Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 149 Bob

tez o'tish:

1 Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamizga yangi bir qo‘shiq ayting, Taqvodorlar jamoasiga hamdu sano ayting.

2 Isroil o‘z Yaratuvchisi tufayli quvonsin, Quddus xalqi o‘z Shohidan shod bo‘lsin.

3 Egamizga ular raqs ila hamdu sano aytsin, Doira, lira Unga atab kuy chalsin.

4 Egamiz o‘z xalqidan xushnuddir, Mazlumlarga najotni toj qilib kiydiradi.

5 Erishgan sharafi tufayli taqvodorlar shod bo‘lsin, To‘shaklarida yotganlarida shodlanib qo‘shiq aytsin.

6 Og‘izlarida Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin, Qo‘llarida dudama qilichlar bo‘lsin,

7 Toki yot xalqlardan qasos olsin, Elatlarga jazosini bersin,

8 Ularning shohlarini zanjirband qilsin, Aslzodalariga temir kishanlar solsin.

9 Ular ustidan Xudoning hukmini ijro etsin, Taqvodorlari uchun sharaf shudir. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin!