Menyu

Matto xushxabari 26 Bob


1 Iso hamma so`zlarini aytib bo`lgach, shogirdlariga dedi:

2 “Ikki kundan keyin Fisih bayrami bo`lishini bilasizlar. Ana, o`shanda Inson O`g`li xochga mixlash uchun tutib beriladi”.

3 Shundan keyin oliy ruhoniylar, ulamolar va oqsoqollar jamisi Kayafa ismli bosh oliy ruhoniyning hovlisida to`planishib.

4 Isoni hiyla bilan tutib o`ldirishni o`zaro maslahatlashib oldilar.

5 Ular: “Bu ish faqat bayram kunlarida bo`lmasligi kerak, yana xalq g`alayon qilmasin”,—dedilar.

6 Iso Baytaniyada moxov Simunning uyida ekan,

7 bir ayol Uning oldiga keldi. U ganchdan yasalgan idishda juda qimmatli atir moy keltirib, Iso dasturxon oldida o`tirgan paytda Uning boshiga quydi.

8 Shogirdlari buni ko`rgach, g`azablanib: Bu isrofgarlikning nima keragi bor?

9 Bu moyni katta bahoga sotib, pulini kambag`allarga bo`lib berish mumkin edi-ku! - deyishdi.

10 Iso aytilganlarning farqiga borib, shogirdlariga dedi: Nega ayolni xijolatda qoldiryapsizlar? U Men uchun ezgu ish qildi.

11 Kambag`allar har doim sizlar bilan birga, lekin Men doim sizlar bilan birga bo`lmayman.

12 Ayol bu moyni tanamga to`kib,Meni ko`mishga tayyorladi.

13 Sizlarga chinini aytayin: Injil Xushxabari dunyoning qaysi yerida targ`ib qilinsa, bu ayol ham eslanib, uning qilgan ishi yodga olinadi.

14 Shunda o`n ikki shogirddan biri bo`lgan Yahudo Ishqariyot degan kishi oliy ruhoniylarning oldiga borib:

15 Isoni qo`lingizga tutib bersam, menga nima berasizlar? - deb so`radi. Ular Yahudoga o`ttiz kumush tanga taklif etdilar.

16 O`sha vaqtdan boshlab Yahudo Isoga xiyonat qilish uchun qulay payt poylaydigan bo`ldi.

17 Xamirturushsiz non yopiladigan Fisih bayramining birinchi kunida shogirdlar Isoning oldiga kelib so`radilar: Senga Fisih bayrami taomini qayerda tayyorlashimizni buyurasan?

18 Shaharga kirib falon kishining oldiga boringlar, - dedi Iso, - va unga shunday deb aytinglar: “Ustozimiz: Mening vaqt-soatim yaqinlashdi, deyapti, Fisih bayramini shogirdlarim bilan birga sening uyingda nishonlamoqchiman deyapti”.

19 Shogirdlari Iso ularga buyurganiday qilib, Fisih taomini tayyorladilar.

20 Oqshom tushgach, Iso o`n ikki shogirdi bilan dasturxon atrofiga o`tirdi.

21 Ovqatlanayotganlarida, Iso: Sizlarga rostini aytsam, sizdan bir kishi Meni tutib beradi, - dedi.

22 Shogirdlar juda xafa bo`lib, birin-ketin Undan: Rabbiy, o`sha men emasmi? - deb so`ray boshladilar.

23 U esa javob qaytarib dedi: Men bilan birga kosaga non botirib yegan Meni tutib beradi.

24 To`g`ri, Inson O`g`lining taqdiri oyatda yozilganiday ketyapti. Lekin Inson O`g`lini tutib beradigan o`sha odamning holiga voy! U odamning tug`ilmagani yaxshiroq bo`lar edi.

25 Shunda Isoga xoinlik qiladigan Yahudo so`radi: Ustoz, meni ko`zda tutayotganing yo`qmi? - O`zing aytding, - dedi Iso.

26 Ular ovqatlanib o`tirganlarida, Iso nonni oldi, duo o`qib sindirdi va shogirdlariga tarqatib: Olinglar, yenglar, bu Mening tanamdir, - dedi.

27 Kosani ham olib, shukrona duosini aytdi va ularga uzatib: Bundan hammalaring ichinglar, - dedi.

28 Chunki bu - ko`plarning gunohlari kechirilishi uchun to`kiladigan, Yangi Ahdni tasdiqlaydigan Mening qonimdir.

29 Men sizlarga shuni aytaman: Otamning Shohligida sizlar bilan yangi sharob ichadigan o`sha kungacha, Men uzumning bu ko`z yoshidan boshqa ichmayman.

