.

17 Shu kundan boshlab Iso voizlik qiladigan bo`lib: “Tavba qilinglar, chunki Osmon Shohligi yaqinlab qoldi”, - deb aytar edi.

18 Jalila ko`li yonidan o`tayotganida, Iso ko`lga to`r tashlab turgan ikki aka-uka - Butrus deb ataluvchi Simun va uning ukasi Idrisni ko`rib qoldi. Ular baliqchi edilar.

19 Iso ularga: “Mening orqamdan yuringlar, Men sizni inson ovchilari qilaman”, - dedi.

20 Aka-uka darhol to`rlarini qoldirib,Uning orqasidan ergashdilar.

21 U yerdan o`tayotib, Iso boshqa ikki aka-uka - Zabadiyning o`g`li Yoqub va uning ukasi Yuhannoni ko`rib qoldi. Ular otalari Zabadiy bilan birga qayiqda to`rlarini yamab o`tirishgan edi. Iso ularni ham chaqirdi.

22 Ular ham darhol qayiqni va otalarini qoldirib, Isoning orqasidan ergashdilar.

23 Iso butun Jalilani aylanib chiqdi. U yurtning ibodatxonalarida ta`lim berib, Xudoning Shohligi to`g`risidagi Xushxabarni e`lon qilib, odamlardagi har turli kasallik va darmonsizlikni shifolab yurdi.

24 U haqdagi xabar butun Suriyaga yoyildi. Turli-tuman dardu illatlardan qiynalib yurganlar, jinga chalinganlar, tutqanoq va shol kasaliga yo`liqqanlarning hammasini Isoning oldiga keltirishar, U esa ularni sog`aytirar edi.

25 Jalila va O`nkent viloyatidan, Quddusdan, Yahudiya hamda O`rdunning narigi tomonidagi yurtlardan kelgan ko`plab xaloyiq Uning orqasidan ergashib bordi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28