1 Sevinch ila Egamizga qo‘shiq kuylang, ey solihlar! Unga hamdu sano aytmoq to‘g‘ri odamlarga munosibdir!
2 Lira chalib, Egamizga hamdlar ayting, O‘n torli arfa chalib, Unga qo‘shiq kuylang.
3 Egamizga yangi bir qo‘shiq ayting, Mahorat ila tor chalib, shodlikdan hayqiring.
4 Egamizning kalomi haqiqatdir, Uning barcha ishlari ishonchlidir.
5 Egamiz adolatu haqiqatni sevadi, Zamin Uning sodiq sevgisiga to‘la.
6 Samolar bunyod bo‘lgan Egamizning kalomidan, Samodagi jismlar yaralgan Uning nafasidan.
7 U dengiz suvlarini yig‘ib qo‘ygan, Tubsiz suvlarni go‘yo omborga joylab qo‘ygan.
8 Butun yer yuzi Egamizdan qo‘rqsin, Butun olam ahli Undan hayiqsin.
9 U gapirdi, aytgani mavjud bo‘ldi, Amr qildi, zamin yaratildi.
10 Egamiz xalqlarning rejalarini parokanda qiladi, U xalqlarning niyatlarini puchga chiqaradi.
11 Egamizning rejalari to abad sobit turadi, Uning niyatlari nasldan–naslga o‘tib boradi.
12 Egamizni o‘z Xudosi, deb bilgan xalq baxtlidir! O‘z mulkim, deb Egamiz tanlagan xalq baxtlidir!
13 Egamiz samodan boqar, Inson zotini U ko‘rib turar.
14 U taxt qurgan joyidan turib, Hamma yer yuzida yashovchilarni kuzatar.
15 U hammaning yuragini yaratgan, Hammaning ishlarini anglagan.
16 Lashkari ko‘pligidan shoh qutulmaydi, Kuchi ko‘pligidan jangchi g‘olib bo‘lavermaydi.
17 “Jang otlari najot berar” deyish puch xayoldir, Ular qudratli kuchi bilan qutqara olmaydi.
18 Egamiz ko‘rib turar O‘zidan qo‘rqqanlarni, Uning sodiq sevgisiga umid qilganlarni.
19 Egamiz ularni o‘limdan qutqaradi, Ochlikdan saqlab, tirik qoldiradi.
20 Jonimiz Egamizga muntazirdir, U bizning madadkorimiz, qalqonimizdir.
21 Biz muqaddas Xudoga umid bog‘laymiz, U tufayli yuragimiz shodlikka to‘la.
22 Ey Egam! Senga hamon umid bog‘laymiz, Sodiq sevging bizga yor bo‘lsin.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 88 89 90 91 92 93 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 107 108 109 110 111 112 113 114 115 116 117 118 119 120 121 122 123 124 125 126 127 128 129 130 131 132 133 134 135 136 137 138 139 140 141 142 143 144 145 146 147 148 149 150