30 Keyin ular kuylab, Zaytun tog`i tomon ketdilar.

31 Shu orada Iso shogirdlariga dedi: Bu tunda hammangiz Mendan yuz o`girasizlar. Chunki Tavrotda shunday yozilgan: “Men cho`ponni jarohatlayman, qo`ylar o`zi tarqab ketadi”.

32 Biroq o`lib tirilganimdan keyin, Men sizlardan oldin Jalilaga boraman.

33 Butrus javob berib Unga dedi: Agar hamma Sendan yuz o`girsa ham, men hech qachon o`girmayman! - dedi.

34 Iso unga: Senga rostini aytsam, shu kechayoq, xo`roz qichqirmasdan avval, sen Mendan uch marta tonasan, - dedi.

35 Butrus Unga: Men Sen bilan birga o`lsam ham, Sendan aslo tonmayman! - dedi. Boshqa hamma shogirdlari ham shunday dedilar.

36 Shundan keyin Iso shogirdlari bilan birga Getsemaniya degan joyga keldi va ularga: Men nariroq borib ibodat qilgunimcha, sizlar shu yerda o`tirib turinglar, - dedi.

37 Butrus bilan Zabadiyning ikki o`g`lini O`ziga hamroh qilib olgan Iso ruhan siqilib, anduh cheka boshladi.

38 U yonidagilarga: Mening jonim o`lim oldidaligini sezib, juda qiynalmoqda. Shu yerda qolib, Men bilan birga sergak turinglar, - dedi.

39 Bir oz nari ketib, yerga yuz tuban uzaldi va ibodat qilib: Ey Otam! Agar mumkin bo`lsa, bu zaqqum kosa Mening yonimdan o`tib ketsin. Lekin Men istagandek emas, Sen istagandek bo`lsin, - dedi.

40 U shogirdlari yoniga qaytib kelganida, ularni uxlab yotgan holda ko`rdi va Butrusga dedi: Demak, sizlar Men bilan birga loaqal bir soatga uyg`oq tura olmadinglar.

41 Vasvasaga tushmaslik uchun hushyor bo`lib, ibodat qila turinglar. Ruh tetik, tana esa zaifdir.

42 Iso ikkinchi marta borib: Ey Otam! Agar bu qismat Meni damiga olmay o`tib ketishi mumkin bo`lmasa, mayli Sen xohlagandek bo`lsin, - deb ibodat qildi.

43 U qaytib kelib, shogirdlarini yana uxlab yotgan holda ko`rdi. Ularning qovoqlari salqigan edi.

44 Iso ularni qoldirib, yana uzoqlashdi va o`sha so`zlarni takrorlab, uchinchi marta ibodat qildi.

45 Shundan so`ng O`z shogirdlari yoniga kelib, ularga dedi: Sizlar hali ham uxlab, rohatlanib yotibsizlarmi? Mana, vaqt-soati keldi, Inson O`g`li gunohkorlar qo`liga tutib berilyapti.

46 Turinglar, ketaylik. Mana, Menga xoinlik qiluvchi ham yaqinlashib qoldi.

47 Iso gapini tugatmayoq, o`n ikki shogirdidan biri bo`lgan Yahudo kelib qoldi. Uning yonida oliy ruhoniylar va xalq olsoqollari tomonidan yuborilgan, qilich va tayoq ushlagan olomon bor edi.

48 Isoga xoinlik qiluvchi esa: “Men kimni o`psam, U O`shadir, Uni tutib olinglar”, deb ular bilan til biriktirgan edi.

49 U to`g`ri Isoning oldiga borib: Kayfing chog` bo`lsin, Ustoz! - deb Uni o`pdi.

50 Iso unga: Do`stim, nima uchun kelding ? - deyishi bilanoq, odamlar kelib, Isoga qo`llari bilan yopishgancha Uni ushlab olishdi.

51 Shunda Iso bilan birga bo`lganlardan biri qilichini qinidan sug`urib, qulochkashlab oliy ruhoniyning qaroliga dast soldi-da, qulog`ini uzib tashladi.

