Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 96 Bob

tez o'tish:

1 Egamiz shohdir, zamin quvonsin, Dengiz ortidagi hamma yurtlar shod bo‘lsin.

2 Bulutlar, zim–ziyo zulmat Uning atrofini o‘ragan, Adolatu haqiqat Uning taxtiga poydevor bo‘lgan.

3 Egamiz olovini O‘zidan oldin yuboradi, Olovi har tarafdagi dushmanlarni yutadi.

4 Chaqmoqlari olamni yoritadi, Zamin buni ko‘rib titraydi.

5 Butun olamning Rabbiysi oldida, Egamiz oldida tog‘lar mumday eriydi.

6 Samolar e’lon qiladi Uning adolatini, Jamiki xalqlar ko‘radi Uning ulug‘vorligini.

7 Butlarga sajda qiluvchilar, Behuda sanamlari ila maqtanuvchilar Sharmanda bo‘ladi. Barcha xudolar Egamizga ta’zim qiladi.

8 Ey Egam! Sening adolatingdan Yahudo shaharlari shod bo‘ladi, Quddus eshitib, quvonadi.

9 Ey Egam, yer yuzidagi buyuk hukmdor Sensan, Hamma xudolardan Sen yuksalgansan.

10 Ey Egamizni sevganlar! Yomonlikdan nafratlaning. U taqvodorlarining jonlarini O‘zi asraydi, Fosiqlarning qo‘lidan ularni xalos etadi.

11 Solihlarga nur sochilgay, Yuragi poklar uzra shodlik yoyilgay.

12 Ey solihlar, Egamiz tufayli shodlaning, Uning muqaddas nomini olqishlang!