Matto xushxabari 9 Bob
1 Shundan keyin Iso qayiqqa tushib, ko`lining berigi tomoniga qaytib suzib o`tdi. U O`z shahri - Kafarnahumga kirib kelgan zahoti
2 Uning oldiga to`shakda yotgan bir shol odamni ko`tarib keldilar. Iso ularning ishonchini ko`rib, sholga: dadil bo`l, bolam, gunohlaring kechirildi, - dedi.
3 Shunda ulamolardan ba`zilari o`zlaricha: “Bu kufrlik qilyaptiku!” - deyishdi.
4 Iso esa ularning mulohazalarini payqab, dedi: Nega sizlar ko`ngillaringizdan yomon fikrlarni o`tkazyapsiz?
5 “Gunohlaring kechirildi”, - deb aytish osonroqmi, yoki: “O`rningdan turib yura qol”, - deb aytishmi?
6 Lekin Inson O`g`lining yer yuzida gunohlarni kechirish qudrati borligini ham bilib qo`yinglar. Shundan so`ng Iso sholga qayrilib: O`rningdan tur, to`shagingni olib uyingga ket! - dedi.
7 Shol esa o`rnidan turdi-da, to`shagini olib o`z uyiga ravona bo`ldi.
8 Bu voqeani ko`rgan xaloyiq o`ta hayron bo`lib, insonlarga bunday qudrat bergan Xudoni olqishladi.
9 Iso u yerdan o`tayotganida, soliq yig`adigan joyda o`tirgan Matto ismli odamni ko`rib qoldi-da, unga: Mening orqamdan yur! - dedi. U esa o`rnidan qalqib, Isoning orqasidan yurdi.
10 Iso uyda yeb-ichib o`tirar ekan, ko`pgina soliqchilar va har xil gunohkor kishilar ham kelib, dasturxon atrofida Iso bilan shogirdlariga qo`shilishdi.
11 Farziylar buni ko`rib, Isoning shogirdlaridan: Nega Ustozingiz soliqchilaru gunohkorlar bilan birga eb-ichib o`tiribdi? - deb so`radilar.
12 Iso buni eshitgach, ularga dedi: Sog`lar emas, bemorlar tabibga muhtojdir.
13 Yaxshisi sizlar borib, Tovrotdagi: “Men qurbon emas, rahm-shafqat istayman”, degan oyatning ma`nosini o`rganib olinglar. Chunki Men taqvodorlarni emas, balki gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman.
14 U vaqt Yahyoning shogirdlari Isoning oldiga kelib so`radilar: Bizlar va farziylar ko`p ro`za tutamiz-u, Sening shogirdlaring-chi, nega tutmaydilar?
15 Iso ularga dedi: Kuyov davrada bo`lgan vaqtda to`y ahli aza tutarmikin? Biroq kuyov ulardan judo bo`lgan kunlar keladi, ana o`shanda ro`za tutadilar.
16 Hech kim eski kiyimga yangi matodan yamoq solmaydi. Chunki yangi yamoq eski kiyimdan so`kilib, kiyimni battar sitib yuboradi.
17 Shuningdek, yangi sharobni ham eski meshga quymaydilar. Chunki eskining tagi tushadi, sharob to`kiladi va mesh ham nobud bo`ladi. Aksincha, yangi sharobni yangi meshga quyadilar, u ham, bu ham saqlab qolinadi.
18 Iso ularga bu so`zlarni aytib turganda, qaysi bir jamoaboshi kelib, Isoga ta`zim qildi-da: Mening qizim hozir o`ldi. Biroq Sen kelib unga qo`lingni tekizsang, u yana tirilib ketadi, - dedi.
19 Iso o`rnidan turib, shogirdlari bilan u odamning orqasidan bordi.
20 Shu payt o`n ikki yildan beri qon ketishidan qiynalib yurgan bir ayol Isoga orqa tomondan yo`lab, kiyimining etagiga qo`l tegizdi.
21 U o`zicha: “Agar kiyimiga bir tegib olsam bas, sog`ayib ketaman”, - deb o`ylagan edi.
22 Iso orqasiga o`girilib, ayolni ko`rgach: Dadil bo`l, qizim, ishonching seni qutqardi, - dedi. Ayol shu zahoti dardidan xalos bo`ldi.
23 Iso boshliqning uyiga yetib, nay chaluvchlarni va qiy-chuv qilayotgan olomonni ko`rgach:
24 Bu yerdan tashqariga chiqinglar! Qizcha o`lgan emas, uxlab yotibdi, - dedi. Ular esa Uning ustidan kulishdi.
25 Olomon tashqariga chiqarilgandan so`ng Iso ichkariga kirib, qizchaning qo`lidan ushladi. Qizcha esa o`rnidan turib ketdi.
26 Bu hodisa xabari mamlakat bo`ylab ovoza bo`ldi.
27 Iso u yerdan jo`nab ketayotganida, ikki ko`r Uning orqasidan ergashgancha dod solib: Ey Dovud O`g`li Iso, bizlarga rahm qil! - deb faryod chekishardi.
28 Iso uyga qaytganida, ko`rlar Uning yoniga kelishdi. Iso ulardan so`radi: Men xohishingizni bajo qilishga kuchim borligiga ishonasizlarmi? - Ishonamiz, Hazrat! - deb javob berishdi ular.
29 Shunda Iso ularning ko`zlariga tegib: Sizning ishonchingizga yarasha bo`lsin, - dedi.
30 Shu bilan ularning ko`zlari ochilib ketdi. Buni hech kim bilmasin, tag`in! - deb Iso ularga qattiq tayinladi.
31 Ular esa u yerdan chiqiboq, butun mamlakat bo`ylab U haqda ovoza tarqatib yuradigan bo`lishdi.
32 U kishilar endi chiqib borayotganda, jin chalgan bir soqovni Isoning oldiga keltirishdi.
33 Iso jinni quvib chiqargandan keyin, soqov gapira boshladi. Xalq esa hayratda qolib: Isroilda bunday hodisa hech qachon bo`lgan emas, - dedi.
34 Bunga farziylar: U jinlar boshlig`ining kuchi bilan jinlarni quvib chiqaryapti-ku, - deb g`ingshidilar.
35 Iso hamma shahar-qishloqlarni aylanadigan bo`ldi. Mahalliy ibodatxonalarda ta`lim berib, Xudoning Shohligi to`g`risidagi Xushxabarni e`lon qilar va odamlarning har xil dardu darmonsizliklarini davolar edi.
36 Xalq olomonini ko`rib, Iso ularga achindi; chunki cho`ponsiz qo`ylarday dovdiragan va holdan toygan edilar.
37 O`sha vaqtda Iso O`z shogirdlariga dedi: “Hosil mo`l, biroq yumushchilar oz.
38 O`z hosilingni yig`ib-teradigan yumushchilar yubor, deb hosil Egasiga iltijo qilinglar”.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28