Menyu

Matto xushxabari 18 Bob


1 Shu kez shogirdlar Isoning oldiga kelib: Osmon Shohligida kim buyuk? - degan savolni berdilar.

2 Iso yoniga bir bolani chaqirib, uni o`rtalarida turg`izib:

3 Sizlarga chinini aytayin, - dedi. - Agar siz yo`lingizdan qaytib, bolalarday bo`lmasangiz, Osmon Shohligiga sira kirolmaysizlar.

4 Shunday qilib, kim bu bola kabi o`zini past olib yursa, Osmon Shohligida eng buyuk bo`ladi.

5 Kim shunday bir bolani Mening nomimdan qabul qilsa, Meni qabul qilgan bo`ladi.

6 “Kimki Menga ioshongan bu kichiklardan birontasini yo`ldan ozdirsa, uning bo`yniga ulkan tegirmon toshini osib dengiz chuqurligiga cho`ktirilishi u uchun yaxshiroq bo`lar edi.

7 Vasvasalar dastidan bu dunyoning holiga voy! Vasvasalar kelishi shaksizdir, lekin kim orqali kelsa, o`sha odamning holiga voy!

8 Agar qo`ling yoki oyog`ing seni yo`ldan ozdirsa, uni kesib tashla. Senga ikki qo`lu ikki oyog`ing bilan abadiy o`tga tashlanishdan ko`ra, mayib yoki cho`loq bo`lib abadiy hayotga erishganing yaxshiroqdir.

9 Agar ko`zing seni yo`ldan ozdirsa, uni o`yib tashla. Senga ikki ko`zing bilan o`tli jahannamga tashlanishdan ko`ra, bir ko`z bilan abadiy hayotga erishganing yaxshiroqdir”.

10 “Ehtiyot bo`linglar, bu kichiklardan birontasini ham xor qilmanglar. Men sizga shuni aytaman: osmonda ularning farishtalari doimo samoviy Otamning jamolini ko`rib turadilar.

11 Inson O`g`li esa adashib gumroh bo`lganlarni qutqarish uchun kelgan.

12 Sizlarning fikringiz qanday? Agar bir odamning yuzta qo`yi bo`lib, ulardan biri adashib qolsa, to`qson to`qqizini tog`larda qoldirib, adashib qolganni izlab ketmaydimi?

13 Agarda uni topib olsa bormi, sizga rostini aytsam, adashmagan to`qson to`qqiztasidan ko`ra, shu bir qo`y uchun u ko`proq sevinadi.

14 Shunga o`xshab, osmondagi Otangiz bu kichiklardan birining ham halok bo`lishini istamaydi”.

15 “Agar birodaring senga qarshi gunoh qilsa, uning oldiga borib, faqat yuzma-yuz gapirib, aybini unga ko`rsat. Agar senga quloq solsa, sen birodaringni qaytarib olgan bo`lasan.

16 Agar senga quloq solmasa,o`zing bilan yana bir yoki ikki kishini olib bor, toki Tavrotda yozilganidek “aytiluvchi har bir so`z ikki yoki uch shohidning guvohligi bilan tasdiqlansin”.

17 Agar ularga ham quloq solmasa, imonlilar jamoatiga ayt. Agar imonlilar jamoatiga ham quloq solmasa, uni kofir yoki tamagir qatorida sana.

18 Sizlarga chinini aytayin: yer yuzida sizlar nimaiki bog`lasangizlar, osmonda ham bog`langan bo`ladi. Yer yuzida nimaiki yechsangizlar, osmonda ham yechilgan bo`ladi.

19 Sizlarga yana shuni ham aytay: agar er yuzida sizdan ikki kishi yakdil bo`lib, qandaydir bir narsani so`rashsa. Mening osmondagi Otam ularning tilagini bajaradi.

20 Qayerda ikki yoki uch kishi Mening nomim uchun yig`ilsa, Men shu yerda ularning o`rtasida bo`laman”.

21 Shu vaqtda Butrus kelib Isoga: “Rabbim, - dedi, - agar birodarim menga qarshi gunoh qilsa, men necha marta uni kechirayin? Yetti marta kechirsam yetarmi?

22 Iso unga dedi: “Senga yetti marta emas, balki yetmish karra yetti marta, deyapman.

23 Binobarin, Osmon Shohligi bandalari bilan hisob-kitob qilishni istagan bir podshohga o`xshaydi.

24 Hisoblashishni boshlaganda, undan o`n ming oltin yombi qarzdor bo`lgan bir bandani uning qoshiga keltiribdilar.

25 Lekin qarz to`lashga hech narsasi bo`lmagani uchun, podshoh unga o`zini, xotinini, bolalarini va butun mol-mulkin sotib, qarzini to`lashni buyuribdi.

26 Banda esa yerga yiqilib, podshohiga ta`zim qilib: Podshohim, sabr qiling, men sizga hammasini to`layman, - debdi.

27 Bu bandasiga rahmi kelib, podshoh uni qo`yib yuboribdi va qarzini kechirib yuboribdi.

28 U banda esa tashqariga chiqib, o`zidan yuz kumush tanga qarzdor bo`lgan bir sherigini uchratib, uni ushlab olibdi-da: Mendan olgan qarzingni qaytar! - deb bo`g`a bashlabdi.

29 Sherigi esa uning oyoqlariga yiqilib: Sabr qil, men senga hammasini to`layman, - deb yolvoribdi.

30 Biroq u bunga ko`nmabdi, borib, qarzini to`lamagunicha sherigini zindonga qamatib qo`yibdi.

31 Uning sheriklari bu voqeani ko`rib, juda xafa bo`lishibdi va borib, podshohga hamma bo`lib-o`tganni xabar qilishibdi.

32 Shunda podshoh bandasini oldiga chaqirib: Ey yovuz banda! - debdi. Menga yolvorganing uchun, men sening barcha qarzingdan kechdim.

33 Men senga rahm qilganimday, sen ham sherigingga rahm qilsang bo`lmasmidi?

34 G`azablangan podshoh hamma qarzini to`lamagunicha bandasini azob beruvchilarning qo`liga topshiribdi.

35 Shuningdek, agar sizlarning har biringiz o`z birodaringizning gunohini chin ko`ngildan kechirmasangiz, Mening samoviy Otam ham sizlarga xuddi shu yo`lni tutadi”.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28