Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 94 Bob

tez o'tish:

1 Kelinglar, sevinch ila Egamizni kuylaylik, Najotimiz qoyasiga shodlik ila hayqiraylik.

2 Shukrona aytib, Uning huzuriga boraylik, Qo‘shiqlar aytib Unga shodlik ila hayqiraylik.

3 Zotan, Egamiz ulug‘ Xudodir, Jamiki xudolar ustidan ulug‘ Shohdir.

4 Zaminning eng chuqur joylari Uning qo‘lidadir, Tog‘larning cho‘qqilari ham Unikidir.

5 Unikidir O‘zi yaratgan dengiz ham, Qo‘li barpo qilgan quruq yer ham.

6 Kelinglar, ta’zim qilib, sajda etaylik, Yaratgan Egamiz oldida tiz cho‘kaylik.

7 U Xudoyimizdir, biz Uning yaylovidagi xalqmiz, Biz Uning qo‘l ostidagi qo‘ylarmiz. Egamiz shunday deydi: “Qaniydi bugun Mening ovozimga quloq solsangiz!

8 Otalaringiz kabi tosh yurak bo‘lmanglar Marivadagiday, Sahrodagi Massaxda o‘sha kuni ular qilganlariday.

9 Otalaringiz qilgan ishlarimni ko‘rsa ham, U yerda Meni sinab ko‘rdilar.

10 Qirq yil u nasldan nafratlanib, Shunday dedim: ‘Bu xalq Mendan yuz o‘giradi, Amrlarimga bo‘ysunishdan bosh tortadi.’

11 Shu bois g‘azablanib, ont ichdim: ‘Ular farog‘at diyorimga kirmaydi’, dedim.”