1 Osifning sanosi. Haqiqatdan ham, Isroil xalqiga, Yuragi pok bo‘lganlarga Xudo himmat qilar.
2 Oyoqlarim toyib ketay, dedi, Sal bo‘lmasa sirpanib yiqilay, dedim.
3 Fosiqning yashnayotganini ko‘rganimda, Takabburlarga hasad qildim.
4 Ular og‘riq nimaligini bilmaydi, Tanalari soppa–sog‘, baquvvat.
5 Boshqalarday ular dard tortmaydi, Boshqalarday ular azob chekmaydi.
6 Kiborlik ularning bo‘ynidagi marjon bo‘ladi, Zo‘ravonlikni ular libos qilib kiyib olgan.
7 Ularning ko‘zlarini yog‘ bosib qolgan, Xayollarida ahmoqona niyatlar to‘lib–toshgan.
8 Takabburlar masxaralab, xusumat bilan gapiradi, Mag‘rurlanib, zulm bilan tahdid qiladi.
9 Fosiqlar og‘izlari bilan osmonga da’vo qiladi, Tillari bilan yer yuzini mulk qilib oladi.
10 Shu bois har kim ularga yuz buradi, Ularning so‘zlarini suv kabi ichadi.
11 Yana ular shunday deydilar: “Xudo qanday qilib bila oladi?! Xudoyi Taolo nimani ham bilardi?!”
12 Fosiqlar ana shunaqa! Doimo betashvish boylik orttiradi.
13 Ha, men bekorga yuragimni pok tutgan ekanman–da! Aybsizman, deya bekorga qo‘llarimni yuvibman–da!
14 Axir, kun bo‘yi azob tortaman, Har kun ertalab jazo olaman.
15 Men ham fosiq gaplarni gapiraverganimda, Sening sodiq farzandlaringga xoinlik qilgan bo‘lar edim.
16 Ammo bularni tushunay, desam, Bu ish juda ham mashaqqatli tuyuldi.
17 Xudoning Muqaddas maskaniga kirdim, Shundagina fosiqlar qismati ne bo‘lishini tushundim.
18 Ey Xudo, chindan ham ularni sirpanchiq yerga qo‘ygansan, Ularni jarlikka uloqtirib, barbod qilasan.
19 Ular birdan qirilib ketadi, Vahimadan qirilib, yo‘q bo‘ladi.
20 Ularning hayoti faqat tushdir, Uyg‘onganlarida unut bo‘ladi. Sen ham qo‘zg‘alganingda, ey Rabbiy, Ularning hayotiga chek qo‘yasan.
21 G‘amga to‘lgan paytlarimda, Yuragimda dard paydo bo‘lganda,
22 Men nodon, johil bo‘lgan ekanman, Qarshingda ongsiz hayvon kabi bo‘lgan ekanman.
23 Shunday bo‘lsa ham, doimo Sen bilanman, Sen o‘ng qo‘limdan ushlagansan.
24 O‘gitlaring bilan menga yo‘l ko‘rsatasan, Oxiri meni shon–shuhrat ila kutib olasan.
25 Sendan boshqa kimim bor samoda?! Sendan o‘zgasini istamasman yer yuzida.
26 Tugab borishi mumkin tanamu qalbim, Ammo Sen, ey Xudo, qalbimning quvvatisan, Sen to abad barqarorligimsan.
27 Sendan uzoq bo‘lganlar halok bo‘ladi, Qirib tashlaysan Senga sodiq bo‘lmaganlarni.
28 Ey Xudo, Senga yaqin bo‘lganim esa menga yaxshidir. Ey Egam Rabbiy, Seni panohim qilib oldim, Sening hamma ishlaringni aytib yuraman.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 88 89 90 91 92 93 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 107 108 109 110 111 112 113 114 115 116 117 118 119 120 121 122 123 124 125 126 127 128 129 130 131 132 133 134 135 136 137 138 139 140 141 142 143 144 145 146 147 148 149 150