Matto xushxabari 16 Bob
1 Farziy va sadduqiy mazhabidagilar Isoni sinash maqsadda Uning oldiga kelib, osmondan alomat ko`rsatishini so`radilar.
2 Iso esa ularga javoban dedi: “Oqshom tushgach, siz: “Osmon qizil ekan, havo ochiq bo`ladi”, - deysizlar.
3 Ertalab esa: "Osmon qizil-qoramtir ekan, bugun havo buzuq bo`ladi", - deysizlar. Voy munofiqlar-ey! Ko`k yuzini aniqlay olasiz-u, nega zamonning alomatlarini aniqlay olmaysizlar?
4 Bu buzuq va besubut avlod dalolatni-ku izlaydi, ammo Yunus payg`ambarning alomatidan boshqa unga biror bir dalolat bo`lmaydi”. Shunday deb, Iso ularni qoldirib ketdi.
5 Narigi qirg`oqqa yetib kelgan shogirdlar o`zlari bilan non olishni unutibdilar.
6 Iso ularga: Qaranglar, farziylar bilan sadduqiylarning xamirturushidan ehtiyot bo`linglar! - dedi.
7 Ular esa:“Buni non olmaganimiz uchun aytdi, chog`i”, deb ko`ngillaridan o`tkazdilar.
8 Iso buni bilib, ularga dedi: Ey imoni sustlar! O`zingizcha nega: o`zimiz bilan non olmadik, deb andisha qilyapsizlar?
9 Hali ham anglamadinglarmi? Beshta nonni besh ming kishi yeb, necha savat non burdalarini yig`ishtirib olganingizni eslamayapsizlarmi?
10 Yoki yettita nonni to`rt ming kishi yeb, necha savat yig`ishtirib olganingizni-chi?
11 Men sizlarga: “Farziylar bilan sadduqiylarning xamirturushidan ehtiyot bo`linglar”, - deb aytganim bu non haqida emasligini qanday qilib tushunmadinglar?
12 Shundan keyin shogirdlar, Iso ularga nonning xamirturushidan emas, balki farziydar bilan sadduqiylarning ta`limotidan ehtiyot bo`lish kerakligini aytganini tushundilar.
13 Filip Kesariyasi atroflariga kelgan Iso O`z shogirdlaridan so`radi: Odamlar Meni, Inson O`g`lini, kim deb hisoblaydilar?
14 Ba`zilari Yahyo payg`ambar deb, boshqalari Ilyos payg`ambar deb, yana birlari esa Yeremiya yoki bo`lak payg`ambarlardan biri deb hisoblaydilar, - dedi shogirdlar.
15 Iso ulardan: Sizlar-chi, Meni kim deb hisoblaysizlar? - deb so`ragach,
16 Simun Butrus javob berib dedi: Sen barhayot Xudoning O`g`li - Masihsan!
17 Iso Butrusga javoban dedi: Sen baxtiyorsan, ey Yunus o`g`li Simun! Bu sirni sen o`z uquv-idroking bilan uqqaning yo`q, balki osmondagi Otam senga ochib bergan.
18 Men ham shuni aytib qo`yay: sening tosh degan isming bor va Men O`z ummatimni bu tosh ustida bunyod etaman, jahannam kuchlari esa undan ustun chiqmas.
19 Osmon Shohligining ochqichlarini senga beraman. Yer yuzida sen nimani bog`lasang, osmonda ham bog`langan bo`ladi. Yer yuzida sen nimani yechsang, osmonda ham yechilgan bo`ladi.
20 Shundan so`ng Iso O`zining Masih ekanini biror kimsaga aytmoqni shogirdlariga qat`iy man etdi.
21 Shu vaqtdan boshlab, Iso shogirdlariga O`zining Quddusga borishi, oqsoqollar, oliy ruhoniylar va ulamolar qo`lida ko`p azob chekib, o`ldirilishi, uchinchi kuni esa tirilishi kerakligini oshkor etadigan bo`ldi.
22 Butrus Uni chetga olib ta`na qila boshladi: Xudo xayringni bersin, Rabbim! Bu narsalar Sening boshingga tushmas, - dedi.
23 Iso esa Butrusga qarab: Yo`qol ko`zimdan, shayton!- dedi. Sen Meni yo`ldan uryapsan, chunki sen Xudoning ishlarini emas, balki inson ishlarini o`ylayapsan.
24 Keyin Iso O`z shogirdlariga dedi: Agar kim Menga ergashishni istasa, o`zidan kechsin va o`z xochini ko`tarib, orqamdan yursin.
25 Kim o`z jonini ayamoqchi bo`lsa,uni yo`qotadi. Lekin kim Men uchun jonini yo`qotsa, jon topadi.
26 Agar inson butun dunyoni egallasa-yu, o`z joniga zarar yetkazsa, bundan qanday naf ko`radi? Yoki inson o`z joni evaziga qanday to`lov toparkan?
27 Inson O`g`li O`z Otasining ulug`vorligida, farishtalari bilan kelishida, har kimni o`z qilmishiga yarasha taqdirlaydi.
28 Sizlarga chinini aytayin: bu yerda turganlardan ba`zilari borki, ular Inson O`g`lining saltanatli Shoh bo`lib kelayotganini ko`rmaguncha, o`lim ko`rmaydilar.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28