Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 27 Bob

tez o'tish:

1 Dovud sanosi. Senga iltijo qilaman, ey Egam, Meni eshitmay qolmagin, ey suyangan Qoyam. Agar menga gapirmay sukut saqlasang, Qabrga tushgan odam kabi bo‘lib qolaman.

2 Eshitgin, Senga iltijo qilaman. Muqaddas maskaningga qo‘llarimni cho‘zib, Faryod qilib, Sendan madad so‘rayman.

3 Meni fosiqlarning qatoriga qo‘shmagin, Ularning qilmishlari yomonlikdir, Qo‘shnilariga tilyog‘lamalik qiladi, Yuraklarida esa yovuz niyatdir.

4 Qilmishiga yarasha ularni jazolagin, Iflosliklariga yarasha jazo bergin. Qabih ishlariga yarasha jazolagin, Xizmatiga yarasha ularga qaytargin.

5 Ey Egam, ular ishlaringni qadrlamas, Sening ijodingga e’tibor qilmas, Sen ularni yiqitasan, Ular qaytib tiklanolmas.

6 Olqishlar bo‘lsin Egamizga, Iltijolarimni U eshitdi.

7 Egam — mening qudratim, qalqonimdir, Yurakdan Unga umid bog‘laganman. Egam menga madad berdi, baxtiyorman. Qo‘shig‘im ila Unga shukrona aytaman.

8 Egamiz O‘z xalqining qudratidir, O‘zi tanlagan shohning najot qo‘rg‘onidir.

9 Xalqingga najot ber, ey Egam, O‘z elatingga baraka bergin. Ularning cho‘poni bo‘lgin, To abad ularga g‘amxo‘rlik qilgin.