Matto xushxabari 8 Bob
1 Iso tog`dan tushgach, tumonat xaloyiq Uning orqasidan ergashdi.
2 Shu o`rtada bir moxov Unga yaqinlashib, sajda qildi-da: Hazrat, agar istasang, meni moxovlikdan pok qila olasan, - dedi.
3 Iso qo`lini uzatdi va unga tegizib: Istayman, pok bo`l! - dedi. Moxov shu zahoti dardidan forig` bo`ldi.
4 Iso unga: Ehtiyot bo`l, buni hech kimga aytma. Lekin borib, o`zingni ruhoniyga ko`rsat va sog`ayganingni tasdiqlatgin, Muso payg`ambar buyurgan qurbonlikni keltirib ber, - dedi.
5 Iso Kafarnahum shahriga kirib kelayotganida, bir yuzboshi Uning oldiga keldi va yolvorib:
6 Hazrat, mening xizmatkorm uyda shol bo`lib g`oyat qiynalib yotibdi, - dedi.
7 Iso unga: Men borib uni sog`aytiraman, - dedi.
8 Yuzboshi javob berib: Hazrat! – dedi. - Kulbamga oyoq bosishing uchun men munosib emasman. Sen birgina so`z aytsang bas, xizmatkorim sog`ayib ketadi.
9 Chunki men ham buyruqqa tobe odamman, shuningdek, mening buyrug`imga bo`ysunuvchi askarlarim ham bor. Biriga “ket” desam, ketadi. Boshqasiga “kel” desam, keladi. Biron xizmatkorimga “shuni qil” desam, qiladi.
10 Iso buni eshitgach hayron qoldi. Orqasidan ergashib kelayotganlarga.: Sizlarga chinini aytayin, - dedi, - Men bunchalik buyuk ishonchni Isroilning biron joyida ham topmadim.
11 Sizlarga shuni aytaman: qiyomatda sharqu g`arbdan ko`plar kelib, Osmon Shohligida Ibrohim, Ishoq va Yoqub bilan birga ziyofatga o`tirishadi.
12 Lekin Shoh ahlining o`zlari esa tashqi qorong`ilikka otiladilar. U yerda zor yig`lab, tish g`ichirlatadilar.
13 Keyin Iso yuzboshiga: Bor, sen ishonganingdek bo`lsin, - dedi. Yuzboshining xizmatkori esa o`sha zahoti sog`ayib ketdi.
14 Iso Butrusning uyiga kelganida, uning qaynonasi isitmalab yotganini ko`rdi.
15 Iso uning qo`liga tegishi bilan isitmasi tushdi. Ayol esa turib, Unga xizmat qila boshladi.
16 Kech kirishi bilan, jinga chalingan bir talay kishini Isoning oldiga keltirishdi. U so`z bilan yomon ruhlarni quvib chiqardi, dardga yo`liqqanlarning hammasini sog`aytirdi.
17 Shu tariqa Isha`yo payg`ambarga vahiy bo`lgan ushbu oyat bajo keldi: “U bizning kasalliklarimizni ko`tardi, dardlarimizni esa O`zi chekdi”.
18 Iso atrofida ko`p xaloyiqni ko`rgach, shogirdlariga narigi tomonga suzib o`tishni buyurdi.
19 Shu vaqtda bir ulamo Unga yaqinlashib: Ustoz, qayerga borma, men Sening orqangdan yuraman, - dedi.
20 Iso unga: Tulkilarning inlari bor, osmon qushlarining uyalari bor. Lekin Inson O`g`lining bosh suqadigan joyi yo`q, - dedi.
21 Shogirdlardan boshqa biri Isoga: Hazrat, oldin borib otamni ko`mib kelishimga ijozat ber, - dedi.
22 Lekin Iso unga: sen Mening orqamdan yur. O`liklarni qo`y, ularni o`zicha o`lik bo`lganlar ko`msin, - dedi.
23 Iso qayiqqa tushganida, Uning ketidan shogirdlari ham tushishdi.
24 Qo`qqisdan ko`lda kuchli to`fon ko`tarildi, qayiq to`lqinlar og`ushida qoldi. Iso esa uyquda edi.
25 Shogirdlari Uning yoniga bordi-da, Uni uyg`otishib: Yo Rabbiy, bizlarni qutqar, halok bo`lyapmiz! - deyishdi.
26 Iso ularga: Hoy imoni sustlar, buncha qo`rqoq bo`lmasangiz?! - dedi. So`ng turib, shamolga va ko`lga do`q urdi. Shu zahoti chuqur sukunat cho`kdi.
27 Odamlar esa bir-biriga: bu qanaqa kishiki, shamol ham, ko`l ham Unga bo`ysunsa? - deb hayratlanishdi.
28 Iso narigi qirg`oqqa, Gergesa yurtiga yetib kelganida, qabriston lahadlaridan chiqib kelgan, jinga chalingan ikki kishi Unga ro`baro` bo`ldi. Ular juda vahshiy bo`lganliklari uchun, hech kim bu yo`ldan o`tolmas edi.
29 Ular shunday baqira boshlashdi: Ey Xudoning O`g`li Iso, bizda nima ishing bor? Bu yerga bizlarni vaqtidan oldin qiynagani keldingmi?
30 Ulardan uzoqroqda katta to`ng`iz podasi o`tlab yurgan edi.
31 Jinlar Isoga yolvorib: agar bizlarni quvib chiqaradigan bo`lsang, unda to`ng`iz podasiga yuborgin, - deyishdi.
32 Iso ularga: boringlar! - deyishi bilanoq, ular odamlardan chiqib ketib, to`ng`iz podasiga kirib oldilar. Shu onda butun to`ng`iz podasi tik qiyalikdan ko`l tomon yopirilib, suvda nobud bo`ldi.
33 To`ng`iz boquvchilar esa qochib shaharga borishdi va yuz bergan hamma hodisani, shuningdek, jinga chalinganlar bilan bo`lib-o`tgan voqeani gapirib berishdi.
34 Shunda butun shahar aholisi Isoning qarshisiga chiqdi. Uni ko`rgach, yurtlari hududidan chiqib ketishin iltimos qilishdi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28