Menyu

Matto xushxabari 5 Bob


1 Iso talay xaloyiqni ko`rib,toqqa chiqib o`tirdi. Shogirdlari Uning oldiga kelishdi.

2 Iso ularga ta`lim berish uchun og`zini ochib, dedi:

3 “Ruhan kambag`al bo`lganlar baxtlidir, chunki Osmon Shohligi ularnikidir.

4 Yig`layotganlar baxtlidir, chunki ular tasalli topur.

5 Beozor bo`lganlar baxtlidir, chunki ular yer yuziga ega bo`lur.

6 Adolatga ochu chanqoqlar baxtlidir, chunki ular to`q bo`lur.

7 Rahmdil bo`lganlar baxtlidir, chunki ular rahm-shafqat topur.

8 Pokdil bo`lganlar baxtlidir, chunki ular Xudoni ko`rur.

9 Tinchlik o`rnatuvchilar baxtlidir, chunki ular Xudo o`g`illari deyilur.

10 Adolat yo`lida jabr ko`rganlar baxtlidir, chunki Osmon Shohligi ularnikidir.

11 Men tufayli odamlar sizni haqoratlab quvg`in etsa, siz haqda yolg`on gapirib fisqu g`iybat qilsa, baxtlisiz!

12 Sevininglar va xursand bo`linglar, chunki sizga osmon mukofoti buyuk. Sizdan avval o`tgan payg`ambarlar ham shunday quvg`in bo`lgan”.

13 Siz - yerning tuzisizlar. Agarda tuz kuchini yo`qotsa, uni yana qanday sho`r qilish mumkin? U endi chiqitga tashlab yuboriladi, oyoq ostida poymol bo`lishdan boshqaga yaramaydi.

14 Siz - dunyoning nurisizlar. Tog`ning tepasida qurilgan shahar yashirin qololmaydi.

15 Shuningdek, shamni yoqib, keyin idish bilan yopib qo`yishmaydi. Uydagilarning hammasiga yorug`lik bersin, deb uni shamdonga qo`yishadi.

16 Ayni ravishda sizning nuringiz ham insonlar oldida shunday porlasinki, ular yaxshi ishlaringizni ko`rib, osmondagi Otangizni ulug`lasinlar”.

17 “Meni Tavrot yoki payg`ambar oyatlarini bekor qilgani keldi, deb o`ylamanglar. Men bekor qilgani emas, balki bajo keltirgani keldim.

18 Sizga chinini aytayin: yeru osmon tugamaguncha va taqdir etilgan hamma narsa amalga oshmaguncha, Tavrotdan na bir harf, na bir nuqta o`chadi.

19 Shunday qilib, kim bu amrlarning eng kichigini ham insonlarga buzib o`rgatsa, Osmon Shohligida eng kichik bo`ladi. Lekin kim bu amrlarni bajarib boshqalarga o`rgatsa, Osmon Shohligida buyuk bo`ladi.

20 Sizlarga aytib qo`yay: agar sizning solihligingiz ulamolar va farziylarning solihligidan ustun kelmasa, Osmon Shohligiga kirolmaysizlar”.

21 “Qadimgilarga: “Odam o`ldirma; kim odam o`ldirsa, javobgarlikka tortiladi”, - deb aytilganini eshitgansizlar.

22 Lekin Men sizga aytaman: kimki birodariga behuda g`azablansa, javobgarlikka tortiladi. Kimki birodariga ahmoq desa, oliy mahkamada javob beradi. Kimki birodariga telba desa, jahannam olovida javob beradi.

23 Shunday qilib, sen xayr-ehsoningni qurbongohga olib kelganingda, agar u yerda birodaring sendan xafa ekani yodingga tushsa,

24 xayr-ehsoningni u yerda, qurbongoh oldida qoldir va borib, avval birodaring bilan yarashgil. Shundan keyin kelib, xayr-ehsoningni bajo keltir.

25 Sen raqibing bilan qozixonaga borarkansan, yo`l-yo`lakay u bilan kelishishga shoshil, toki raqibing seni qoziga, qozi esa mirshabga topshirib, seni zindonga tashlamasin.

