Matto xushxabari 20 Bob
1 “Shunday qilib, Osmon Shohligi uzumzoriga erta saharda mardikorlar yollagani chiqqan bog` egasiga o`xshaydi.
2 U mardikolar bilan kuniga bir kumush tanga berishga kelishib, ularni o`zining uzumzoriga yuboribdi.
3 Soat to`qqizdarda u yana chiqib, bozor maydonida bekor turgan boshqa odamlarni ko`rib,
4 ularga: Sizlar ham mening uzumzorimga boringlar, men sizlarga tegishli haqingizni beraman, - dedi. Ular esa boribdilar.
5 Tush chog`i va soat uchga yaqin u tag`in chiqib, yana shunday qilibdi.
6 Soat beshlarda chiqib, bekor turgan yana boshqalarni ko`ribdi-da: Nega sizlar bu yerda kun bo`yi bekor turibsizlar? - deb so`rabdi.
7 Ular esa: hech kim bizlarni ishga yollamadi-da, - debdilar. Shunda bog` egasi: Sizlar ham mening uzumzorimga boringlar, tegishli haqingizni olasizlar, - debdi.
8 Kech bo`lgach, uzumzor egasi o`zining hosilotiga: Mardikorlarni chaqirib, ularga oxirgisidan boshlab birinchisigacha xizmat haqlarini bergin, - deb buyuribdi.
9 Shunday qilib, soat beshlarda ish boshlaganlar bir kumush tangadan olishibdi.
10 Birinchi kelganlar esa ko`proq olamiz, deb o`ylashibdi. Ammo ular ham bir kumush tangadan olishibdi.
11 Ular xizmat haqini olgach, bog` egasiga norozilik bildira boshlashibdi:
12 Bu oxirgi kelganlar bir soatgina ishladi, siz esa ularni kunning issig`iyu mashaqqatini tortgan bizlar bilan teng ko`rdingiz.
13 Bunga javoban bog` egasi ulardan biriga: Do`stim, men senga nohaqlik qilganim yo`q. Sen men bilan bir kumush tangaga kelishgan edingmi?
14 Endi haqingni olib, boraver. Men senga bergancha aqchani bu oxirgi kelganga ham bersam, nima bo`pti?
15 O`z pulimni xohlagancha istifoda qilish o`z ixtiyorimda emasmi? Yoki mening saxiyligimni ko`rolmayapsanmi? - debdi.
16 Shunga o`xshab, oxiratda ham oxirgilar birinchi va birinchilar esa oxirgi bo`ladilar. (Chunki da`vat etilganlar ko`p, ammo tanlanganlar ozdir.)”
17 Iso Quddusga qarab yo`l olar ekan, o`n ikki shogirdini alohida chaqirib, ularga dedi:
18 “Hozir Quddusga boryapmiz va Inson O`g`li oliy ruhoniylar bilan ulamolarga tutib beriladi. Ular esa Uni o`limga mahkum etadilar.
19 Haqoratlash, qamchilash va xochga mixlash uchun Uni majusiylarga topshiradilar. Uchinchi kuni esa U qaytadan tirilajak”.
20 Shunda Zabadiylar oilasining onasi o`g`illari bilan birga Isoning huzuriga keldi. Nimadir so`ramoqchi bo`lib, Unga ta`zim qildi.
21 Iso ayoldan so`radi: Sen nima istaysan? Sening Shohliningda bu mening ikki o`g`limning biri o`ng tomoningda va biri chap tomoningda o`tirishlarini buyurgin! - dedi Unga ayol.
22 Iso javob berib dedi: Sizlar nima so`rayotganingizni bilmaysizlar. Men ichajak hasratli taqdir sharobini icha olasizlarmi? - Ichamiz! - dedi ular.
23 Iso ularga: Sizlar-ku Mening kosamdan ichib, hasratlarimni chekasizlar, ammo Mening o`ng va chap tomonimda o`tirishga ruxsat berish Mening ixtiyorimda emas. Otam bu o`rinni kimlarga tayyorlagan bo`lsa, ularga buyuradi, - dedi.
24 Boshqa o`n shogird buni eshitgach, ikki aka-ukaga achchiqlana ketishdi.
25 Iso esa ularni yoniga chaqirib, dedi: Bilasizlarki, dunyo xalqlari ustidan saltanatli podshohlar bor, el ustidan otabeklar hokimlik qiladi.
26 Ammo sizning orangizda bunday bo`lmasin. Orangizda kim katta bo`lishni istasa, sizga xizmatkor bo`lsin.
27 Orangizda kim birinchi bo`lishni istasa, sizga qul bo`lsin.
28 Zero Inson O`g`li ham O`ziga xizmat qildirish uchun emas, balki O`zi xizmat qilish va O`z jonini fido qilib, ko`plarni qutqarish uchun kelgan.
29 Ular Yerixo shahridan jo`nayotganlarida, ko`p xalq Isoning orqasidan ergashib bordi.
30 Yo`l chekkasida o`tirgan ikki ko`r Iso ularning oldidan o`tib borayotganini eshitgach: Ey Hazrat, Dovud O`g`li, bizlarga rahm qil! - deb baqira boshladilar.
31 Xaloyiq ularni jim bo`lishga majbur qilsa-da, lekin ular ovozlarini yanada balandroq qilib:—Ey Hazrat, Dovud O`g`li, bizlarga rahm qil! - deb yolvordilar.
32 Iso to`xtab, ularni yoniga chaqirdi-da: Sizlar Mendan nima istaysizlar? - deb so`radi.
33 Ular: Hazrat, ko`zlarimiz ochilsin! - deyishdi.
34 Isoning ularga rahmi kelib, ko`zlariga qo`l tegizdi. Shu onda ularning ko`zlari ochilib ketdi. Ular Isoning ortidan ergashdilar.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28