52 Lekin Iso unga: Qilichingni joyiga qaytarib qo`y! Qilich ko`targan bari qilichdan halok bo`lur.

53 Yoki o`ylaysanki, Men Otamga iltijo qilolmaymanmi? U Menga hoziroq o`n ikki tumandan ko`proq farishtalarni yuborishi mumkin.

54 Biroq u holda bularning sodir bo`lmog`i kerakligi aytilgan oyatlar bajo bo`larmikin?

55 Shundan so`ng Iso olomonga qayrilib dedi: Sizlar Meni hibsga olish uchun qaroqchiga qarshi chiqqandek qilichlaru tayoqlar bilan qurollanib kelibsizlar. Men bo`lsam, har kuni ma`badda ta`lim berib, sizlar bilan birga o`tirar edim, sizlar-chi Meni qo`lga olmadinglar.

56 Lekin bularning hammasi payg`ambar oyatlari bajo kelishi uchun sodir bo`ldi. O`shanda hamma shogirdlari Isoni qoldirib, qochib ketishdi.

57 Isoni qo`lga olganlar Uni bosh oliy ruhoniy Kayafaning huzuriga keltirdilar. U yerga ulamolar bilan oqsoqollar ham to`plandilar.

58 Butrus esa Isoga uzoqdan ergashib, oliy ruhoniyning hovlisigacha keldi. Ichkariga kirib, bu voqeaning oxirini ko`rish uchun xizmatkorlar bilan birga o`tirdi.

59 Oliy ruhoniylar, oqsoqollar va butun Oliy Kengash Isoga o`lim jazosini berish uchun Unga qarshi soxta dalillar izlashga tushdilar.

60 Anchagina guvohlar olg`a chiqqan bo`lsa-da, yetarlicha ayblovchi dalillar topilmadi. Nihoyat ikki soxta guvoh so`zga chiqib:

61 Bu Odam: “Men Xudoning ma`badini buzib, uch kunda qayta tiklay olaman”, - deb aytishdi.

62 Bosh oliy ruhoniy o`rnidan turib, Isoga: - Nega Sen hech javob qaytarmaysan? Ularning ayblovlariga nima deysan? - dedi.

63 Iso indamadi. Oliy ruhoniy Unga: Barhayot Xudo haqi Senga qasam ichirayinki, bizlarga ayt: Xudoning O`g`li - Masih Senmisan? - dedi.

64 Iso unga: O`zing aytding, - dedi. - Hatto sizlarga aytadurmanki, bundan keyin Inson O`g`li Qodir Tangrining o`ng tomonida o`ltirib, osmon bulutlari uzra kelayotganini ko`rasizlar.

65 Shunda oliy ruhoniy kiyimlarini yirtib: U shakkoklik qilmoqda-ku! Bizlarga boshqa guvohlarning nima keragi bor? Mana endi U Xudoga shak keltirganini o`zlaringiz eshitdingizlar.

66 Sizlar nima deysizlar? - dedi. Ular javob berib: O`limga loyiq! - deyishdi.

67 So`ng ular Isoning yuziga tupurib, Uni mushtlay boshladilar. Boshqalari esa Uni shapaloqlab:

68 Ey Masih! Qani payg`ambarligingni ko`rsatib, aytib ber-chi, Seni kimlar uryapti ekan? - derdilar.

69 Bu vaqt Butrus tashqi hovlida o`tirib edi. Bir xizmatkor ayol uning yoniga kelib: Sen ham jalilalik Iso bilan birga eding-ku! - dedi.

70 Lekin Butrus hammaning oldida inkor etib: Sen bo`lmag`ur gapni aytyapsan, - dedi.

71 So`ng darvoza tomon chiqdi. Boshqa bir xizmatkor ayol ham uni ko`rib, atrofdagilarga: Bu ham nosiralik Iso bilan birga bo`lgan! - dedi.

72 Butrus esa qasam ichgancha: Men bu Odamni tanimayman! - deb yana tondi.

73 Bir ozdan keyin u yerda turganlar kelib, Butrusga: Sen ulardan birining xuddi o`zisan, kaloming ham aytib turibdi, - deyishdi.

74 Lekin Butrus la`nat o`qib, qasam ichdi-da: Men bu Odamni tanimayman! - deb turib oldi. Shu vaqt birdan xo`roz qichqirdi.

75 Isoning unga: “Xo`roz qichqirmasdanoq, sen Mendan uch marta tonasan”, - degan so`zi Butrusning esiga tushib, tashqariga chiqdi-da, achchiq-achchiq yig`ladi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28