1 Dard–alamga botganda, arzini Egamiz oldiga to‘kkan g‘aribning ibodati.
2 Eshitgin ibodatimni, ey Egam, Yetib borsin Senga ohu nolam.
3 Kulfatda qolganimda mendan yuz o‘girma, Menga quloq tutgin. Chaqirganimda menga tez javob bergin.
4 Umrim tutunday o‘tib ketdi, Suyaklarim tandirda ko‘mirga aylanganday bo‘ldi.
5 Yuragim qurigan o‘tday tamom bo‘ldi, Biror narsa yeyishga istak yo‘qoldi.
6 Faryod qilib oh–nola chekaman, Shu bois etim suyagimga yopishgan.
7 Dashtdagi qushga o‘xshayman, Vayronadagi boyo‘g‘li kabidirman.
8 Bedor bo‘lib yotaman, Tomda yolg‘iz qolgan qushga o‘xshayman.
9 G‘animlarim doimo meni haqorat qiladi, Meni masxaralovchilar ismimni La’nat o‘qish uchun ishlatadi.
10 Kulni non kabi yemoqdaman, Ichimligimga ko‘z yoshlarimni qo‘shmoqdaman.
11 Sening qahru g‘azabing tufayli shunday qilyapman, Axir, meni ko‘tarib, bir yonga uloqtirding.
12 Oqshomgi ko‘lankaga o‘xshaydi umrim, Qurigan maysaday bo‘lib qoldim.
13 Sen esa, ey Egam, to abad o‘tirasan taxtingda, Nasllar osha Sening noming davom etar!
14 Qo‘zg‘alib, shafqat ko‘rsatasan Quddusga, Unga marhamat ko‘rsatish vaqti keldi, Belgilangan vaqti–soati yetib keldi.
15 Uning toshlari ham sening qullaring uchun qimmatbahodir, Hatto uning tuprog‘iga mehribonlik qilamiz.
16 Xalqlar Egamizdan qo‘rqadi, Uning shuhratidan yer yuzi shohlari titraydi.
17 Zero, Egamiz Quddusni barpo qiladi, O‘zining shuhrati ila zohir bo‘ladi.
18 Yo‘qsillarning ibodatiga U e’tibor beradi, Ularning iltijolarini rad etmaydi.
19 Hali tug‘ilmagan xalq ham Egamizga hamdu sano aytsin, Kelajak nasl uchun bu yozib qo‘yilsin:
20 Asirlarning nolasiga quloq solay, deb Egamiz yuksakdagi muqaddas makonidan qaradi.
21 O‘limga mahkum bo‘lganlarni qutqaray, deb U osmondan zaminga nazar tashladi.
22 Shu bois Egamizning dong‘i Quddusda e’lon qilinsin, Unga Sionda hamdu sano aytilsin.
23 Egamizga birga sajda qilgani Xalqlaru shohliklar yig‘iladi.
24 Hali yosh paytimda Egam meni zaif qildi, Kunlarimni Uning O‘zi qisqartirdi.
25 Unga faryod qildim: “Ey Xudoyim, Yosh umrimni xazon qilmagin, Barcha nasllar osha Sen doimo borsan.
26 Azalda zaminning poydevorini Sen qo‘ygansan, Samolarni O‘z qo‘llaring ila yaratgansan.
27 Ular yo‘q bo‘lib ketar, Sen turaverasan, Ularning hammasi kiyim kabi eskirib ketadi, To‘zib ketgan kiyimday ularni almashtirasan, Hammasini tashlab yuborasan.
28 Sen esa hech o‘zgarmassan, Sen to abad yashaysan.
29 Qullaringning farzandlari xavfsiz yashar, Ularning nasli Sening huzuringda barqaror bo‘lar.”
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 88 89 90 91 92 93 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 107 108 109 110 111 112 113 114 115 116 117 118 119 120 121 122 123 124 125 126 127 128 129 130 131 132 133 134 135 136 137 138 139 140 141 142 143 144 145 146 147 148 149 150