Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 8 Bob

tez o'tish:

1 Ijrochilar rahbariga. Soz jo‘rligida. Dovud sanosi.

2 Ey Egam, bizning Rabbimiz! Butun yer yuzida Sening noming ulug‘vordir! Osmondan ham yuksakdir Sening shuhrating!

3 Dushmanlaringning, qasoskorlarning Ovozini o‘chiray, deya Sen bolalar va chaqaloqlarni O‘z qudratingni so‘ylashga o‘rgatding.

4 Qo‘llaring ijodi bo‘lgan osmoningga qaradim, O‘zing joylashtirgan yulduzlaru oyga boqdim.

5 Inson zoti nedirki, u haqda o‘ylagaysan?! Bandalar nedirki, Sen ularni ardoqlaysan?!

6 Sen ularni O‘zingdan andak past qilding, Izzatu sharaf tojini ularga kiygizding.

7 Jamiki yaratganing uzra ularni hukmron qilding, Bor narsani ularning oyog‘i ostiga qo‘yding:

8 Jamiki molu qo‘ylarni ham, Barcha yovvoyi hayvonlarni ham,

9 Samodagi qushlaru dengiz baliqlarini — Dengizda suzuvchi har xil maxluqlarni. Ha, ularning ustidan insonni hukmron qilding.

10 Ey Egam, bizning Rabbimiz! Butun yer yuzida Sening noming ulug‘vordir!