Matto xushxabari 19 Bob
1 Iso bu so`zlarni aytib bo`lgach, Jalilani tark etib, Yahudiya hududiga, O`rdun daryosining narigi tamoniga keldi.
2 Tumonat xaloyiq Uning ketidan ergashb yurdi. Iso u yerda xastalarga shifo berdi.
3 Isoni sinash niyatidagi ba`zi farziylar Uning oldiga kelib: Erkak har qanday sababga ko`ra o`z xotinidan ajralishi mumkinmi? - degan savolni berdilar.
4 Iso ularga javoban: Tavrotda o`qimagansizlarmi? - dedi. - Parvardigor boshdanoq odamlarni erkak va ayol qilib yaratdi
5 va dedi: “Er kishi ota-onasini qoldirib, o`z xotiniga yopishib qoladi va ikkovi bir tan bo`ladi”.
6 Shunga ko`ra endi ikki emas, balki bir tan hisoblanadilar. Xudo birga qo`shganini bandasi ajratmasin.
7 Ular Isoga: Unday bo`lsa, Muso nima uchun: “Erkak xotini bilan ajralsa, taloq xatini yozib bersin”, deb amr etganlar? - deyishdi.
8 U ularga dedi: Bag`ri tosh odamlar bo`lganingiz uchun Muso sizlarga xotinlaringiz bilan ajralishga ijozat bergan. Lekin boshdan bunday emas edi.
9 Men sizlarga shuni aytayin: kim bevafolikdan boshqa sabab tufayli xotinidan ajralib, o`zgaga uylansa, zino qilgan bo`ladi. Shuningdek, eridan ajralgan xotinga uylangan ham zino qilgan bo`ladi.
10 Shogirdlar Isoga: Agar erkakning xotiniga nisbatan shunday majburiyati bo`lsa, uylanmagan yaxshiroq ekan-da! - deyishdi.
11 Iso ularga: Bu so`zni hamma ham hazm etolmaydi, - dedi. - Kimgaki nasib bo`lsa, u hazm eta oladi.
12 Ba`zi kishilarning onadan tug`ma erkakligi zaifdir. Boshqalar esa odamlar tomonidan axta qilinadilar. Yana boshqalar Osmon Shohligi yo`lida uylanishdan voz kechadilar. Uddalagan bu gaplarning mag`zini chaqsin.
13 Shunda Iso ularning peshanalariga qo`llarini qo`yib duo qilishi uchun, Uning oldiga bolalarni keltirishdi. Shogirdlari yetaklab keluvchilarni koyiy boshlagach,
14 Iso dedi: Bolalarni qo`yinglar, Mening oldimga kelishlariga to`sqinlik qilmanglar. Zero Osmon Shohligi shundaylarnikidir.
15 Ularning peshanalarnin silab, u yerdan jo`nab ketdi.
16 Shu mahal bir kishi Isoning yoniga kelib: Valine`mat Ustozim! Abadiy hayot nasib bo`lishi uchun qanday savobli ish qilmog`im lozim? - deb so`radi.
17 Iso unga dedi: Nega sen Mendan savobli ish haqida so`rayapsan? Birgina Xudodan boshqa hech kim savob egasi emas. Agar boqiy hayotga erishmoq istasang, ilohiy amrlarga rioya qil.
18 Qaysilariga? - deb so`radi u. Iso dedi: “Odam o`ldirma. Zino qilma. O`g`rilik qilma. Soxta guvohlik berma.
19 Ota-onangni hurmat qil. O`zgani o`zing kabi sev”, degan amrlarni-da.
20 Yigit Unga dedi: Men bularning hammasini yoshligimdan saqlab kelaman. Menga yana nima yetishmaydi?
21 Iso unga: Agar komil bo`lishni istasang, bor, hamma mol-mulkingni sotib, pulini kambag`allarga tarqat. Shundagina ko`kda xazinang bo`lur. Va kel, Mening ortimdan ergash, - dedi.
22 Yigit bu so`zlarni eshitib, qayg`u ichida u yerdan chiqib ketdi. Chunki uning pul-dunyosi ko`p edi.
23 Iso shogirdlariga: Sizga chinini aytayin: boy odamning Osmon Shohligiga kirishi qiyin bo`ladi.
24 Yana sizga aytaman: boy odamning Xudo Shohligiga kirishidan ko`ra, tuyaning igna teshigidan o`tishi osondir, - dedi.
25 Shogirdlari buni eshitib, chandon taajjublandilar va: Unday bo`lsa, kim najot topa olarkan? - deb so`radilar.
26 Iso ularga ko`zlarini tikib: Odamlarga bu imkonsiz, lekin Xudoga hamma narsa mumkindir, - dedi.
27 Bu so`zga javoban, Butrus Isoga dedi: Mana, biz hamma narsani qoldirib, Sening orqangdan ergashib keldik. Buning evaziga biz nima toparmiz?
28 Iso ularga dedi: Sizga chinini aytayin: yangi dunyoda Inson O`g`li O`zining ulug`vor taxtida o`tirganida, Mening orqamdan ergashib kelgan sizlar ham o`n ikkita taxtga o`tirib, Isroilning o`n ikki qabilasini hukm qilasizlar.
29 Men uchun uy-joy, aka-uka, opa-singil, ota-ona, xotin-bola yoki yer-mulkini tashlab ketgan har bir kishi bulardan yuz hissa ortiqrog`ini topib, abadiy hayotga noil bo`lajak.
30 Lekin ko`p birinchi bo`lganlar oxirgi, oxirgilar esa birinchi bo`ladilar.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28