26 Senga chinini aytayin: oxirgi tiyiningni bermaguningcha, u yerdan chiqolmaysan!”

27 “Qadimgilarga: “Zino qilma”, - deb aytilganini eshitgansizlar.

28 Lekin Men sizga aytaman: kim bir ayolga shahvat bilan qarasa ham, allaqachon ko`nglida u bilan zino qilgan bo`ladi.

29 Agar sening o`ng ko`zing gunoh qilishingga sabab bo`lsa, uni sug`urib tashla. Chunki butun badaning jahannamga tashlanishidan ko`ra, a`zoyingdan birining nobud bo`lgani sen uchun yaxshiroqdir.

30 Agar sening o`ng qo`ling gunoh qilishingga sabab bo`lsa, uni chopib tashla. Chunki butun badaning jahannamga yo`liqishidan ko`ra, a`zoyingdan birining nobud bo`lgani sen uchun yaxshiroqdir.

31 Yana deyilganki: “Kim xotini bilan ajralmoqchi bo`lsa, unga taloq xatini yozib bersin”.

32 Lekin Men sizga aytaman: kim bevafolik aybidan boshqa sabab bilan xotinidan ajralsa, unga zino qilishga sabab topib beradi. Shuningdek, kim ajralgan xotinga uylansa, zino qilgan bo`ladi”.

33 “Yana qadimgilarga: “Qasamdan qaytma. Ichgan qasamlaringni Xudovand oldida bajo keltir”, - deb aytilganini eshitgansizlar.

34 Lekin Men sizga aytaman: hech qanday qasam ichmanglar - na osmon haqi, chunki u Xudoning taxtidir;

35 na yer haqi, chunki u Xudoning poyandozidir; na Quddus haqi, chunki u Buyuk Podshohning shahridir.

36 Boshing haqi ham qasam ichma, chunki sen bironta sochingni oq yoki qora qilolmaysan.

37 Sizlarning so`zingiz faqat “ha” yoki “yo`q” bo`lsin. Bundan ortig`i esa shaytonlikdir”.

38 “Sizlar: “Ko`z evaziga ko`z, tish evaziga tish”, - deb aytilganini eshitgansizlar.

39 Lekin Men sizga aytaman: yomonga qarshi chiqma. Kim sening o`ng chakkangga ursa, unga ikkinchisini ham o`gir.

40 Kim sen bilan da`volashib, ko`ylagingni olmoqchi bo`lsa, unga to`ningni ham berib yubor.

41 Kim seni bir chaqirim yo`l yurishga majbur qilsa, u bilan ikki chaqirim yur.

42 Sendan so`raganga ber, sendan qarz olmoqchi bo`lgandan yuz o`girma”.

43 “Yana: “Qardoshingni sevgin, dushmaningdan nafratlan”, - deb aytilganini eshitgansizlar.

44 Lekin Men sizga aytaman: dushmanlaringizni sevinglar. Sizni la`natlaganlarni duo qilinglar. Sizdan nafratlanganlarga yaxshilik qiling. Sizning nomingizga isnod keltirganlar uchun, sizga jabr-zulm o`tkazganlar uchun ibodat qilinglar.

45 Shunda siz osmondagi Otangizning o`g`illari bo`lasizlar. Chunki U O`z quyoshini yovuzlar ustida ham, yaxshilar ustida ham balqitadi, yomg`irini solihlar ustiga ham, fosiqlar ustiga ham yog`diradi.

46 Agar sizni sevadiganlarnigina sevsangiz, bundan sizga rahmat bo`lurmi? Soliqchilar ham xuddi shunday qilishmaydimi?

47 Agar siz faqat birodarlaringiz bilangina salomlashsangiz, qanday fazilatli ish qilgan bo`lasizlar? Butparastlar ham xuddi shunday qilishmaydimi?

48 Shunday qilib, osmondagi Otangiz barkamol bo`lgani kabi, siz ham barkamol bo`linglar”.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28