Menyu

Matto xushxabari 3 Bob


1 O`sha kunlarda Yahyo payg`ambar paydo bo`lib, Yahudiya cho`lida voizlik qila boshladi.

2 U: “ Tavba qilinglar, chunki Osmon Shohligi yaqinlashdi!” - deb xitob qilar edi.

3 Bu voqea esa Isha`yo payg`ambarga vahiy qilingan shu oyatga to`g`ri keladi: “Mana, cho`lda nido yangramoqda: Xudovand yo`lini tayyorlangiz, ravon aylangiz so`qmoqlarin! - deya”.

4 Yahyoning o`zi tuya junidan kiyim kiyib, beliga teridan kamar taqar edi. Uning yeguligi esa chigirtka bilan yovvoyi asal edi.

5 Quddusda, Yaxudiya yurti bo`ylab va O`rdun daryosi atrofida yashovchilarning hammasi Yahyo payg`ambarning oldiga chiqar edi.

6 Ular gunohlarini e`tirof etib, Yahyoning buyrug`i bilan O`rdun suviga cho`mib imon keltirar edilar.

7 Farziy va sadduqiy mazhablaridan ham talay kishi cho`mish uchun uning oldiga kelayotganlarini Yahyo ko`rib, ularga dedi: “Voy ilonlar zoti! Boshingizga keladigan Xudo g`azabidan qochib qutulishingizni sizlarga kim uqtirdi?

8 Bundan buyon tavba qilganingizga yarasha hosil beringlar!

9 “Ibrohim bizning otamiz” - deb ko`nglingizdan o`tkazmanglar. Men sizlarga aytamanki, Xudo shu toshlardan Ibrohimga avlod tiklashga qodir.

10 Hozirdanoq daraxtlar ildizida bolta yotibdi-ku. Yaxshi meva bermagan har qanday daraxt kesilib olovga tashlanadi.

11 Men sizlarni tavbaga chaqirish uchun suvga cho`mdirib yuribman. Lekin mening ketimdan Kelayotgan mendan qudratlidir. Men Uning choriqlarini ko`tarishga ham arzimayman. U sizlarni Muqaddas Ruxga va olovga cho`mdiradi.

12 Uning panshaxasi qo`lida tayyor turibdi. U O`z xirmonini shopirib tashlaydi; bug`doyini omborga to`plab, somonni so`nmas o`tda yondirib yuboradi”.

13 O`shanda Iso Yahyoning xuzurida suvga cho`mish uchun Jaliladan O`rdun daryosi bo`yiga keldi.

14 Lekin Yahyo Isoni to`xtatmoqchi bo`lib: Men Sening huzuringda imon keltirishim kerak edi. Sen bo`lsang, mening oldimga kelyapsanmi? - dedi.

15 Iso unga javob berib: Endi rozi bo`l, chunki biz shu yo`sinda ilohiy amrni to`la bajarishimiz o`rinlidir, - dedi. Shundan keyin Yahyo Isoga izn berdi.

16 Iso daryoga tushdi. U suvdan chiqqan zahoti, osmon ochilib ketdi va Xudoning Ruhi kaptarday Isoning ustiga tushib qo`ngani ko`rindi.

17 Osmondan esa: “Bu Mening sevikli O`g`limdir, Undan mamnunman”, - degan nido keldi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28