Menyu

Matto xushxabari 7 Bob


1 “Boshqalarni hukm qilmanglar, siz ham mahkum bo`lmaysiz.

2 Sizlar qanday hukm qilsangiz, sizga ham shunday hukm o`tkaziladi. Sizlar qanday o`lchov bilan o`lchasangiz, sizga ham shunday o`lchov tatbiq etiladi.

3 Nega sen birodaring ko`zidagi cho`pni ko`rasanu, lekin o`z ko`zingdagi xodani sezmaysan?

4 Sening ko`zingda xoda bor ekan, qanday qilib birodaringga: “Kel ko`zingdagi cho`pni chiqarib olay”, - deysan?

5 Ey ikkiyuzlamachi! Oldin o`z ko`zingdan xodani chiqarib ol, keyin birodaring ko`zidan cho`pni qanday chiqarmoq uchun ko`zing ochiladi.

6 Muqaddas bo`lgan narsani itlarga bermang, marvaridlaringizni cho`chqalar oldiga tashlamang. Tag`in bularni oyoq osti qilib, so`ngra o`zingizni tilka-pora qilmasinlar!”

7 “So`rab turing, sizga beriladi. Izlab turing, topasizlar. Taqillatib turing, sizga ochiladi.

8 Chunki har bir so`ragan olar, izlagan topar, taqillatganga eshik ochilar.

9 Orangizda bir kimsa bormi, o`g`li undan non so`raganda, unga tosh bersa?

10 Yoki baliq so`raganda, unga ilon bersa?

11 Sizlar yovuz bo`la turib, bolalaringizga yaxshi hadyalar berishni bilmangiz, boz ustiga osmondagi Otangiz Undan so`raganlarga mo`l-ko`l ne`matni beradi!

12 Odamlar sizga qanday muomala qilishlarini istasangiz, siz ham ularga shunday muomalada bo`ling. Tavrot va payg`ambarlar ta`limotining mag`zi shundadir”.

13 “Tor eshikdan kiringlar! Chunki halokatga eltuvchi yo`l ko`p enli, darvozasi esa kengdir. Ana, shu tomon yurayotganlar ko`p.

14 Hayot sari eltuvchi yo`l esa tang, eshigi juda tordir. Bu yo`lni topadiganlar oz”.

15 “Soxta payg`ambarlardan ehtiyot bo`linglar! Ular sizning oldingizga qo`y kiyimida keladilar, lekin ichlaridan yirtqich bo`rilardir.

16 Ularni mevalaridan bilib olasizlar. Tikanakdan uzum, yoki yantoqdan anjir terisharmikan?

17 Har bir yaxshi daraxt yaxshi meva berar, yomon daraxt esa yomon meva berar.

18 Yaxshi daraxt yomon meva berolmas, yomon daraxt ham yaxshi meva berolmas.

19 Yaxshi meva bermaydigan har bir daraxt esa kesilib, olovga tashlanadi.

20 Shunday qilib, soxta payg`ambarlarni mevalaridan bilib olasizlar.

21 Meni “Yo Rabbiy, yo Rabbiy” deb chaqirgani bilan har bir odam Osmon Shohligiga kiravermaydi. Bunga osmondagi Otamning irodasini bajo keltiruvchigina erishadi.

22 Qiyomat kunida ko`plar Menga: “Yo Rabbiy, yo Rabbiy, bizlar Sening noming bilan bashorat qilmadikmi? Sening noming bilan jinlarni quvib chiqarmadikmi? Sening noming bilan ko`pgina mo``jizalar yaratmadikmi?” - deydilar.

23 O`sha vaqtda Men ularning yuziga qarab: Men sizlarni hech qachon tanigan emasman. Ey badkirdorlar, Mening oldimdan ketinglar! - deyman”.

24 “Endi kim Mening bu so`zlarimni eshitib, ularni bajo keltirsa, uni o`z uyini tosh ustiga qurgan farosatli odamga o`xshataman.

25 Yomg`ir yog`ib, sellar toshib, shamollar esib, u uyni bosib qolibdi. Lekin tosh ustiga o`rnatilgani uchun qulamabdi.

26 Biroq kim Mening bu so`zlarimni eshitib, ularni bajo keltirmasa, o`z uyini qum ustiga qurgan farosatsiz odamga o`xshaydi.

27 Yomg`ir yog`ib, sellar toshib, shamollar esib, u uyni bosib qolibdi. Uy esa qulab, yer bilan yakson bo`libdi”.

28 Iso bu so`zlarni aytib bo`lgandan keyin, xaloyiq Uning ta`limotiga hayron qoldi.

29 Chunki Iso ularga ulamolar va farziylar kabi emas, balki qudratli kuch egasiday ta`sirchan ta`lim berar edi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28