Menyu

Matto xushxabari 12 Bob


1 O`sha kezlar bir shanba kuni Iso ekinzordan o`tib borayotgan edi. Uning shogirdlari och bo`lganidan, boshoqlarni uzib yeya boshlashdi.

2 Farziylar buni ko`rib, Isoga: Ana, Sening shogirdlaring dam olish kunida qilish mumkin bo`lmagan ishni qilyaptilar! - deyishdi.

3 Nahotki sizlar Dovud va uning och qolgan hamrohlari nimalar qilganini o`qimagan bo`lsangiz? - dedi ularga Iso.

4 Dovud Xudoning uyiga kirib, o`zi va yonidagilarga ham taqiqlangan, faqat ruhoniylargina yeyishi mumkin bo`lgan baxshida nonlarni yegan edi.

5 Yoki ma`baddagi ruhoniylar shanba kungi dam olish amrini buzsalar-da, gunohkor bo`lmasliklarini Tavrotda o`qimagansizmi?

6 Biroq Men sizlarga aytayinki, bu yerdagi Kimsa ma`baddan ham ulug`dir.

7 Agar sizlar Tavrotdagi: “Men qurbon emas, rahm-shafqat istayman“ degan oyatga tushunganingizda, begunohlarni hukm qilmas edingizlar.

8 Chunki Inson O`g`li dam olish kunining ham hokimidir.

9 Iso u joydan nariga o`tib, yahudiy ibodatxonasiga kirdi.

10 U yerda qo`li shol bo`lib qolgan bir odam bor edi. Isoni ayblash maqsadida Uni so`roq qilishdi: Shanba kunida kasalni davolash mumkinmi?

11 Iso ularga aytdi: Sizdan qay biringiz bir qo`yi bo`la turib, agar qo`y shanba kuni chuqurga tushib ketsa, uni tortib chiqarmaydi?

12 Inson esa qo`ydan qanchalar ulug`! Shunga ko`ra, shanba kunida yaxshilik qilish mumkin.

13 Shunday qilib, Iso u odamga: Qo`lingni uzat! - dedi. U esa uzatishi bilanoq, bu qo`li boshqa qo`liday soppa-sog` bo`ldi-qoldi.

14 Farziylar esa shu zahot tashqariga chiqib, Isoni yo`q qilishga til biriktirdilar. Iso buni bilib, u yerni tark etdi.

15 Tumonat xaloyiq Isoning ketidan ergashdi, U esa hamma kasallarini sog`aytirdi.

16 O`zini oshkor etmoqni ularga qat`iy man qildi.

17 Shu bilan Isha`yo payg`ambarga kelgan quyidagi Xudo kalomi bajo bo`ldi:

18 “Mana, Mening tanlagan O`g`lonim, Mahbubim, ko`nglim Unga nisor! Men O`z Ruhimni Unga berarman, U esa elga adl e`lon etgay.

19 U talashmas, tortishmas ham, ko`cha-ko`yda sira baqirmas.

20 Sindirmagay bukik qamishni, o`chirmagay tutayotgan pilikni-da, to adlu insofni o`rniga qo`yguncha.

21 Ellar esa Uning ismiga umid bog`lar”.

22 Shundan so`ng Isoning oldiga jinga chalinib ko`r va soqov bo`lgan kishin keltirishdi. Isoning shifolashi tufayli uning tili ham chiqdi, ko`zi ham ochildi.

23 Bundan butun xaloyiq hayratlanib: “Bu Dovudning O`g`li - Masih emasmikan?” - dedi.

24 Farziylar buni eshitishgach: “U ins-jinslarning boshlig`i - iblisining kuchi bilangina jinlarni quvib chiqaryapti-ku”, - dedilar.

25 Ularning o`y-fikrlarini bilib, Iso ularga dedi: “O`z ichidan bo`linib ketgan har bir podshohlik harob bo`ladi, o`z ichidan bo`linib ketgan har bir shahar yoki uy abgor bo`ladi.

26 Agar shayton shaytonni quvib chiqarsa, unda u o`z-o`zidan bo`lingan bo`ladi. Endi uning saltanati qanday tura oladi?

27 Agar Men iblisning kuchi bilan quvib chiqarayotgan bo`lsam, u holda sizlarning o`g`illaringiz kimning kuchi bilan quvib chiqaradi? Shu bois, ularning o`zi sizlarni hukm qiladilar.

