Menyu

Matto xushxabari 21 Bob

tez o'tish:

1 Quddusga yaqinlashishib, Zaytun tog`i etagidagi Baytfagiya qishllog`iga yetib kelishdi. Iso ikki shogirdini yana yo`lga solib:

2 “Qarshingizdagi qishloqqa boringlar, shu zahot bog`lab qo`yilgan urg`ochi eshakni va uning yonida xo`tikni ko`rasizlar. Ularni yechib, Mening oldimga keltiringlar.

3 Agar kimdir sizga biror nima desa, “Bular Rabbimizga kerak, U ko`p o`tmay ularni qaytarib yuboradi”, - deb javob beringlar”, - dedi.

4 Bu sodir bo`lganlarning hammasi payg`ambarga vahiy bo`lgan ushbu oyat bajo kelishi uchun ro`y berdi:

5 “Sion qiziga aytingiz-kim: Bir mocha eshakka minib, xo`tikka mingashib kamtarona, sening Podshohing kelar yoningga”.

6 Shogirdlar yo`lga tushib, Iso ularga buyurganiday qildilar.

7 Eshak bilan xo`tikni keltirib, ularning ustiga kiyimlarini yukladilar. Iso esa minib oldi.

8 Xalqning ko`pchilik qismi o`z kiyimlarini yo`lga poyandoz qildi. Ba`zilari esa daraxt shoxlarini kesib, yo`lga to`shadilar.

9 Oldda va orqada yurayotgan xaloyiq: “Dovud O`g`li mangu yashasin!” Xudovand nomidan Kelayotgan muborak! Ko`klardan najot yuborgil!” - deb hayqirishar edi.

10 Iso Quddusga kirib kelganida, butun shahar: “Bu kim bo`ldi?” - deb harakatga keldi.

11 Xaloyiq esa: “Bu Jalilaning Nosira shahridan bo`lgan Iso payg`ambar!” - deb ta`kidladi.

12 Iso Xudo ma`badiga kirib, ma`badda oldi-sotdi qilayotgan hammani quvib chiqardi. Sarroflarning xontaxtalarini va kaptar sotuvchilarning kursilarni ag`darib yubordi.

13 Iso ularga: Tavrotda: “Mening uyim ibodat uyi atalgay”, - deb yozilgan. Sizlar esa uni qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboribsizlar!

14 Ma`badda Isoning oldiga ko`rlar va cho`loqlar keldi. U esa ularga shifo berdi.

15 Lekin oliy ruhoniylar va ulamolar Isoning qilayotgan ajoyib ishlarini hamda ma`badda: “Dovud O`g`li mangu yashasin!” deb hayqirayotgan bolalarni ko`rib, darg`azab bo`ldilar.

16 Bular nima demoqdalar, eshityapsanmi? - deyishdi Unga. Iso ularga: Ha! - dedi. - Nahotki sizlar: “Go`dak va chaqaloqlar og`zidan Sen madhiya yaratding”, - degan oyatni hech qachon o`qimagan bo`lsangiz?

17 So`ng Iso ularni qoldirib, shahardan chiqdi va Baytaniyaga borib, u yerda tunadi.

18 Ertalab Iso shaharga qaytib kelayotganida och qoldi.

19 Yo`l chetida bir anjir daraxtini ko`rib, uning yoniga keldi. Iso barglardan boshqa hech narsa topmay, daraxtga: Bundan keyin senda abadiy meva bitmasin! - dedi. Anjir daraxti esa shu onda qurib qoldi.

20 Buni ko`rgan shogirdlar hayratga tushib: Qanday qilib anjir daraxti darhol qurib qoldi? - dedilar.

21 Iso ularga javoban: Sizlarga chinini aytayin, - dedi, - Agar ishonchingiz qat`iy bo`lib, shubhalanmasangiz,bu anjir daraxti bilan sodir bo`lganni ado etish u yoqda tursin, hatto bu toqqa: “Ko`taril-da, dengizga otil”, - desangiz, aytganingiz bo`ladi.

22 Sizlar ibodat qilib, ishonch bilan nimaiki so`rasangiz, erishasizlar.

23 Iso ma`badga kirib ta`lim berayotganida, oliy ruhoniylar va xalq oqsoqollari Uning oldiga kelib: Sen bu ishlarni qanday huquq bilan qilyapsan? Senga bunday vakolatni kim bergan? - deb so`radilar.

24 Iso ularga javob berib dedi: Men ham sizga bir savol berayin. Agar Menga javob bersangizlar, shunda Men ham bu ishlarni qanday vakolat bilan qilayotganimni sizlarga aytaman.

25 Yahyo payg`ambar odamlarni suvda tavba qildirish uchun kimdan vakolat olgan edi? Xudodanmi yoki insondanmi? Ular esa o`zaro mulohaza yurita boshladilar: “Agar Xudodan desak, U bizlarga: “Nega unga ishonmadingiz?” - deb aytadi.

26 Agar insondan desak, xalqdan qo`rqish kerak, chunki xalqning bari Yahyoni payg`ambar deb hisoblaydi-ku”.

27 Nihoyat Isoga: Bilmaymiz, - deb javob berdilar. Iso esa ularga: Men ham bularni qanday vakolat bilan qilayotganimni sizga aytmayman, - dedi.

28 “Sizlarning fikringiz qanday? Bir odamning ikki o`g`li bor ekan. U birinchisiga kelib: O`g`lim, bugun borib uzumzorimizda ishla, - debdi.

29 Ammo u: Istamayman! - deb so`z qaytaribdi. Keyin pushaymon bo`lib boribdi.

30 U odam ikkinchi o`g`liga kelib, yana shunday debdi. Bunisi javob berib: Xo`p xo`jayin, boraman, - debdi-yu, lekin bormabdi.

31 Ikkovidan qaysi biri otasining xohishini bajo keltirgan bo`ladi?” Isoga: “Birinchisi”, - dedilar. U ularga: “Sizlarga chinini aytayin, - dedi. - Sayoqlaru fohishalar Xudoning Shohligiga sizlardan oldin erishmoqdalar.

32 Chunki Yahyo payg`ambar sizning oldingizga to`g`ri yo`lni o`rgatib keldi va sizlar unga ishonmadingiz, sayoqlar va fohishalar esa ishondi. Sizlar-chi, buni ko`rgandan keyin ham pushaymon qilmalingiz, ishonmadingiz”.

33 “Endi boshqa bir masalni eshiting: bir yer egasi bor ekan. U uzumzor yaratib, atrof-tevaragini panjara bilan o`rab, ichida iskanja va qo`riqchi minorasi quribdi-da, uzumzorni bag`bonlarga ijaraga tashlab, o`zi vaqtincha boshqa mamlakatga ketibdi.

34 Hosil mavsumi yaqinlashgach, o`zining mahsulini olish uchun bog`bonlarning oldiga xizmatkorlarini yuboribdi.

35 Bog`bonlar esa uning xizmatkorlarini tutishibdi va kimini urib, kimini o`ldirib, kimini esa toshbo`ron qilishibdi.

36 Bog` egasi bu gal avvalgidan ham ko`proq boshqa xizmatkorlarini yuboribdi. Bog`bonlar esa ular bilan ham shunday qilishibdi.

37 Oxirida bog` egasi: O`g`limni hurmat etarlar, - deb ularning oldiga o`z o`g`lini yuboribdi.

38 Lekin bog`bonlar o`g`lini ko`rib, bir-biriga: Bu merosxo`r-ku, qani uni o`ldirib, merosiga ega bo`laydik, - deyishibdi.

39 Uni tutib, uzumzordan tashqariga chiqarib, o`ldirishibdi.

40 Shunday qilib, uzumzorning egasi qaytib kelganda, bu bog`bonlarni nima qilar ekan?”

41 Tinglayotganlar Isoga: “Bu yovuz odamlarni yovuzlarcha yo`q qilib, uzumzornin esa mavsumida hosilini terib turadigan boshqa bag`bonlarga ijaraga beradi”, - dedilar.

42 Iso ularga dedi: “Nahotki siz Zaburdagi bu so`zni hech o`qimagan bo`lsangizlar? “Binokorlar keraksiz deb tashlanan tosh Naq binoning peshtoqidan joy oldi. Bu Xudovand irodasi tufaylidir, bizga esa ajoyibot timsolidir”.

43 Shuning uchun sizlarga aytamanki, Xudoning Shohligi sizdan olinib, tegishli hosilini etishtiruvchi xalqqa beriladi.

44 Kimki bu toshga yiqilsa, parchalanib ketadi. Tosh kimning ustiga tushsa, uni ezib yuboradi”.

45 Oliy ruhoniylar va farziylar Isoning masallarini tinglagan sayin, ular o`zlari haqida aytilganini payqadilar.

46 Ular Isoni qo`lga tushirishga intilayotgan bo`lsalarda, xalqdan qo`rqar edilar. Chunki xalq Isoni payg`ambar deb hisoblar edi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28