28 Magar Men Xudoning Ruhi bilan jinlarni quvib chiqarayotgan ekanman, u demak, Xudoning Shohligi sizlarga yetib kelgan.

29 Uyning egasi bo`lgan baquvvat kishini avval bog`lab qo`ymasdan turib, birov uning uyiga kirib, mol-mulkini o`g`irlab keta olarmidi? Faqat shunday qilibgina uyni talash mumkin.

30 Kim Men bilan birga bo`lmasa, Menga qarshidir. Kim Men bilan birga yig`masa, sochadi.

31 Shuning uchun sizlarga aytaman: insonlarning har qanday gunohi va kufrligi kechiriladi. Lekin Muqaddas Ruhni kufr qilganlar kechirilmaydi.

32 Kim Inson O`g`liga qarshi so`z aytsa, kechiriladi. Lekin kim Muqaddas Ruhga qarshi so`z aytsa, ikki dunyoda ham kechirilmaydi.

33 Yo daraxtni yaxshi der ekansiz, mevasini ham yaxshi deng. Yoki daraxtni yomon der ekansiz, mevasini ham yomon deng. Chunki har bir daraxt o`z mevasidan bilinur.

34 Voy ilonlar zoti-ey! Sizlar yovuz bo`la turib, qanday qilib yaxshi so`zlay olasiz? Axir, odamning dilida nima bo`lsa, tili o`shani gapiradi-ku!

35 Yaxshi odam yuragining yaxshilik xazinasdan yaxshilik chiqarur. Yomon odam yuragining yomonlik xazinasidan yomonlik chiqarur.

36 Men sizga deymanki: insonlar aytadigan har bir bekor so`zi uchun qiyomat kunida hisob beradilar.

37 Sen o`z so`zlaring asosida yo oqlanasan, yoki ayblanasan”.

38 Shunda ulamolar va farziylardan ba`zilari Isoga: “Ustoz, biz Sendan shularning biron bir dalilini ko`rmoqchimiz”, - dedilar.

39 Iso ularga javoban dedi: “Bu yovuz va subutsiz nasl dalil izlayapti, lekin Yunus payg`ambarning alomatidan boshqa unga dalil berilmaydi.

40 Yunus payg`abar uch kunu uch tun kit qornida bo`lgani kabi, Inson O`g`li ham xuddi shunday uch kunu uch tun yer bag`rida bo`ladi.

41 Nineviya odamlari qiyomat kunida bu nasl bilan birga tirilib, uni mahkum etadilar. Chunki ular Yunusning va`zi sababli tavba-tazarru qilganlar. Va mana, Yunusdan buyukrog`i shu yerdadir.

42 Janub malikasi qiyomat kunida bu nasl bilan birga ko`tarilib, uni mahkum etadi. Chunki u Sulaymonning hikmatini tinglash uchun dunyoning olis burjidan kelgan edi. Va mana, Sulaymondan buyukrog`i shu yerdadir.

43 Yovuz ruh insondan chiqib ketganidan so`ng, rohat izlab suvsiz yerlarni aylanadi va topolmagach:

44 “Men chiqqan uyimga qayib boraman”, - deydi. U uyga kelgach uni kimsasiz, supurilgan va yig`ishiirilgan holda topadi.

45 O`shanda borib, o`zidan yovuzroq yana yettita ruhni o`ziga ergashtiradi va uyga kirib yashaydilar. U odamning so`nggi ahvoli esa avvalgildan battar bo`ladi. Bu yomon nasl bilan shunday bo`ladi”.

46 Iso xalq ommasiga hali gapirib turgan vaqtda, Uning onasi bilan ukalari kelib qolishdi. Ular tashqarida kutib turib, U bilan gaplashmoqchi bo`lishdi.

47 Kimdir Isoga: Mana, onang va ukalaring tashqarida Sen bilan gaplashmoqchi bo`lib turishibdi, - dedi.

48 Iso buni aytgan kishiga javob berib: Mening onam kim? Ukalarim kim? - dedi

49 So`ng qo`li bilan shogirdlarini ko`rsatib: Mana, Mening onam va ukalarim! - dedi.

50 Kimda-kim osmondagi Otamning irodasini bajo keltirsa, u Mening ukam, singlim va onam bo`ladi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28